Eʼtibor va gʻamxoʻrlik – insoniy burch

17:42 08 May 2019 Jamiyat
348 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi tashabbusi bilan “Talabalar shaharchasi”da 9 may – Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami munosabati bilan “Eʼtibor va gʻamxoʻrlik – insoniy burch” shiori ostida aksiya tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi masʼullari, Oʻzbekiston milliy universiteti professor oʻqituvchilari, talabalar va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, front ortida ogʻir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli sinovlarda oʻzligini yoʻqotmagan, imoni butun ajdodlarimizga mehr-oqibat koʻrsatish tom maʼnoda milliy anʼanaga aylandi.

Ushbu beshafqat urushda qatnashgan 1,5 milliondan ortiq oʻzbekistonliklarning yarim milliondan ziyodi halok boʻlganini xalqimiz hech qachon yodidan chiqarmaydi. Front hududlaridan Oʻzbekistonga koʻchirilgan bir millionga yaqin oila va bolalarni qabul qilib, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham koʻrgan xalqimiz oʻzining naqadar olijanobligini, mehr-muruvvatini, yuksak maʼnaviyatini yaqqol namoyon etdi.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston milliy universitetining Bosh maʼmuriy binosiga kirish darvozasi oldida harbiy arkestr sadolari ostida talabalar ishtirokida Oʻzbekiston bayrogʻi tasviri tushirilgan, Vatan himoyachilarining sharafli qahramonliklarini oʻzida ifodalagan lentalar taqib qoʻyildi. “Inson qadri ulugʻ – xotira muqaddas” shiori ostida xesh teg oʻtkazildi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga davlatimiz tomonidan mukofotlar topshirish, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish qutlugʻ anʼanaga aylandi. Ikkinchi jahon urushi va front ortida mehnat qilgan faxriylarga, xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilmoqda.

Aksiyaning uzviy davomi sifatida “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi masʼullari hamda talabalar ikkinchi jahon urushidan omon qaytgan faxriylar Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi professor Muxtor Rasulov hamda Olmazor tumanidagi Muxammad Ziyayev xonadonlariga tashrif buyurishdi. Oʻzbekiston milliy universiteti talabalari ularning urush haqidagi hikoyalarini diqqat bilan tinglashdi. Ular yoshlarni bugungi dorilomon kunlar qadriga yetish, tinch va osoyishta hayotimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashga chaqirdi.

Zebo Nurmonova,

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi Matbuot xizmati boʻlimi boshligʻi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?