Eskicha ishlash tizimidan qachon voz kechiladi?

10:35 31 Iyul 2018 Jamiyat
862 0
Foto: “Xalq so‘zi”

Qayerdaki qonun ustuvor bo‘lsa, jinoyatchilikka qarshi odamlarda murosasiz kayfiyat shakllansa, o‘sha jamiyatda noxush illatlar kamayadi, tinchlik, osoyishtalik hukm surib, ezgu ishlar keng quloch yozadi. Aholi xotirjam hayot kechiradi, ularning davlatga ishonchi ortadi. Qolaversa, xorijlik sayyohlar oqimi ko‘payib, investorlar mablag‘ kiritishga, biznesini yo‘lga qo‘yishga intiladi. Shuning uchun ham bu masala o‘ta dolzarbdir.

Ayni jihatdan kelib chiqib, mamlakatimizda huquq-tartibot idoralarini isloh qilish hamda ularni haqiqiy ma’noda xalqchil idoraga aylantirish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilyapti. Xo‘sh, natijalar, mavjud ahvol qanday? Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 iyul kuni jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati, bu borada ichki ishlar organlari va boshqa davlat idoralari mas’uliyatini yanada oshirish, tizimda mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ushbu masala atroflicha tahlil qilindi, xato va kamchiliklar ro‘y-rost ko‘rsatilib, istiqboldagi muhim vazifalar belgilab berildi.

Huquqiy asoslar yaratilyapti, natija esa...
Har bir sohada huquqiy asoslar muhim o‘rin tutadi. Bu borada o‘tgan davr mobaynida ichki ishlar tizimini takomillashtirishga oid 80 dan ziyod hujjatlar qabul qilindi. Shular asosida moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, kadrlarni tanlash va xizmatni to‘g‘ri tashkil etish bilan bog‘liq qator chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. Masalan, ilgari xodimlarning 60 foizi shahar va tuman boshqarmalarida faoliyat olib borgan bo‘lsa, hozir 35 foizi idoralarda, qolganlari aholiga yaqin bo‘lishi uchun mahalla fuqarolar yig‘inlarida ishlayapti. Lekin amalda natija qanday?
Afsuski, ushbu sa’y-harakatlarga qaramasdan, joylarda hanuz jinoyatchilikning tub ildiziga to‘liq yetib borilayotgani yo‘q. Salbiy holatlarning asl sababi yetarlicha o‘rganilmayapti, mahalla, mehnat jamoalari va ta’lim muassasalarida bo‘layotgan muhokama hamda tadbirlar nomiga tashkil etilib, rasmiyatchilikdan nariga o‘tilmayapti.

“Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi” deganlaridek, mutasaddi idoralar hisobotiga ko‘ra, jinoyatlar joriy yilning 6 oyida o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 39 foiz kamaygani holda, qasddan odam o‘ldirish, og‘ir tan jarohati yetkazish, talonchilik, bosqinchilik, o‘g‘rilik va firibgarlik kabi jinoyatlar soni hamon yuqoriligicha qolmoqda. 
Bular, albatta, har qanday kishini tashvishga solmay qo‘ymaydi.

Ayolni qotillikka nima majbur qildi?
Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari turli yumushlar bilan “band ekani” bois nizoli, sodda qilib aytganda, janjalli oilaga yetib borolmagandir, ammo mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni va hudud xavfsizligiga mas’ul bo‘lgan, xizmat mashinasi hamda shu joyning o‘zidan uy berilgan ichki ishlar organi vakili, ya’ni profilaktika inspektori, nahotki shu ishdan bexabar bo‘lsa? Buni qanday izohlash mumkin? Aslida ayolni qotillikkacha yetaklagan oilaviy nizo kecha yoki bugun paydo bo‘lmagani, oylar va hatto yillar davomida rivojlanib, o‘tkirlashib borgani aniq. Oxir-oqibat fojia yuzaga kelgan. Vaholonki, o‘z vaqtida profilaktika choralari ko‘rilganda edi, mudhish voqeaning oldi olingan bo‘lardi...

