Eski hammom, eski tos yoxud Bo‘zsuv kanalining ayanchli ahvoli nima uchun e’tibordan chetda qolmoqda?

16:00 17 Iyul 2018 Jamiyat
586 1

“Xalq so‘zi” nazoratida

“Xalq so‘zi” gazetasining joriy yil 19 aprel sonida “Suvning uvoli yomon” sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Unda Bo‘zsuv kanali suvining tozaligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolar o‘rtaga tashlanib, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar mutasaddilari hamda keng jamoatchilik e’tiborini kanal suvi bilan ekologik vaziyatni og‘ir ahvolga olib kelayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgandi.

Maqola chop etilganidan so‘ng tezkorlik bilan Toshkent viloyati hokimi G‘. Ibragimov raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, ko‘tarilgan muammolar muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqdagi axborot gazetamizning shu yil 25 aprel sonida e’lon qilindi.

Mana, oradan ikki oydan ziyod vaqt o‘tdi. Xo‘sh, muammo gazetada ko‘tarilgandan so‘ng nima o‘zgardi?

Shu kunga qadar Bo‘zsuv kanali sohillarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosi ta’minlandimi? Kanalga bevosita yoki bilvosita mas’ul bo‘lgan 10 ga yaqin tashkilotlar tomonidan hududda qanday ishlar amalga oshirildi-yu, yana nimalar e’tibordan chetda qolib ketmoqda?

Bu savollarga tahririyatimizga manfaatdor tashkilotlardan kelgan xatlar orqali oydinlik kiritib o‘tamiz. Lekin undan avval qilingan ishlardan emas, balki o‘zimiz borib ko‘rgan va bilganlarimiz, ya’ni hali-hanuz bajarilmay kelayotgan yumushlardan, aholini tashvishlantirayotgan muammolardan boshlasak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Rahbarlar xat yozish bilan ovora
Afsuski, noqonuniy qurilmalarni olib tashlashga umuman qo‘l urilgani yo‘q. Hali-hamon 158 ta. Ular kanalning chuqurligi va kengligini saqlash, ifloslanish hamda favqulodda hodisalarning oldini olish, qirg‘oq hududlarini obodonlashtirish ishlariga xalaqit berayotganligi, qirg‘oqni yuvish bilan bog‘liq yuzaga kelgan vaziyatni tahlil qilishga to‘siq bo‘layotganligi ham bor gap.

Muhofaza hududi, avvalo, damba vazifasini bajaradi. Taajjubki, bu hudud qonunga zid ravishda o‘zlashtirib olingan. Tabiiyki, bu joylar mutlaqo e’tibordan chetda qolmoqda. Ko‘p yillik daraxtlarning ildizi chirishi, kemiruvchilarning hayot tarzi, tuproq eroziyasi va shu kabilar suv yo‘nalishining o‘zgarishiga, uning toshib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois qirg‘oqlarning turli xil qurilishlardan xoli bo‘lishi, obodonlashtirilishi va ko‘kalamzorlashtirilishi, xususan, patak ildizli daraxtlarning ekilishi mavjud muammolarning oldini olishini hamma biladi. Lekin bilsa-da, bu ishlar amalga oshirilmayapti.

Buning o‘rniga mutasaddi tashkilotlar bir-birlariga xat yozishib, o‘zlarinikini unutib, hamkorlarining vazifasini eslatish, sodda qilib aytganda, hozircha qurib, suv sathiga qulagan yoki suvga yiqilgan daraxtlarni kesish uchun ruxsat olish bilan ovora.

Kanalning Qibray tumani hududidan oqib o‘tadigan qismida suvga egilgan daraxtlardan tozalash ishlari ham o‘lda-jo‘lda. Ekin sug‘orilganidan keyingi oqova suvlar hanuz kanalga borib qo‘shilib, xunuk manzara hosil qilmoqda.

Suv tahlillari deyarli bir xil: iste’molga yaroqli. Ammo Bo‘zsuv kanalidan ajralib chiqadigan Jo‘n kanali atrofida yashayotgan yangiyo‘lliklarning gapini eshitib, ajablanasan kishi.

— Avvallari hamqishloqlarimiz Jo‘n kanali suvini iste’mol qilardi, — deydi Yangiyo‘l tumanidagi “Changtepa” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Qobil Ermatov. — Kanalga tushayotgan chiqindi va oqovalar shu qadar ko‘paydiki, endilikda ariqlardagi qurbaqalar yo‘q bo‘lib ketdi.

Bu holat yangiyo‘lliklarni tashvishlantirayotgani achchiq bo‘lsa-da, haqiqat. Ular qurbaqalar suv tozaligini aniqlovchi tabiiy barometr ekanligini yaxshi bilishadi. Qurbaqalarni yo‘qotgan sifatsiz suv ertaga ekinlar rivojiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasligiga kim kafolat bera oladi?

