Eskirgan matodan qadimiy usulda qogʻoz ishlab chiqaruvchi 75 yoshli fransuz hunarmandi oʻzini qiynab kelayotgan savolga Buxorodan javob topdi

10:03 12 Mart 2020 Jamiyat
439 0

Buxoroda oʻtgan yilda taniqli xalq amaliy ustasi, miniatyurachi rassom Davron Toshev tashabbusi bilan qadimiy usulda ipak qogʻozi ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan edi.Eʼtiborlisi,bir milliard soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan “Usta Davron miniatyura markazi”da ish klaster usulida tashkil qilingan.

Boshqacha aytganda, hunarmand va uning shogirdlari tut koʻchati yetishtirishdan tortib, uni qayta ishlash va qogʻoz tayyorlash, tayyor qogʻozga miniatyura asarlarini yaratish bilan bogʻliq barcha jarayonni oʻz kuchlari bilan bajarishmoqda.Tayyor mahsulot esa sayyohlar tomonidan xarid qilinayapti.

Fransiyaning Angulem shahrida istiqomat qiluvchi 75 yoshli janob Jak Bgʻyejushu markazga kelib oʻn kun davomida oʻzaro tajriba almashdi.Gap shundaki, bundan uch oycha muqaddam Davron Toshev Fransiyada ijodiy safarda boʻlib, uning ish usuli bilan yaqindan tanishgandi.

-Eskirgan choyshabdan qadimiy usulda qogʻoz ishlab chiqarish bilan shugʻullanaman,- deydi biz bilan suhbatda Jak Bgʻyeju.- Bu ish bilan mashgʻul ustalar Yevropada barmoq bilan sanarli darajada oz. Buyogʻini surishtirsangiz, Gʻarb qogʻoz ishlab chiqarish sanʼatining ildizi islom olami madaniyatiga borib taqaladi. Markaziy Osiyodan to Ispaniyaga qadar boʻlgan mintaqani qamrab olgan bu hududda qadimda qogʻoz ishlab chiqarish juda ravnaq topgan.Yevropada esa oʻtmishda qogʻoz oʻrnida hayvon terisi va papirus ishlatilardi.Gʻarbda diniy, siyosiy aqidalardan kelib chiqqan holda XII asrga qadar islom olami madaniyati mahsuli sanalgan qogʻozdan foydalanishmagan.Lekin qogʻozga boʻlgan talab oshib borgani, hayvon terisining qimmatligi, islom madaniyati qogʻozining arzonligi ushbu texnologik jarayonni oʻrganish zaruratini yuzaga keltirgan.Shu tariqa Yevropada ham shu usulda qogʻoz ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

Qadimda ajdodlaringiz zigʻir hamda kanopdan juda sifatli qogʻoz tayyorlash sir – asrorini bilishgan.Kanopning tolasi pishiq.Uni toʻgʻridan toʻgʻri qogʻozga aylantirish mushkul.Undan arqon, qayiq uchun yelkan kabi jihozlar tayyorlashgan.Kanop tolali mato yaroqsiz holga kelgandan keyin uni qayta ishlab qogʻozga aylantirishgan.Oʻqib – oʻrganishlarim, 50 yillik ish tajribam ortida shunday xulosaga keldim.

Fransiyalik hunarmandning eʼtirof etishicha, Davron Toshev va uning shogirdlari amalga oshirayotgan ish oʻta murakkab, sermashaqqat jarayondir.Birgina tut poʻstlogʻini kerakli holatga keltirish uchun necha ming bor toʻqmoq uriladi.

-Yaponiyalik bir hamkasbim bilan bir savol ustida sakkiz yildan buyon bosh qotirardik,- deya davom etadi u. –Qadimiy islom madaniyati qogʻozi qanday qilib shu qadar sifatli tayyorlangan, degan savolga Buxoroga kelib javob topdim.Gap poʻstloqni imkon qadar koʻproq ezishda ekan.Oʻzbekistonga kelganimdan aslo afsuslanmayman.Bu yerda juda koʻp narsani koʻrdim, oʻrgandim.Samarqand, Buxoro kabi qadimiy shaharlarni tomosha qildim.Yurtingizdan unutilmas taassurotlar bilan ketayapman.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?