Toshkent tumanidagi maishiy xizmat va tadbirkorlik kolleji o‘quvchisi Mahliyo (ismi o‘zgartirilgan) yon qo‘shnisi, otasi tengi erkakka pichoq urib, uning hayotiga zomin bo‘lganligi haqidagi maqolani gazetamiz sahifalarida e’lon qilgandik. Telefondagi ibosiz suhbatdan so‘ng kelib chiqqan mojaro tasodif emasligi, uning ma’lum sabab va ildizlari borligi o‘quvchilar hukmiga havola qilingan edi.

Afsuski, ayollar o‘rtasidagi og‘ir jinoyat, qo‘lga pichoq olish holatlari uchrab turibdi. Yangiyo‘l tumanidagi “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘sib-ulg‘aygan Shahnoza Nishonboyeva ota hovlisida bu yerga kelgan turmush o‘rtog‘i, Qibrayda yashovchi Rahimberdi Nishonboyevning ko‘krak qismiga va o‘ng qo‘liga pichoq uradi. Qo‘ni-qo‘shnilar kuyovni o‘lim changalidan zo‘rg‘a sug‘urib oladi. Voqea tafsilotlari esa juda oddiy. U farzandlar muammosi bilan bog‘liq. Masala bu qadar murakkab tus olmasligi mumkin edi. Uni oddiygina bir suhbatda ham hal qilsa bo‘lardi-ku... 

Har ikki voqea birdek mushohada qilishga undaydi. Nozik qo‘llar nega pichoq tutdi? Bu savol ta’lim-tarbiya uchun mutasaddi bo‘lgan davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlarini, barchani o‘yga solishi lozim.

Yoshlar ishli bo‘lsa, yomon yo‘lga kirmaydi
Yig‘ilishda yoshlar jinoyatchiligi kamaymayotgani ham ta’kidlandi. Shu yilning 6 oyida yurtimizda qayd etilgan jinoyatlarning 30 foizida yoshlarning qo‘li borligi achinarlidir.

Qashqadaryo viloyati Koson, Shahrisabz va Dehqonobod tumanlarida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oshgan. Ta’lim muassasalarida psixologlar faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani tufayli yoshlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish ko‘payib bormoqda. Ko‘p hollarda mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit o‘z vaqtida o‘rganilmayotgani, huquqbuzarlik sodir etishga moyil yoshlar aniqlanmayotgani, nosog‘lom muhitdagi oilalar bilan yetarli darajada ish olib borilmayotgani bularning asosiy sabablaridan biridir.

Foto: “Xalq so‘zi”

Bunday holatni Namangan viloyatida ham kuzatish mumkin. Hududda 1 million 147 ming nafar kishi ish bilan band bo‘lgani holda, 115 ming nafar fuqaro hech qayerda ishlamaydi. Ularning aksariyatini yoshlar tashkil etadi. Bu holatni viloyat Bandlik bosh boshqarmasi mas’ullari joriy yil davomida qancha mehnat yarmarkasi o‘tkazilgani, necha kishining bandligi ta’minlangani va kollej bitiruvchilari, ish topishda qiynalayotgan fuqarolar hamda mehnat migrantlarini ishga joylashtirish doimiy e’tiborda ekani bilan izohlashga urindi. Ammo sal ilgariroq aytib o‘tilgan 115 ming nafar ishsiz fuqaroning taqdiri bilan qachon qiziqib ko‘riladi? 

Chunki bu jiddiy masala. Biror-bir yumush etagini tutmagan yoshlar ko‘p hollarda o‘zini turli ko‘chaga urib ko‘radi. Jinoyat sodir etmasligiga kim kafolat beradi? Endi o‘ylab ko‘ring, respublika bo‘yicha ishsizlar soni qanchaligi hisoblansa, masala chindan-da o‘ta jiddiyligi, uni kechiktirmay hal etish zarurligi oydinlashadi.

Eshituv va targ‘ibotlar hisobot uchun bo‘lmasin
Jinoyat va huquqbuzarlik oqibatini bartaraf etishdan ko‘ra, ularning oldini olish juda muhim. Shu bois bu borada mamlakatimizda profilaktika ishlariga keng o‘rin berilyapti. Masalan, Oliy Majlis Senati tomonidan bir yilda ikki marta O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi holati to‘g‘risidagi hisoboti eshitilmoqda. Bunday eshituvlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida ham yo‘lga qo‘yildi. Ammo mahalliy Kengashlardagi ko‘plab eshituvlar nomiga o‘tkazilayotgani ham bor gap. 

