Ertadan karantin choralari kuchaytiriladi

11:50 30 Iyun 2020 Jamiyat
534 0

Epidemiologik vaziyat yomonlashganini inobatga olib, Respublika maxsus komissiyasi tegishli qarorlarni qabul qildi.

Xususan, joriy yil 1-iyul sanasidan boshlab:

— respublikaning barcha hududlarida yirik buyum bozorlari hamda buyum savdosi bilan shugʻullanadigan yirik savdo majmualari haftaning shanba va yakshanba kunlari sanitariya-dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun yopiladi;

— “qizil” va “sariq” hududlarda soat 07:00 dan 23:00 ga qadar jamoat joylarida uch kishidan ortiq toʻplanish hamda 23:00 dan 07?00 ga qadar koʻchalarda, koʻp qavatli uylar va hovlilar oldida boʻlish TAQIQLANADI;

Bunda:

— faqatgina fuqarolarning salomatligi yomonlashganligi, homiladorligi munosabati bilan shifokor koʻrigidan oʻtish uchun davolash muassasasiga yoxud zarur dori-darmon xarid qilish maqsadida dorixonaga borib-kelishiga ruxsat beriladi;

— mazkur talablarni buzgan shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllaniladi;

—“qizil” va “sariq” hududlarda haftaning shanba va yakshanba kunlarida jamoat transporti harakati kamaytiriladi.

Ikkinchidan, koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan davlatlardan (qizil reyslar) Oʻzbekistonga kirib kelayotgan fuqarolarga oʻz hohishiga koʻra 14 kunlik karantin nazorati davrini haqini toʻlagan holda mehmonxonada oʻtkazishning vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi. Xususan: 

— Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan shakllantirilgan roʻyxatga kiritilgan mehmonxonalar ularga tegishli obyektlarni 24 soat uzluksiz qoʻriqlash boʻyicha Milliy gvardiya bilan shartnoma tuzadi;

— ushbu mehmonxonalarda tibbiyot muassasalari tomonidan shartnoma asosida kundalik tibbiy xizmat tashkil etiladi;

— fuqarolar respublikaning xalqaro aeroportlari va chegara oʻtkazish punktlaridan mehmonxonalargacha yoʻl patrul xizmati vakillari kuzatuvi ostida transport vositalari bilan yetkaziladi.

Bundan tashqari barcha yuqorida qayd etilgan talablarga qatʼiy rioya etgan holda, karantin nazorati davrini oʻtkazish uchun mehmonxonalarda joylashtirish sharti bilan xorijiy mamlakatlardagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega boʻlgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni turoperatorlar va aviatashuvchilar tomonidan ham respublikaga yetkazib kelish reyslari tashkil qilinishiga ruxsat berildi.

Uchinchidan, Oʻzbekiston Respublikasiga karantin davrida investitsiya loyihalari doirasida vizasiz 30 kungacha kelishi mumkin boʻlgan davlatlardan jalb qilingan mutaxassislar uchun:

— istisno tariqasida Oʻzbekistondan hududidan chiqmasdan turib ishbilarmonlik kirish vizasi (biznes viza) olishga ruxsat beriladi.

Toʻrtinchidan, koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar uch toifaga ajratilmoqda: 

— koronavirus infeksiyasining yengil shakllari aniqlangan (kasallik alomatlarsiz oʻtayotgan) bemorlar;

— koronavirus infeksiyasi oʻrtacha ogʻir kechayotgan (tana harorati koʻtarilayotgan) bemorlar;

— koronavirus infeksiyasi ogʻir kechayotgan bemorlar.

Shu munosabat bilan joriy yil 5-iyul sanasidan boshlab koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolash bilan bogʻliq quyidagilarni nazarda tutuvchi YANGICHA TARTIB joriy etilmoqda:

— kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar shifokor tavsiyalari asosida, sanitariya-gigiyena qoidalari hamda parvarish uchun zarur sharoitlar mavjud boʻlganda, UY SHAROITIDA davolanishiga ruxsat etiladi;

— shifoxonalarda va uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar 10 kun muddatda klinik belgilari kuzatilmagan taqdirda NAZORATDAN CHIQARISH amaliyoti joriy etiladi;

— koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor bilan birlamchi MULOQOTDA BOʻLGANLAR 14 kunlik karantin muddatini uy sharoitida yoki tasdiqlangan roʻyxatga asosan mehonxonalarda barcha sanitariya-epidemiologiya va karantin cheklovlariga rioya etgan holda oʻtkazishga ruxsat beriladi;

— birlamchi skrining test tahlillari musbat natija bergan namunalarni tasdiqlash tahlillarini oʻtkazish vakolati Bosh sanitar shifokor koʻrsatmalaridan kelib chiqib HUDUDIY sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga beriladi;

— aholining populyatsion maʼlumotlar bazasini yaratish maqsadida koronavirus antitanachalariga IFA tekshirishlariga, davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda, xususiy sogʻliqni saqlash sektoridagi tibbiyot muassasalari ham jalb etilishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?