Yeri bir, dini bir, qondoshu jondosh do‘stu qadrdonlar ko‘nglida bahor uyg‘ondi

15:58 28 Mart 2018 Jamiyat
815 0



Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturlarida o‘z ifodasini topgan, Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Markaziy Osiyo — bosh ustuvor yo‘nalish” deya e’lon qilingan tamoyil jamiyatimizga toza havo olib kirdi. Tabiatda esa Navro‘zi olam tufayli yangilanish hukm surmoqda. Tabiat va jamiyat uyg‘unligi tufayli shahar kentlarga ko‘kdan fayzu baraka yog‘iladi. Shu ma’noda, barcha bayramlar orasida insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida YuNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan Navro‘zning o‘rni o‘zgacha. Unda bag‘rikenglik, qadr qimmat, oqibat, rahmdillik singari insoniy fazilatlarga keng o‘rin berilgani turli murakkab davrlarda ham jamiyat hayotiga ijobiy ta’sir qilib, kelishmovchiliklarni bartaraf etishda yuksak ahamiyatga molik bo‘lgan.

Zero, Alisher Navoiy bobomiz ham “Navro‘z” va “Qadr” tushunchalarini yonma-yon qo‘ygani bejiz emas. Tabiat hamda jamiyatdagi bunday bog‘lanish farog‘at o‘lkalarining shakllanishiga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifidan so‘ng yeri bir, dini bir qondoshu jondosh qadrdonlar ko‘nglida chinakam bahor uyg‘onganiga go‘zal tojik diyoriga ijodiy safar chog‘ida guvoh bo‘ldik.

Do‘st bilan obod uying...

Yurtboshimiz tashabbusi bilan Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent singari viloyatlarimiz sarhadlaridagi chegara postlari ochib yuborilgani haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va tanish-bilishlarning qo‘ng‘iroqlari orqali yaxshigina xabardor esam-da, Bekobod — Qo‘shtegirmon chegara postiga yaqinlashib borganim sari eshitganlarimning barchasi sarob bo‘lib chiqadigandek, qandaydir tahlika, ichki xavotir butun borlig‘imni chulg‘ab olgan edi. Buni uzoq yillar bu yerda qandaydir mavhum alamangizlik hamda bag‘ritoshlik, har ikkala xalqqa ham xos bo‘lmagan sovuq munosabatga duch kelib, hafsalasi butkul pir bo‘lgan, ishonchlarini yo‘qotganlar yaxshi his qilishadi. Shu bois Mirzacho‘lni o‘zlashtirishga kelib, turli cho‘l tumanlarida o‘troqlashib qolgan, qiz olib, qiz berib quda-andalashib ketgan qavmu qarindoshlar emin-erkin kelib ketadigan bolalik chog‘larini cheksiz sog‘inch bilan qo‘msardi. “Nimalarni boy berdig-u, nimalarga erishdik?” degan savol javobiga keladigan bo‘lsak, qazoyu qadarning shafqatsiz hukmi hikkasidan qochib qutula olmaslik haqidagi azaliy hikmatlardan o‘zga tasallining o‘zi yo‘q edi.

Har ikkala tomonning Afrika savannalarida yirtqich hayvonlarni qo‘riqlaydigan qo‘riqxonalarida ham uchramaydigan temir darvozalari ongimiz va ruhimizga shu qadar kuchli salbiy ta’sir qilardiki, bu darvozalarning mingta chaqmoq urib ham sindirish mumkin bo‘lmagan qulfini tunu kun qo‘riqlab turadigan temirtanlar bilan nainki to‘qnash kelish, balki ular qiyofasini tasavvur etishning o‘zi ham qalbimizda og‘ir jarohatlar qoldirardi.
Bugun miyamda fikr uchquni chatnab o‘tdi. Ko‘zguga boqib, chehramda tabassum ko‘rdim.