Bunday holatlar joylarda tashkil etilayotgan targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarida ham yaqqol ko‘rinadi. Buni birgina qiyosiy misol bilan izohlab ko‘ramiz. E’tibor bering: joriy yilning 6 oyida ichki ishlar organlari va boshqa huquq-tartibot idoralari va jamoatchilik tomonidan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida hududlarda 16 mln. 315 ming 884 nafar kishi ishtirokida 23 ming 687 ta ommaviy tadbir tashkil etilgan. Agar respublikamizda 9 mingga yaqin fuqarolar yig‘inlari borligini inobatga olsak, ularning har birida 2-3 tadan tadbirlar o‘tkazilgan. Biroq yana o‘sha gap: natijalar shunga yarasha emas. Bulardan kelib chiqadigan xulosa shuki, bunday eshituv va targ‘ibot tadbirlari ba’zi joylarda bo‘lganidek, shunchaki hisobot uchun o‘tkazilmasligi zarur.

Malakali kadrlar — hal qiluvchi kuch
Tizim uchun bilimli, o‘z faoliyatiga sadoqat va mas’uliyat bilan yondashib ishlaydigan, huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta’minlashga qodir, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni o‘zining muqaddas burchi, deb bilgan kadrlarni tayyorlash va ularni joyiga qo‘yish islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Bu borada salmoqli ishlar qilindi, lekin hali-hamon o‘z kasbiga noloyiq, soha islohotlaridan mutlaqo bexabar kadrlar tez-tez uchrab turibdi. 

Ichki ishlar xodimi bo‘lish nihoyatda sharafli. Biroq yuqoridagidek bu kasbga dog‘ tushirayotganlar ham yo‘q emas. Xususan, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimdagi o‘zgarishlar, sohaga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar tub mazmun-mohiyatini anglab yetmagan, eskicha uslub va dunyoqarashda qolib ketgan Qashqadaryo viloyati ichki ishlar organlarining bir guruh xodimlariga tegishli choralar ko‘rildi. 

Xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo‘lgan va qo‘l ostidagi xodimlar faoliyatini talab darajasida nazorat qilmagan Qarshi tumani IIB boshlig‘i J. Rajabov, Muborak tumani IIB boshlig‘i S. Sharipov, Koson va Qarshi tumanlari IIB boshliqlarining o‘rinbosarlari N. Qarshiyev va A. Aminov, Shahrisabz, o‘uzor va Dehqonobod tumanlari IIB boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari Q. Toshmurodov, A. Aliyev va N. Bozorov, Muborak va Chiroqchi tumanlari IIB boshliqlarining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosarlari T. Bahromov va J. Murodov, viloyat IIB YHXB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari F. Mirshatov, Qamashi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i X. Rizakulov o‘z lavozimlaridan ozod etildi.

Ayrim hududlarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyat sodir qilgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash, aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatish borasida ham ba’zi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Qolaversa, ba’zi xodimlar tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlarning asl mazmunini hali-hamon anglab yetganlaricha yo‘q.

Har ikkinchi mahallada...
IIV ma’lumotiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jinoyatchilik holatlari joriy yilning olti oyida o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan muayyan darajada kamaygan. Ammo hududlarda ayrim jinoyat turlari ozayish o‘rniga ko‘payib borayotgani tashvishlidir. Ushbu holat mahallalar kesimida olib ko‘rilsa, vaziyat chindan ham og‘ir ekani yaqqol ko‘rinadi. Joriy yilning 6 oyida mamlakatimizdagi mavjud 8 ming 986 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 4023 tasida jinoyat sodir etilmagan. “Jinoyat bo‘lmadi”, degan gap balki quloqqa yaxshi eshitilar. Ammo bu teng yarmini ham tashkil etmaydi. Demak, qolgan salkam 5 mingga yaqin mahallalarda jinoyatlar bo‘lgan. Bu yana qancha chalkash taqdirlar, ko‘z yoshu yo‘qotishlar, degani-ku... 

