Erkin Komilov va Gavhar Zokirova paxta terimiga chiqdi (Foto)

17:45 09 Oktyabr 2018 Madaniyat
1048 0

 

“Xalq soʻzi Online”. Qudratilla Najmiddinov/Namangan. Yigʻim-terim mavsumida paxtakorga madad berib, “hormang”, deya dala mehnatchisining koʻnglini olish anʼanaga aylangan. Ayniqsa, qisqa muddatli hordiq soatlaridagi madaniy xizmat kishining charchogʻini yozib yuboradi.

Norin tumanidagi “Durdona-Gʻayrat” fermer xoʻjaligining hosil qizgʻin yigʻib olinayotgan paykaliga tashrif buyurgan Oʻzbekiston Xalq artistlari Erkin Komilov hamda Gavhar Zokirova bilan uchrashuv ham“oq oltin” mavsumi ishtirokchilariga nashʼali soatlarni hadya etdi.

Har ikki sanʼatkorning terimga ishtiyogʻi baland ekan, darrov belga etak bogʻlab, safga qoʻshilishdi. Hazil-mutoyibaga yoʻgʻrilgan suhbatdan dillar yayradi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay tuman madaniyat boʻlimiga qarashli “Guldasta” ansambli tushlik ustida kichikkina konsert dasturi tashkil etdi. Yigit-qizlar xalq artistlarini davraga tortishdi, kuy-qoʻshiq ohangiga mos raqslardan barcha birday zavq oldi. Maroqli tadbir nihoyasida ilgʻorlar sharaflandi. Eng chaqqon terimchilar kitoblar toʻplami hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan ragʻbatlantirildi.

“Xoʻjaligimiz aʼzolari, ularga yordamga chiqqan mahalla ahlining kuchi bilan daladagi hosilning 70 foizga yaqinini yigʻishtirib oldik. Bugun taniqli sanʼatkorlar, ular bilan birga kelgan maʼnaviyat targʻibotchilari bilan uchrashuvdan koʻnglimiz togʻday koʻtarildi, gʻayratimiz ortdi”, - deydi fidoyi fermer Mahfirat Xojiyeva.

Namangan viloyat madaniyat boshqarmasi, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi, Yoshlar Ittifoqi viloyat Kengashi tomonidan “Hormang, aziz paxtakorlar!” shiori ostidagi bunday madaniy-maʼrifiy tadbirlar barcha tumanlarda tashkil etilib, mehnat ahlining mazmunli hordiq chiqarishi taʼminlanmoqda. Davralarda yangragan kuy-qoʻshiq, mushoiralardagi sheʼrlar jarangi terimchilar kuchiga-kuch qoʻshmoqda, ish surʼati tobora koʻtarilyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?