Ertaga Oʻzbekiston uchun XMTning Majburiy mehnat toʻgʻrisidagi konvensiyasi bayonnomasi kuchga kiradi

18:59 15 Sentyabr 2020 Siyosat
102 0

Joriy yilning 16-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi uchun Xalqaro mehnat tashkilotining 1930-yildagi Majburiy mehnat toʻgʻrisidagi 29-sonli konvensiyasiga Bayonnoma (Jeneva, 2014-yil 11-iyun) kuchga kiradi. Bu haqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashqi ishlar vazirligi xabarida keltirilishicha, mazkur Bayonnoma Oʻzbekiston tomonidan 2019-yil 25-iyundagi OʻRQ-545-sonli Qonunga muvofiq ratifikatsiya qilingan.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi XMTning barcha 8 ta fundamental konvensiyalari ishtirokchisi hisoblanadi. Mazkur Bayonnoma esa fundamental konvensiyalardan biri, yaʼni XMTning 1930-yildagi Majburiy mehnat toʻgʻrisidagi konvensiyasining tarkibiy qismi hisoblanadi. Oʻzbekiston ushbu konvensiyaga 1992-yil 13-iyulda aʼzo boʻlgan.

Bayonnoma Konvensiyadagi eskirgan va bugungi kun voqeligiga javob bermaydigan bir nechta qoidalarni chiqarib tashlash hamda Konvensiyani majburiy mehnat maqsadidagi odam savdosi kabi illatlarga qarshi samarali kurashga imkon beruvchi normalar bilan toʻldirish maqsadida qabul qilingan.

Ushbu hujjat majburiy mehnatni oldini olish, uning qurbonlarini himoya qilish va himoya vositalaridan foydalanishni taʼminlash boʻyicha yangi majburiyatlarni belgilaydi va sohadagi xalqaro huquqiy asoslarni mustahkamlaydi.

Bayonnoma qoidalariga muvofiq XMTning har bir aʼzosi:

1. Ish beruvchilar va xodimlar manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bilan maslahatlashuvlar asosida uzoq istiqbolda majburiy mehnatning oldini olish maqsadida milliy siyosat va harakatlar rejasini ishlab chiqadi.

2. Quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi tegishli chora-tadbirlarni koʻradi:

  • alohida himoyaga muhtoj shaxslarni majburiy mehnat qurboniga aylanishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida ularni oʻqitish va xabardorligini oshirish;
  • majburiy mehnatga oid qonunchilikning amal qilish doirasi barcha xodimlarga va iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga tatbiq etilishi uchun tegishli saʼy-harakatlarni amalga oshirish;
  • davlat va xususiy sektorning majburiy mehnat xavfining oldini olishga qaratilgan faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
  • majburiy mehnat xavfini oshiradigan asosiy sabablar va omillarni aniqlash.

3. Majburiy mehnat qurbonlarini aniqlash, ozod qilish, himoya qilish va reabilitatsiya qilish boʻyicha hamda boshqa turdagi yordam va qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻradi.

Bayonnomada ishtirok etish milliy qonunchilikni xalqaro mehnat standartlariga muvofiq takomillashtirishga hamda respublikaning XMT bilan majburiy mehnatni tugatish sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?