Yetmish toʻrt yillik ashyolar qayta jonlandi

16:29 02 May 2019 Jamiyat
259 0

Namangan viloyatida “Xotira va qadrlash kuni” oldidan tashkil etilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda keksa avlod xotirasiga ehtirom, otalar jasoratining abadiyligi mavzusi ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Masalan, viloyat madaniyati va tarixi muzeyi binosi oldida har kuni ertalab oʻtkazilayotgan “Ajdodlarni xotirlash — muqaddas qadriyat” shiori ostidagi teatrlashtirilgan chiqishlar mana bir necha kundirki, jamoatchilik eʼtiborini tortib kelayotir.

Muzeyning ikkinchi jahon urushiga bagʻishlangan boʻlimida namanganliklarning qirgʻin-barot janglardagi mardligi, front orti mehnatiga doir qimmatli materiallar toʻplangan. Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi faollari janglarda foydalanilgan va hozirgacha saqlab kelinayotgan qurollar, askar liboslari hamda boshqa ashyolardan foydalangan holda yigitlarni frontga kuzatish, jang lavhalari, partizanlik harakati haqidagi sahna koʻrinishlarini toʻplanganlar eʼtiboriga havola etishmoqda.

-Shahrimiz koʻchalarida esa vatanimiz bayrogʻi ramzi tushirilgan sharaf lentalarini tarqatish davom etmoqda, - deydi YOI viloyat kengashi masʼul xodimi D. Sharipova. – Yoshi ulugʻ insonlar, madaniyat va sanʼat vakillari ishtirokidagi bunday tadbirlarda yurt ozodligi uchun kurashgan tabarruk insonlar yodi mangu eʼzozda ekanligi, bugungi osoyishta kunlarimizning qadri xususidagi fikrlar qayta-qayta jaranglamoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?