Eng yomoni, ayrim korxona rahbarlari kanalga oqizayotgan oqovalarni ko‘rsatmaslikka harakat qilishyapti. Jumladan, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning Chirchiq shahrida joylashgan korxonasi rahbari Ilhom Asadov Bo‘zsuv kanaliga tashlanayotgan oqova suvdan namunalar olish uchun kelgan Toshkent shahar aholisini toza suv bilan ta’minlaydigan “Suvsoz” davlat unitar korxonasi mutaxassislariga ruxsat bermadi. Buning uchun jamiyat rahbaridan ruxsat olish lozim emish.

Mana sizga yana bitta xat: u yozildi, navbat uning javobini kutishga. Vaqt esa o‘tib boryapti.

Sa’y-harakatlar boshlandi, ammo...
Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasidan kelgan maktubdan ma’lum bo‘lishicha, maqola chop etilgandan keyin “Toza hudud” davlat unitar korxonasi yordamida qirg‘oq bo‘ylari chiqindilardan tozalangan. Kanal yaqinida joylashgan 250 dan ortiq xonadonlarda suhbatlar o‘tkazilib, ularga chiqindilarni qirg‘oqqa tashlamaslik haqida ogohlantirish xatlari berildi.

Bo‘zsuv kanalining viloyat hududidan o‘tadigan qismidan tahlillar uchun namunalar olinib, kanal suvining ifloslanish darajasi muntazam ravishda monitoring qilinmoqda. Kanalning muhofaza mintaqasini belgilash bo‘yicha viloyat hokimining qarori loyihasi tayyorlandi.

Boshqarma xodimlari tomonidan o‘tkazilgan xatlov natijasida Bo‘zsuv kanalining Chirchiq shahridan oqib o‘tuvchi qismida 150 dan ortiq, Qibray tumani hududida180 dan ortiq obyektlar joylashganligi aniqlandi. Suvning muhofaza mintaqasidagi noqonuniy qurilmalarni, jumladan, tapchan, dala-hovli, bostirma, molxona, qo‘yxona, tovuqxona, hojatxona va boshqa inshootlarni buzish yoxud oqova suvlarni kanalga tushirmaslik bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosi ta’minlanmoqda.

E’tibor bersangiz, bu yerda aniq bajarilgan ishning o‘zi yo‘q. Qilinganidan qilinmagani ko‘proq. Boshqacha aytganda, “qilinmoqda”, “ta’minlanmoqda”, “aniqlandi” kabi mavhum jumlalardan nariga o‘tilmagan. Xo‘sh, bunday quruq gaplar bilan biz kimni aldayapmiz va kimga naf keltiryapmiz? Kamchiliklarni tez va sifatli amalga oshirish uchun yana nima qilish kerak?

— Maqolada ko‘tarilgan masalaga shunchaki qarab bo‘lmaydi, — deydi Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mas’ul xodimi Nasima Ahmedova. — Avvalo, muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar boshini qovushtiradigan maxsus ishchi guruhi tuzilishi, unga tuman hokimliklari bosh-qosh bo‘lishi maqsadga muvofiq. Uning tarkibiga manfaatdor idoralar bilan birga, mahalliy Kengash deputatlari, jamoat tashkilotlari, faollarni kiritish lozim. Shunda sizu biz o‘ylagandek, ishda o‘zgarish bo‘ladi, kamchiliklar to‘liq va muddatida bartaraf etilishi mumkin.

Navbatdagi xat Toshkent viloyati davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga taalluqli. Unda, jumladan, shunday deyiladi: O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asoslangan holda ochiq suv havzalariga salbiy ekologik ta’sirni bartaraf etishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishdagi bevosita ishtirokchilar — Toshkent viloyati “Chirchiq — Ohangaron” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi hamda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga xat yuborildi.

Viloyat hududidan oqib o‘tuvchi ochiq suv havzalarining suvi o‘rnatilgan tartibda muntazam ravishda bakteriologik va kimyoviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha laboratoriya nazorati olib borilmoqda. Shuningdek, xatga Qibray tumani hokimi tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar ham ilova qilingan.

Ana xolos. Muammoning ko‘tarilganiga 2 oydan oshdi-yu, ammo haligacha o‘rtada xatlar sarson, rasmiyatchilik avjida. Kamchiliklarni xat hal qiladigandek, go‘yo. Buning ta’rifini keltirishga hojat ham yo‘q...