Endi barchasi boshqacha

Chegara hududidan o‘tib-qaytuvchilarning yuz-ko‘zlaridagi quvonch alomatlarini ko‘rib, ko‘nglim ravshan tortdi. Xavotirlarim behuda bo‘lib chiqdi. Qavmu qarindoshlari, yaqinlari diydoriga, o‘tganlar ruhini shod etish uchun qabrlari ziyoratiga oshiqqanlar, boshqa yumush-tashvishlar bilan yo‘lga otlanganlar ko‘pligiga qaramay, 
bu yerda avvalgidek tahlika payqamaysiz. 

Avvallari obdan vahimaga soluvchi xizmat vakillari o‘rnini endi xushmuomala, odobli, tarbiya ko‘rgan yoshlar egallagandek taassurot uyg‘onadi. O‘tgan-ketganlarga ularning yaqin qarindoshini uchratib qolgani kabi mehribonlik ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lishning o‘zi ham naqadar yoqimli! Asli tojikistonlik bo‘lib, hozirgi kunda Toshkentda istiqomat qilayotgan Xosiyat ismli juvon anchadan buyon ota-bobolari yurtiga bora olmay, endi bunday imkoniyat tug‘ilganidan suyunib ketib, qo‘l yuklaridan tashqari kattagina tort ham ko‘tarib olgan ekan, uning qopqog‘i ochilib qo‘lidan tushib ketayozgan mahalda bojxonachilardan biri yordamga oshiqib, qutini ochilib ketmaydigan qilib qog‘oz qistirgich bilan sozladi va egasining qo‘liga tutqazdi.

— O‘sha yerdayam bunaqa tortlar ko‘p-ku, — dedi hujjat rasmiylashtirish uchun navbatda turganlardan biri. — O‘zingizni ovora qipsiz-da, singlim!
— Bundan buyon o‘rtamizdagi munosabatlarda hech qachon achchiq aralashmasin, deb bu shirinlikni men Toshkentdan atay olib kelayapman, — dedi Xosiyat nimtabassum bilan.
Uning topqirlik bilan aytgan bu javobi barchaga ma’qul tushdi:
— Aytganingiz kelsin, aytganingiz kelsin! — degan xitoblar yangradi.
Buyuk Maxatma Gandining har qanday vaziyatda ezgulik ustun kelishi haqidagi g‘oyasini eslab xayol surib turgandim, shu mahal o‘z kuchiga ishongan barvasta bir yigit hujjat rasmiylashtirish navbatiga rioya etmay oldinga intila boshladi. Uning bu qilig‘i odamlarga ma’qul kelmadi.
— Navbatda turing! — ovoz ko‘tardi kimdir.
— Menga mumkin! — barvasta ham bo‘sh kelmadi.
— Bu qanaqasi? — ko‘rib turgan narsasini boshqalardan so‘ramoqchi bo‘ldi yana birov.
— Shunaqasi! — u ham kechikmay o‘z javobini oldi.
— Keling, o‘g‘lim, — oldinroqda turganlar orasidan avval mehribon bir tovush eshitilib, keyin boshiga oq ro‘mol tashlab olgan oltmish yoshlardagi baland bo‘yli ayol safdan chiqa boshladi. — Mening o‘rnimga tura qoling, shoshadigan joyim yo‘q, yana navbat olib turaveraman, shu kunlarga yetkazgani uchun Allohga shukr.
Kutilmagan bu taklifdan hammadan ham barvasta yigitning og‘zi ochilgancha angrayib, turgan joyida qotib qoldi. So‘ngra birdaniga kifti qisilib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yganicha boshini egdi:
— Rahmat, onajon, — dedi nigohini yerdan uzmay. — Uzr, beadablik qilib qo‘ydim, ayb menda.
Maxatma Gandining nechog‘li buyuk zot ekanligiga yana bir bor tan berdim.

