«Yest qilamiz! Kallami yo salla?» deguvchi mansabdorlardan natija kutish ahmoqlik emas, hatto tentaklik — deputat

15:21 12 Iyul 2020 Siyosat
537 0

Bugun (12-iyul) OʻzAda «Jarqoʻrgʻonda sudyalar omma oldida obroʻsizlantirildi, sud xodimi esa doʻpposlandi» sarlavhali materialni oʻqib, toʻgʻrisi, taajjubda qoldim. Materialni hali oʻqib ulgurmaganlar uchun (darvoqe, mengacha 21 ming odam oʻqigandi) voqeaning qisqa tafsiloti shunday: tuman hokimi, tuman IIB boshligʻi kuppa-kunduzi, odamlar koʻz oʻngida sudyalarni “bir tiyin” qilgani yetmay, sud xodimiga nisbatan haqorat va kuch ishlatib, shaxsiy telefonini zoʻrlik ishlatib olib qoʻyib, vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga qamab qoʻygan.

Avvaliga, qatʼiy karantin tartiblaridan kelib chiqib, «Bu yerda boshqa gap boʻlsa-chi? Balki, vaziyat shunchalik ogʻirlashishiga sud xodimlari oʻzlariyam sababchidir?» degan savollar ham tugʻildi. Ammo, biroq, lekin... Ming oʻylansa ham, oʻlchansa ham, bitta yechim-javob chiqadi — QONUN! Ayniqsa, davlat hokimiyati organi rahbari va mansabdorlar qonunlarga itoat etishda, avvalo, oʻzlari namuna koʻrsatishi kerak! Bu vaziyatda tuman hokiminiyam, ichki ishlar mansabdorlariniyam oqlab boʻlmaydi. «Yest qilamiz! Kallami yo salla?» deguvchi mansabdorlardan natija kutish ahmoqlik emas, hatto tentaklik. Qonunga itoatkorlikni qonunni buzish hisobiga amalga oshirish mumkin emas.

Sudya odil sudlovni amalga oshirish vakolati berilgan shaxsdir. Qonunchilikka muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida barcha sudyalar bir xil maqomga ega. Bu degani, Oliy sudmi, viloyat, shahar, tuman (tumanlararo) sudlar raislari va sudyalarimi bir xil darajadagi daxlsizlikka ega.

Bugun biz Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi yuqori oʻrni uchun barcha sohada harakat qilyapmiz. Demak, yurish-turishimizdan tortib, to xizmat yoki mansab burchini sidqidildan bajarishimizgacha harakatlarimiz zamirida mamlakat obroʻsi turganini oʻylashimiz kerak. Xalqaro reytinglarning eng muhim koʻrsatkichlaridan biri sudlar mustaqilligi va odil sudlov uchun sudyalar daxlsizligini kafolatlash ekanini aynan Jarqoʻrgʻon tumani hokimi yo IIB boshligʻi bilmaydilarmi? Hech boʻlmasa, qoʻllaridagi bloknotni ochib, Prezidentning odil sudlov va sud mustaqilligi boʻyicha yaqindagina aytgan chaqiriqlari, daʼvatlarini oʻqib koʻrmabdilar-da?

Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 70-moddasida sudyalar daxlsizligi aniq belgilab qoʻyilgan: “Sudyaning shaxsi daxlsiz. Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga taalluqlidir.

Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin”.

Shuningdek, sudyaning xizmat xonasi yoki foydalanadigan transportiga kirish, ularni koʻzdan kechirish, ulardan ashyoni olish, sudyani shaxsan koʻzdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, unga tegishli ashyolarni olib qoʻyish yoki olishga faqat tegishli prokuratura ruxsati yoki sudning qarori bilangina yoʻl qoʻyiladi.

Jarqoʻrgʻondagi kabi “sallachi” mansabdorlar karomatidan voz kechmas ekanmiz, xalqaro reytinglardan-da muhimroq narsalarga ham erishishimiz qiyin. Davlat organlari va mansabdor shaxslar, fuqarolar sudyalarni hurmat qilishi va ularning mustaqilligiga rioya etishlari shart. Sudyaga nisbatan hurmatsizlik qilish, uni ochiqdan-ochiq mensimaslik kabi xatti-harakatlari uchun kim boʻlishidan qatʼiy nazar qonunga koʻra javobgarlikka tortilishi kerak.

Umid Jabborov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?