Muammoning yechimi muhim
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining “Qodiriya GESlar kaskadi” unitar korxonasi bu masalaga qanday izoh beradi? Ma’lum qilishlaricha, maqolada ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Ishda yo‘l qo‘yilgan kam-chiliklar uchun nazoratchi R. Nurmamatov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi, bosh muhandis N. Jo‘rayevga intizomiy jazo berildi.

Kanal yoqasidagi 9 tup daraxt kesib tashlandi, 270 metr masofadagi chakalakzorlar tozalandi. “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning kanal bo‘yida joylashgan korxonasiga sohilni chakalak va butalardan, qarovsiz daraxtlardan tozalash bo‘yicha xat berildi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga suv yo‘nalishiga xalaqit berayotgan daraxtlarni kesishga ruxsat so‘rab xat yuborildi. Noqonuniy qurilish qilgan 47 ta xonadon egalari tegishli ravishda ogohlantirildi.

Bunisiga nima deysiz? Ortiqcha qog‘ozbozlik, rasmiyatchiliklar nima uchun kerak? Kimga foyda-yu, kimga zarar? Foydasini bilmadigu lekin zarari aniq: atrof-muhit ifloslanadi, ekologiyaga ta’sir qiladi... Kelib chiqadigan salbiy oqibatlarni yana ko‘p davom ettirish mumkin.

— Kuni kecha Chirchiq shahar hokimligi tashabbusi bilan kanal qirg‘og‘ida ko‘p kishilik hashar uyushtirildi, — deydi “Qodiriya GESlar kaskadi” unitar korxonasi Gidrotexnika inshootlari (GTI) bo‘limi masteri Shuhrat Raimov. — Unga maxsus texnikalar jalb qilinib, hudud tartibga keltirildi. Albatta, bu ishlar bilan masalani to‘liq bartaraf etib bo‘lmaydi. Buning uchun hamkorlikni kuchaytirish va muammoni his qilib, unga yechim topishda barcha birdek faol qatnashishi kerak.

Keng jamoatchilik vakillari, faollar qachon uyg‘onadi?
Xalqimizda “Ko‘pdan quyon qochib qutulmas” degan naql bor. Bu bejiz emas. Barcha bir yoqadan bosh chiqarib, muammo o‘rtaga olinsa, masalani hal qilish mumkin. Ammo kanalning asosiy qismi oqib o‘tadigan Qibray, Zangiota,Yangiyo‘l tumanlarida bunday tadbirlar nima uchun amalga oshirilmayapti, degan savol hanuz javobsiz qolayotir.

Maqolaga munosabat bildirgan mazkur mutasaddi tashkilotlar ishlarini e’tirof etgan holda, yana bir masalaga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Bo‘zsuv kanaliga bevosita yoki bilvosita mutasaddi bo‘lgan 10 ga yaqin tashkilotlarning nomi keltirilgan edi.

Biroq qolganlari nega jim? Balki ularni ham to‘g‘ri tushunish kerakdir. Maqtashga arzigulik birorta ish amalga oshirilmagach, nimani ham qog‘ozga tushirish mumkin? Achinarlisi, ayrim mutasaddi tashkilotlar rahbarlari maqolani o‘qimaganliklarini ro‘yirost tan oldilar. Mana sizga bildirilgan ishonchu yuklatilgan vazifalarga munosabat.

Nega ayrim rahbarlar gazetamizda ko‘tarilgan muammolarga umuman befarq? Shu hududda ham yashab, ham ishlayotgan mahalliy Kengash deputatlari nega jim? Keng jamoatchilik vakillari,

faollar qachon uyg‘onadi? Bu ketishda Bo‘zsuv kanali suvining tozaligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolar qachon yechim topadi?

Masala jiddiy. Unga panja orasidan qarash, tomoshabin bo‘lish, mas’uliyat bilan yondashmaslik, loqaydlik, quruq va’dayuog‘zaki oldi-qochdilar shu tarzda davom etaversa, bugungi bir muammo ertaga yangisini paydo qilishi, bunga poydevor bo‘lishi turgan gap.

Savollarimizga esa viloyat, tuman (shahar) mutasaddi idoralaridan aniq javoblar kutib qolamiz...
Rahim ShЕRQULOV,
Rahmatilla ShЕRALIYEV,
“Xalq so‘zi” muxbirlari.
Hakim Yo‘ldoshev olgan suratlar.

Tahririyatdan:
Bo‘zsuv kanali muammolari doimiy ravishda tahririyat nazoratida bo‘ladi. Demak, ushbu mavzuga yana qaytiladi. Gazetxonlarimiz O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining mazkur masala yuzasidan munosabatini bilishni istashmoqda. Chunki ushbu maqolada ko‘tarilgan muammolar mamlakatimizdagi boshqa ochiq suv havzalari uchun ham xosdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?