Ertaga yashil iqlim fondini dasturlashtirish boʻyicha global konferensiya boshlanadi. Unda Oʻzbekiston delegatsiya ham ishtirok etadi

19:36 18 Avgust 2019 Jamiyat
93 0

2019-yilning 19-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatov boshchiligidagi delegatsiya Songdo shahrida (Koreya Respublikasi) Yashil iqlim fondini dasturlashtirish boʻyicha global konferensiyada ishtirok etadi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Konferensiya ishida ishtirok etish doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Yashil taraqqiyot global instituti va Yashil iqlim fondi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi.

Eslatib oʻtamiz, Yashil oʻsish global instituti prezidenti BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun hisoblanadi. Yaqinda u Janubiy Koreyaga tashrif doirasida Senat Raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashgandi.

Unda ekologiya va iqlim masalalari boʻyicha Oʻzbekiston va Koreya hamkorligini muvofiqlashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Orol dengizi bilan bogʻliq dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarini targʻib qilishni davom ettirish imkoniyatlari muhokama etildi.

Bunda asosiy eʼtibor Yashil oʻsish global instituti koʻrib chiqishi uchun topshirilgan loyihalarni amalga oshirishni boshlash maqsadida Oʻzbekistonning keyingi rejalariga, shuningdek mazkur Institutning Oʻzbekistondagi vakolatxonasini ochish imkoniyatlariga qaratildi.

Qayd etilishicha, Institut vakillarining Oʻzbekistonda bevosita boʻlishi ekologik sof texnologiyalar ishlab chiqish va joriy qilish, “yashil” iqtisodiyot prinsiplarini, ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalarni kompleks joriy etish, choʻllanish va ekologik migratsiyaning oldini olish, shuningdek Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish maqsadida Yashil iqlim jamgʻarmasining, shuningdek boshqa jamgʻarmalarning moliyaviy mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha GGGI institutsional imkoniyatlarini oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Pan Gi Munni va uning jamoasini joriy yil 25-oktyabrda Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Orolboʻyini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish boʻyicha BMT rahnamoligidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?