Yerni xususiylashtirish bizga nima beradi?

10:47 20 Avgust 2019 Jamiyat
253 0

Endilikda Oʻzbekiston fuqarolari oʻzlarining uylari, korxonalari va boshqa mulklari joylashgan yerni xususiylashtirib olish imkoniga ega boʻldilar.

Kuni kecha qabul qilingan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonun, qoʻrqmay aytish mumkinki, tarixiy hujjat boʻldi. Chunki shu paytgacha bizda yer davlatniki, hammamiz undan u yoki bu tarzda foydalanuvchi edik, xolos.

Tarixga nazar tashlasangiz, oʻzbekning qoʻlidan yer tortib olingan kolxozlashtirish davridan beri biz yerdan foydalanuvchi boʻlib kelganmiz. SSSRning soʻnggi yillarida va Mustaqillik davrida yerni xususiylashtirishga bir necha marta urinish boʻlgan, ammo bu urinishlar turli sabablarga koʻra muvaffaqiyatli yakunlanmagan.

Mana, nihoyat, hukumatning bu masaladagi qatʼiy siyosati hamda ijtimoiy-iqtisodiy sharoit taqozosi bilan yerlarni xususiy mulk sifatida rasmiylashtirish imkoni paydo boʻldi.

Bu nima degani?

Yerni xususiylashtirishning ahamiyati ikki muhim omil orqali namoyon boʻladi.

1. Maʼnaviy omil. “Er kishi yer sotmaydi, yer sotgan er boʻmaydi”, degan Mirzakarimboy haq edi – yer mulklar orasida eng salmoqlisi va eng qadrlisi ekanini keksa savdogar yaxshi bilgan.

“Qaydan bilsin ot qadrin ot minmagan erkaklar” (M.Yusuf) deganlaridek, yuz yildan ortiq yerga egalik nimaligini bilmagan millat bu hujjatning qadriyu ahamiyatini toʻliq anglamayotgandek. Aslida, bu tarix kitoblariga muhrlanadigan, kelgusida hujjat qabul qilingan kun “kun tarixi” ruknida birinchi navbatda esga olinadigan sanadir.

Yerning xususiy mulkka aylanishi maʼnaviy tomondan fuqaroga katta ishonch beradi. Xususiy yerga kishining mehri boshqacha boʻladi. Yer egasi oʻzini oyoqda mahkam turgandek his qiladi, uzoq kelajakka doir rejalar tuzadi va istiqbolini aniqroq koʻra boshlaydi.

Qolaversa, ayrim katta toʻralar tomonidan endi “Yer seniki emas, davlatniki” degan iddaolar boʻlmaydi. Oʻz uyingizda ijarada turgandek yashamaysiz.

2. Iqtisodiy omil. Hech bir ishlab chiqarish yersiz amalga oshmaydi, chunki har qanday korxona bir parcha yer ustiga joylashgan boʻladi. Yer – xuddi kapital, energiya, axborot singari iqtisodiy omil. Olaylik, ishchi kuchi arzon, texnika qimmat boʻlsa, tadbirkor qimmat texnika sotib olishdan koʻra koʻproq ishchi yollashga harakat qiladi. Xuddi shunday, korxonasi qimmat yerda joylashgan boʻlsa, uni sotib, ishni arzon yerga koʻchirishga harakat qiladi, chunki yerning narxi ham mahsulot tannarxiga taʼsir qiladi. Demak, yer xususiylashsa, tadbirkor ham, jamiyat ham foyda koʻradi (shaharning markazida ishlab chiqarish korxonalari boʻlmaydi, masalan).

Yerga kim egalik qiladi? Albatta, undan koʻp foyda olishga qodir boʻlgan, shu sababli yer uchun bozorda eng yuqori narx bera oladigan shaxs. Taʼkidlash joiz, u puli koʻp boʻlgani uchun yerni qimmat bahoga sotib olmayapti (normal sharoitda tadbirkor pulni bankdan kreditga oladi, hatto shu yerni garovga qoʻyib boʻlsa ham), balki u shu yer uchastkasida foydali biznesni yoʻlga qoʻya olishiga koʻzi yetgani uchun sotib olyapti. Demak, yerga egalik yerdan foydalanuvchilarni makonda oqilona, oʻz oʻrnida joylashtirish uchun turtki boʻladi.

Shuningdek, yer xususiy mulkka aylangach, oʻz-oʻzidan yer bozori paydo boʻladi, xuddiki bir paytlar uy-joy xususiylashgach, uy bozori paydo boʻlganidek. Demak, yerning haqiqiy bozor bahosi shakllanadi.

Bundan tashqari yerni garovga qoʻyish, ijaraga berish kabi imkoniyatlar paydo boʻladi, yaʼni yer iqtisodiy muomala obyektiga aylanadi.

Oddiy fuqaro hayotida nima oʻzgaradi? Birinchi navbatda, uning xususiy mulki mustahkam himoyaga ega boʻladi.