Foto: “Xalq so‘zi”

Namangan viloyatida og‘ir turdagi jinoyatlar soni 65,8 foizga ortgan. Kosonsoy, Namangan, Norin tumanlari, Namangan shahrida qotillik, qasddan badanga shikast yetkazish, bosqinchilik hamda firibgarlik kabi illatlarning oldini olish borasidagi profilaktika ishlari samaradorligi pastligicha qolmoqda. Bugun viloyatda 770 ta mahalla bo‘lib, shundan 383 tasida jinoyat sodir etilmagan, xolos. 

Samarqand viloyatida ham shunday holat kuzatiladi. Ayrim mahallalarda uylarga borib, odamlarning mavjud muammolarini aniqlash va bartaraf etish, ularda jinoyatchilikka murosasiz munosabatni shakllantirish ishlari izchil tashkil etilmagani bois hududdagi 591 yoki har ikki mahalladan bittasida bunday noxush holatlarga yo‘l qo‘yilgan. Ayniqsa, Samarqand shahrida 43 ta, Pastdarg‘omda 23 ta, Urgutda 14 ta, Ishtixon va Payariqda 13 tadan mahallada jinoyatlar soni ko‘paygan.

Bu holatni joylardagi rahbarlar qanday izohlaydi?
Farrux Usmonov, Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i: “Darvoqe, vaziyat shunday ekan, hududda jinoyatchilik o‘tgan yilning 6 oyidagiga nisbatan 40 foiz kamaygani bilan maqtanib bo‘lmaydi. Endilikda har bir notinch oila, ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, beva-bechoralar uyiga kirib borib, muammoni birgalikda hal qilish lozim. Uyushmagan yoshlar bilan ham alohida shug‘ullanish talab etiladi...” 

Mahmud Boboyorov, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand viloyati kengashi raisi birinchi o‘rinbosari: “Nochor oilalar, yakka-yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga moddiy va ma’naviy yordamlar berilmoqda. Barcha fuqarolar yig‘inlarida ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarni sodir etishga moyil shaxslar hamda huquqbuzarlik sodir etgani uchun profilaktik nazoratga olinganlar to‘g‘risida ma’lumotlar bazasi yaratilgan bo‘lib, har oy yangilanib borilmoqda”.

Bizning izoh: Agar bundan keyin ham hisobotlardan, uni qilish va buni bajarish lozim, degan quruq fikrlardan qochilmas hamda ularning o‘rniga jiddiy amaliy ishlarga kirishilmas ekan, jinoyatchilikning kamayishiga erishib bo‘lmaydi.

O‘z joniga qasd qilish — omonatga xiyonat
Navoiy viloyatida joriy yilning o‘tgan olti oyida o‘z joniga qasd qilish yoki suitsid holatlari 95 tani tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 16 ta ko‘p. Ularning o‘n nafarini voyaga yetmaganlar, 44 nafarini ayollar tashkil etadi. Buni kimdir ruhiy xastalik, kimdir yoshlik qiziqqonligi, yana birov qismatga yo‘ymoqda. Ammo bir narsa aniq, bu holatlar ortida inson taqdiri turibdi.

Shunday veqealardan biri Qiziltepa tumanida sodir bo‘lgan. Qaynona, qaynsingillar va erning qo‘pol muomalasiga chidolmagan kelin joniga qasd qilib, yorug‘ olamni tark etdi. Aybdorlar qilmishiga yarasha jazosini oldi, mahalla faollari, qarindoshlarning yuzi shuvut bo‘ldi. Ikki norasida go‘dakni chirqiratib, guldek umrini xazon qilgan marhumaga bundan ne foyda? 

