Eski GES yangi qiyofa va quvvatlar bilan ishga tushirildi

10:36 23 Iyul 2020 Iqtisodiyot
285 0

Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida joylashgan Janubiy Fargʻona kanali 2-GESni modernizatsiyalash ishlari yakunlanib, quvvati oshirilgan mazkur inshoot qayta ishga tushirildi.

Aytish joizki, Janubiy Fargʻona kanali yurtimizdagi yirik magistral kanallardan biri hisoblanadi. Ushbu kanal imkoniyatlaridan unumli foydalanish, suv resurslarini samarali boshqarish maqsadida oʻtgan asrning 50 yillaridan eʼtiboran bir qancha gidrotexnika inshootlari bunyod etilgan. Xususan, Andijon viloyatida “Andijon GES-1”, “Andijon GES-2”, shuningdek, “Shahrixon GESlari kaskadi” unitar korxonasi tarkibiga kiruvchi 4 ta GES qurilib, ulardan hozirgi kunda ham foydalanib kelinmoqda. Biroq inshootlardagi mavjud qurilma va uskunalarning eskirib qolgani ularni modernizatsiya qilishni taqozo qilayotgan edi. Shu bois «Oʻzbekgidroenergo» AJ tomonidan yangi GESlar barpo etilishi barobarida, mavjudlarida modernizatsiyalash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.

Darhaqiqat, oʻtgan yili kaskad tarkibidagi Janubiy Fargʻona kanalidagi GES-1 (JFK GES-1) tubdan modernizatsiya qilingan boʻlsa, joriy yilda bunday tadbirlar GES-2 (JFK GES-2)da bajarildi. Bosh toʻgʻondan 1320 metr quyidagi ushbu inshoot qurilishi 1962-yilda boshlanib, 1966-yili toʻliq ishga tushirilgan. GESning oʻrnatilgan quvvati 6,7 MVtga teng boʻlgan.

Prezidentining 2017-yil 2-maydagi 2947-sonli qarori shu kabi koʻplab gidrotexnika inshootlariga ikkinchi hayotini bagʻishlamoqda. JFK GES-2 da modernizatsiya qilish tadbirlar, texnologik yumushlar Bosh pudratchi — Xitoy Xalq Respublikasining “Power Construction Corporation of China” Ltd” korxonasi tomonidan belgilangan muddatlarda bajarildi. Natijada avtomatik (aqlli) boshqaruv tizimi joriy etilib, quvvati 7,05 MVtga chiqarildi.

Mamlakatimizning tabiiy suv resurslaridan samarali foydalanib, aholini qayta tiklanadigan, ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida oxirgi yillarda gidroenergetika sohasida 30 dan ortiq investitsiyaviy loyihalar hayotga tatbiq etildi.

“Andijon GES-2”ning ishga tushirilishi bagʻishlangan tadbirda taʼkidlanganidek, bu boradagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilaveradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?