Bugungi “buz-qur” zamonida uy-joylarni davlat ehtiyoji uchun olib qoʻyish, obod shaharlar va mahallalar qurish asnosida xususiy mulk daxlsizligi masalasi birmuncha muammoga aylangani sir emas. Odamlar yerning emas, faqat uning ustiga qurilgan binoning mulkdori boʻlgani holda, baʼzan shu binoning ham tovon pulini ololmay sarson boʻlyapti. Shunday sharoitda fuqarolarning mulkini himoya qilish uchun uni mutahkam zaminga bogʻlab qoʻyish imkoni paydo boʻldi.

Hujjatda aytilishicha, xususiy yerlar faqat mulkdorning roziligi bilan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi mumkin. Agar yer xususiylashtirilgan boʻlsa, endi binoning, mulkning kompensatsiyasini toʻlabgina, yerni davlat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish imkoni boʻlmaydi. Bunda yerni mulkdordan sotib olish yoki boshqa yoʻl bilan uni rozi qilish kerak boʻladi. Agar rozi qilinmasa, uning yerini olib qoʻyish mumkin emas.

Tasavvur qiling: Sitining oʻrtasida bitta kulba turibdi. Demak, oʻsha kulba joylashgan yer egasi yerini sotishni istamagan. Xususiy mulk daxlsizligi shu boʻladi.

Qurbi yetmaganlar-chi? Ayrimlar aholining daromadlari past boʻlgan sharoitda yerni xususiylashtirish nimaga kerak, masalan, shahar markazida yashovchi pensioner qariyalar yoki kam taʼminlangan oilalar baribir oʻzi yashab turgan yerni xususiylashtirib ololmaydi-ku, deyishi mumkin.

Bir jihatdan haqli eʼtiroz. Lekin shu sababni deb yerni xususiylashtirishning ahamiyatini kamaytirib koʻrsatish toʻgʻri emas. Avvalo, yerni xususiylashtirib olish uchun juda katta mablagʻ talab qilinmaydi: hozircha, buning mexanizmi ishlab chiqilmoqda.

Qolaversa, tasavvur qiling, bir mahalladan hech boʻlmasa bitta fuqaro oʻz uyi joylashgan yerni xususiylashtirib oldi. Shuning oʻzi butun mahalladagi binolarni noqonuniy buzlishdan himoyalovchi qoʻshimcha qalqon boʻlishi mumkin. Birgina shu fuqaro yerimni sotmayman, deb tursa, kifoya. Butun mahallani buzib, bitta uyni qoldirib kim “siti” qura oladi? Vaholanki, yerni xususiylashtirishga qurbi yetadiganlar mahallada bir necha, hatto oʻnlab boʻlishi mumkin, ayniqsa, shahar markazida.

Demak, fuqarolarda hokimiyat bilan mojarolarda oʻz mulklarini himoya qilish uchun yana bir richag paydo boʻldi.

Yerlar talon-taroj boʻlib ketmaydimi? Yoʻq, unday boʻlishi mumkin emas. Chunki jismoniy va yuridik shaxslarga faqat mulki joylashgan yerni xususiylashtirib olishga ruxsat berilyapti. U hatto qoʻshnisining bir qarich yerini ham oʻziniki qilib olomaydi, ustida oʻziga tegishli bino boʻlishi kerak.

Korrupsiya uchun yangi darcha ochilmadimi? Hokimliklar yerlarni xususiylashtirishni avval rad etib, maʼlum manfaat evaziga keyin rozilik berish hollari uchramaydimi, degan xavotir boʻlishi mumkin. Bu asossiz qoʻrquv. Chunki qonunda yerlarni xususiylashtirish qaysi holatlarda rad etilishi mumkinligi aniq sanab berilgan.

Qonunga koʻra, yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etishga quyidagilar asos boʻlishi mumkin:

yer uchastkalariga nisbatan sud jarayoni ketayotgan boʻlsa;

yer uchastkalarida joylashgan koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan taqiq yoki xatlov mavjud boʻlsa;

ariza berilguniga qadar yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish, infratuzilma obyektlarini qurish toʻgʻrisida vakolatli davlat organlari hujjatlari mavjud boʻlsa;

arizada notoʻgʻri, bir-biriga zid boʻlgan yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlansa;

yer uchastkasi uchun Qonunda belgilangan muddatda va toʻliq toʻlov qilinmagan boʻlsa.

Koʻrinib turganidek, bu roʻyxat uzun emas va uni istagancha talqin va tatbiq etish mumkin emas.

“Biz yerni ajdodlardan merosga oldik deb xato oʻylaymiz, aslida biz uni avlodlardan qarzga olganmiz”, degan edi Antuan de Sent Eksyuperi. Yerga oqilona munosabatda boʻlish bizning farzandlar oldidagi burchimiz. Ayniqsa, bu yer oʻzimizning xususiy mulkimiz boʻlsa. Shu nuqtayi nazardan ushbu Qonunni yerga boʻlgan tabiiy egalikni (va masʼuliyatni) qonunlashtiruvchi hujjat deb baholash mumkin.

Shahnoza Soatova,

Adliya vazirligi masʼul xodimi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?