— Mashaqqatga duch kelganda uni yengish kishi ruhini toblaydi, — deydi falsafa fanlari doktori Nigora Safarova. — Inson hayoti bir maromda kechmasligi, tabiiy. Bunga insoniyat tarixidan yuzlab misollarni keltirish mumkin. O‘tgan asrning o‘ziga razm solsak, ota-bobolarimiz sobiq tuzumning qanchadan-qancha uqubatlarini boshdan kechirmadi, deysiz? Shunday bo‘lsa-da, matonat bilan barchasini yengib o‘tdi. Ana shu kurashuvchanlik ularni bugungi dorilamon kunlarga olib chiqdi. Agar ayol diniy va milliy qadriyatlarimiz xususida jillaqursa muayyan darajada tasavvurga ega bo‘lganida edi, bunday xatoni qilmasdi. E’tibor qiling-a, donishmandlar bizga qanday o‘git bergan: “Agar ishing yurishmasa, harakat qil, yana yurishmasa, ko‘proq harakat qil, baribir yurishmasa, unda sen uchun bir yo‘l qoladi, u ham bo‘lsa harakatdir”. Dunyodan bosh ol yoxud joningga qasd qil, deyilmayapti, aksincha, harakat qilish tavsiya etilmoqda. Mana bizning asl milliy qadriyatlarimiz. Shularga amal qilgan inson hech qachon yutqazmaydi, kam bo‘lmaydi.
Yaratgan bizga jonimizni, umrimizni omonat qilib bergan, demak, bunga xiyonat qilishga haqqimiz yo‘q...

Firibgarlikning umri qisqa
Xalqimizda birovlarning moliga ko‘z olaytirish, haromdan yeyish gunohi azim sanalgan. Biroq keyingi davrlarda bu yodimizdan ko‘tarilmoqda yoki biz atay esdan chiqaryapmiz. Yo‘qsa, boshqalarning mol-mulkini aldov yo‘li bilan o‘zlashtirish, ya’ni firibgarlik jinoyati avj olmasdi. Yaqinda Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan firibgarlik bilan shug‘ullanib kelgan bir guruh jinoyatchilar noqonuniy faoliyatiga oid tergov-surishtiruv ishi yakuniga yetkazildi. 

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxslar firibgarlikdan tashqari, zo‘ravonlik va transport vositalarini olib qochish bilan shug‘ullangan.
Ular oziq-ovqat hamda maishiy texnika savdosi bilan shug‘ullanuvchi bir nechta tadbirkorni oylar davomida aldab kelgan. Ya’ni tadbirkorlardan katta miqdordagi turli tovar va mahsulotlarni sotib berish uchun oladi. So‘ng ular avvaliga ishonchga kirish uchun o‘zlashtirilgan mahsulotlarni o‘z bahosidan arzon narxda sotib, pulning bir qismini tovar egasiga qaytargan. Undan keyin boshqa tadbirkorga to‘r qurishadi. Jabrlanganlardan hech biri ichki ishlar organiga murojaat qilmagan. Sababi oddiy. Firibgarlar vaqti-vaqti bilan ularga pulning bir qismini berib turgan. Natijada esa tadbirkorlar hech qanday shubhaga bormaydi.

Keyinchalik ular bundan-da og‘irroq jinoyatga qo‘l uradi. Tadbirkorni ish yuzasidan uchrashuvga chaqirib, uni zo‘ravonlik bilan avtomobil saloniga o‘tqazadilar. Jinoyatchilardan biri esa mashina boshqaruvini o‘z qo‘liga oladi va noma’lum tomonga yo‘l oladi. Jabrlanuvchi vaziyatdan foydalanib ulovdan tushib qolishni uddalaydi. Keyin nima bo‘ldi, dersiz. Tutqich bermay kelayotgan firibgarlar manziliga yetib keldi.
Ushbu guruh tomonidan 13 nafar tadbirkorga keltirilgan zarar miqdori 400 million so‘mni tashkil etishi aniqlandi.
Hozirgi vaqtda ish sudda ko‘rib chiqilyapti.

"Muammoning ildizi qayerda?
Mamlakatimizda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, uning kelib chiqish sabablarini aniqlash muhim vazifalardan biri bo‘lib kelmoqda. Prezidentimiz o‘z saylovoldi uchrashuvlaridanoq inson huquq va manfaatlarini himoyalash, jinoyatchilikning oldini olish, jinoyatchiga adolatli jazo tayin qilish, uning beg‘araz bo‘lishiga katta e’tibor qaratib kelyapti. O‘tgan yili sudyalar bilan ochiq muloqotlarida ham ushbu masalaga to‘xtalib, “Nima uchun respublikamizda jinoyatchilik ko‘paymoqda, uning kelib chiqish sabablarini aniqlash oqsayapti?”, degan o‘tkir masalani o‘rtaga tashlab, zarur ko‘rsatmalar bergan edi.

