E’tibor va e’zozdan dillar shod

10:58 04 May 2018 Jamiyat
520 0
Foto: Myday.uz

Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona viloyatidagi barcha urush hamda mehnat faxriysiga yuksak e’tibor va rag‘bat ko‘rsatilmoqda.

Viloyat hokimi Shuhrat o‘aniyev Marg‘ilon va Farg‘ona shahridagi bir guruh Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonlariga tashrif buyurib, samimiy suhbat jarayonida faxriylarga Prezidentimiz nomidan 5 million so‘mdan pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alarni tantanali ravishda topshirdi.

Farg‘ona shahridagi Mash’al mahallasida yashovchi 92 yoshli Vera Vyalseva uni yo‘qlab kelgan mehmonlarga urush yillarida Leningrad qamalida boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklarni so‘zlab berdi. Har kuni, har nafasda davlatimiz, mahalla faollari va oila a’zolarining mehrini his etib yashayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Farg‘ona shahrining “Lolazor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 193-ko‘p qavatli uyning 41-xonadoni o‘tgan yili Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 95 yoshli Qurbon ota Sattorovga sovg‘a sifatida berilgan edi. Mazkur xonadon hamisha mehmonlar bilan gavjum. Shu kuni urush yillarida mashhur bo‘lgan kuy-qo‘shiqlar bilan xonadonga tashrif buyurgan keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirokida maroqli suhbat bo‘lib o‘tdi.

— E’tibor va e’zozdan judayam minnatdorman, — deydi xonadon sohibi. — Bunday hurmat-izzat tufayli umrimizga umr qo‘shilib, uzoq yashayapmiz.

Qo‘qon shahridagi Oloy ko‘chasida yashovchi 96 yoshli Ro‘zmat ota Rashidov urush yillarida havo hujumidan himoya qo‘shinlari safida mardonavor jang qilgan. Ko‘ksi to‘la orden-medallar bilan yurtga qaytgan qahramon 25 yil ichki ishlar idoralarida samarali faoliyat ko‘rsatdi. Turmush o‘rtog‘i Salomatxon aya Rashidova bilan 5 o‘g‘il, 2 qizni tarbiyalab, bugungi kunda nabira va evaralar ardog‘ida dorilamon kunlar shukronasi bilan yashamoqda.

— Yoshligimiz qiyinchilikda kechgan bo‘lsa, shukrki, keksalikda rohatu farog‘at ko‘rayapmiz, — deydi urush va mehnat faxriysi Ro‘zmat ota. — O‘tgan yili o‘g‘lim hamrohligida muborak Haj ziyoratiga borib keldim, imtiyozli ravishda o‘zimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomashina sotib oldik. Davlatimiz rahbarining o‘tgan oydagi Farmoniga ko‘ra, 5 million so‘mdan pul ajratilgani, o‘zimiz urushda qatnashgan shaharlarni borib ko‘rish, sanatoriy-kurortlarda dam olish uchun imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etilishini eshitib, g‘oyat xursand bo‘ldim. Shu kunlarga yetkazganiga shukr!

Ayni kunlarda Farg‘ona viloyatining barcha hududida urush va mehnat faxriylariga hurmat-ehtirom tadbirlari davom etmoqda.

Elyorjon EHSONOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?