Erkak va ayollar huquqlari tengligi yagona qonunda aks etadi

17:15 12 Avgust 2019 Jamiyat
199 0

Illyustrativ foto

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida bir qator qonun loyihalari qizgʻin muhokama qilinmoqda. “Erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlari kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ana shulardan biri sanaladi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan mazkur qonun loyihasini maromiga yetkazish maqsadida masʼul qoʻmita — Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi tomonidan yigʻilish oʻtkazildi.

— Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston tarixida birinchi marta qabul qilinayotgan ushbu qonun loyihasi jamiyat hayotining barcha sohasida erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyat yaratishni taʼminlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Lyudmila Koshelapova. — Shuningdek, unda gender tenglik, ayollarni kamsitish tushunchasi va turlari, vakolatli organlarning vazifalari, davlat boshqaruvida ishtirok etish, ishga qabul qilishyoki yollashda, kreditlar olish va tadbirkorlik bilan shugʻullanishda gender tenglikni taʼminlash boʻyicha normalar, gender tenglik buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar oʻz aksini topgan. Loyiha bilan erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi davlat boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasining Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish boʻyicha komissiyasi, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qonun loyihasini tayyorlashda Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Koreya, Ispaniya, Latviya, Litva, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjon kabi mamlakatlarning gender tenglikni taʼminlash sohasidagi qonunchilik tajribasi oʻrganilgan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va BMT Taraqqiyot dasturining qoʻshma loyihasi doirasida BMTning Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha boʻlinmalari ishtirokida maxsus ishchi guruh tuzilib, yuzdan ortiq takliflar koʻrib chiqilgan, ular koʻmagida qonun loyihasi xalqaro standartlarga javob beradigan darajaga yetkazilgan.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirilgan qonun loyihasi muhokamasi jarayonida 2 ming 200 nafarga yaqin fuqaro tomonidan ushbu hujjat koʻrib chiqilgan va 82 ta taklif bildirilgan. Uni ishlab chiqishda tegishli fikr-mulohaza va takliflar inobatga olingan.

Deputatlarning qayd etishicha, mazkur hujjatning qabul qilinishi erkaklar va ayollarning tengligiga oid huquqiy munosabatlarning takomillashishiga, shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasining mustahkamlanishiga, sohaga doir huquqni qoʻllash amaliyotining aniq va bir xilda boʻlishini taʼminlashda muhim omil boʻladi.

Ziyoda ASHUROVA


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?