Mana, oradan o‘tgan bir yil davomida jinoyatchilik kamaygani, lekin bu bizni va xalqimizni qanoatlantirmasligi davlatimiz rahbari raisligidagi videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi. 

Xo‘sh, jinoyatning oldini olish uchun nima qilish kerak? Hech bir inson jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi, jinoyatchilar osmondan tushayotgani yo‘q. Ular oramizdan, mahallamizdan chiqyapti. Hatto aka-uka, qarindosh, ota-bolalar o‘rtasida jinoyatlar sodir bo‘lmoqda. Mahallada xotin-qizlar, nuroniylar hamda yoshlar bilan ishlaydigan faollar bor, lekin ular tegishli huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda ishlamayotgani tufayli ijobiy natijalarga erisholmayapmiz. 

Avvallari talonchilik, o‘g‘rilik kabi jinoyatlar, asosan, kechasi sodir bo‘lgan. Nimaga? Tajribamdan ma’lumki, jinoyatni chiroq yo‘q joyda sodir etish qonunbuzarga sharoit yaratgan. Ishni mana shu jihatlarni inobatga olib yo‘lga qo‘yish ayni muddao. Shu asosda profilaktika inspektorlarining mas’uliyatini oshiramiz. Keyin u mahallaga begona odam kirib qolsa tezda biladi. Nima uchun keldi, qayerdan keldi, qancha turadi kabi savollarga javob topadi. 

Aslida, fikri zaiflar jinoyat sodir etadi. Pul topish uchun o‘g‘rilik yo jinoyat qilish shart emas. Halol mehnat orqasidan ham pul topish mumkin. Xotin-qizlar o‘rtasidagi jinoyat, bu — bizga uyat! O‘zini o‘zi o‘ldirishlar ham, afsuski, yo‘q emas. Bu ham katta isnod. Bu masalalarga mahalla, xotin-qizlar qo‘mitasi, faollar, keng jamoatchilik e’tiborli bo‘lishimiz zarur. Ko‘chada baqir-chaqir qilayotgan odamni to‘xtatib, unga tanbeh berishni qachon o‘rganamiz? Indamay qo‘ysak, u ertaga katta janjalni, uning ortidan jinoyatni olib kelmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. 
Deylik, bir chumolini bosib o‘tgan odam qalbida qandaydir rahmsizlik nish otadi. U ertaga birovga qo‘l ko‘tarish, ota-onasiga gap qaytarish, keyin-keyin esa jinoyat sodir etishdan ham qo‘rqmay qolishi mumkin. Yoki o‘g‘rilik haqida aytadigan bo‘lsak, bolalarimiz bog‘chadan birorta o‘yinchoqni uyga olib kelsa, so‘rab-surishtirish burchimiz. Bog‘chaga olib borib, ustozidan kechirim so‘ratsak, u boshqa bunday ishga qo‘l urmaydi. Buni kim qiladi? Har bir ota-ona, ya’ni siz va biz...

Sudyalarning bu boradagi o‘rni xususida gapirganda, sudlar hududdagi jinoyatchilik bilan bog‘liq holatni keng tahlil qilib, tegishli rahbarlarga taqdim qilish amaliyotini yo‘lga qo‘ysak, ishimiz yanada samarali bo‘ladi. Ana shunda “Nega bunday bo‘ldi?” degan savolga javob topishimiz oson kechadi. 

Prezidentimiz kuyinib gapirganidek, ayrim jinoyatlar bizning milliy mentalitetimizga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bunga kim aybdor, albatta, aybni o‘zimizdan qidirishni o‘rganishimiz zarur. Shunda biz va siz kutayotgan natijaga erishamiz.
Ubaydulla MINGBOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar 
oliy kengashi raisi."

Umuman, bugun yurtimizda Prezidentimiz tomonidan jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, xalqimizda bunday noxush holatga nisbatan murosasiz kayfiyatni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilyapti. Zero, biz odatiy qarash va tutumlardan voz kechib, olis bir qishloqda bo‘lgan jinoyatni ham o‘zimiz va farzandlarimiz kelajagiga, mamlakatimizning ertasiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi mudhish voqea sifatida qarashni o‘rgansak, ana shunda jinoyatchilik ildiziga bolta urgan bo‘lamiz.
“Xalq so‘zi” muxbirlari materiallari asosida tayyorlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?