U kunlar ortda qoldi

Bekobod postidan o‘tgach, har ikkala chegara hududi uchun oraliq masofa hisoblangan ko‘prik o‘rtasiga yetib borganimda, qandaydir tanish ovoz qulog‘imga chalingandek bo‘lib, beixtiyor to‘xtab qoldim va tevarak-atrofga alangladim. Nima balo, odamni uchirib yuborgudek shahd bilan chiranayotgan Bekobod shamoli ko‘z ochirgani qo‘ymayotgan bu yerda qoraxayol — gallyutsinatsiyaga uchrab qolmadimmikan, ishqilib? Shamolga basma-bas yana bir-ikki qadam tashlovdim hamki, yana qulog‘imga o‘sha ovoz chalingandek bo‘ldi. Yana to‘xtab, o‘ng tomondagi bir metrdan balandroq beton to‘siqqa qaragancha faromush turgan edim, xayolimda ilkis bir manzara jonlandi.

Bu voqea sodir bo‘lganiga ham o‘n besh yillar bo‘ldi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi, kattayu kichik kitobxonlarning birdek suyukli adibi Xudoyberdi To‘xtaboyevning o‘zlari ham yaxshi eslasalar kerak, ayni yoz chillasi edi. Adibning Xo‘janddagi muxlislari taklifi hamda bu yerda o‘zbek tilida chop etiladigan viloyat gazetasining yubileyi munosabati bilan ikki tomon kelishuviga asoslanib yo‘lga chiqqandik. Chegaradan o‘tayotganimizda bir necha bor yurak xastaligini boshdan kechirgan Xudoyberdi aka toliqib qoldilar, shekilli, bir oz nafas rostlaylik deganicha peshona terini artib, ana shu beton ustida omonat o‘tirgan, men boshqalarga xalaqit bermaslik uchun nariroqda tik turgan edim. Bir yigit qora terga botgancha narigi tomonga aravada qovun olib o‘tayotgan ekan, bu yerda kunda-shunda vositachilik bilan kun ko‘ruvchi, aytishlaricha, “quloq”lardan biri uning qovunidan ikkitasini olib qo‘ydi. Haligi boyoqish uning nimalarga qodirligini avvaldan bilar ekanmi, “g‘iq” etmadi. Yana bir oz yurgach, bu holat takrorlandi. Nariroqda yana... Qisqasi, arava yurgan sayin undagi qovunlar ham kamayib borar, aravakash battar terga botib, yig‘lab yuboray-yig‘lab yuboray derdi. Uning bu ahvolini kuzatib o‘tirgan adibning ham yuragi dosh bermay, yoshlangan mijjalarini ro‘molchasi bilan artib turgan edi, shu zahotiyoq xomtalashni boshlab bergan yigitcha uning qarshisida hoziru nozir bo‘ldi.

— Otaxon, naryoqqa o‘tmoqchimisiz? — deya o‘smoqchiladi u qo‘li bilan atigi yigirma odimdan keyin boshlanadigan qo‘shni davlat hududiga ishora qilib.
Hech narsa xayolida yo‘q, uning to‘g‘rilikcha so‘rayotganiga ishonchi komil bo‘lgan soddadil adib bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Qancha berasiz? — adib tomonga enkayib shivirladi vositachi katta narsa kafolatini o‘z bo‘yniga olayotgandek. — Garantiya, o‘zim moshinga mindirib yuboraman.
Surbetlarcha qilingan bu taklif taniqli adibni cho‘chitib yuborib, o‘rnidan turib ketishga majbur etgan edi.

“Tuproq olsalaringiz oltin bo‘lsin!”

Barchasi xamirdan qil sug‘urgandek ko‘chdi. Kimsan, qayoqqa, nega kabi sillani quritib yuboradigan savollaru ko‘ngli xohlagan paytda “obed”, “tanaffus”, “karantin” degancha darvozani sharaqlatib yopib, qish qahratonida, yoz jaziramasida odamlarni soatlarcha kuttirib qo‘yishlar haqida endi birov eslamaslikka urinadi. Lekin hech kim u kunlarni unutolmaydi. Shu bois tildan shukrona tushmaydi.

Tojikiston zaminiga qadam qo‘ygach, men chiqishim kerak bo‘lgan mashina o‘ng tomonda turganini bilsam ham ko‘pchilik chap tomonga oqib borayotganini ko‘rib, ularga ergashaman. Oppoq kiyingan, soch-soqoli ham oppoq xizrsifat bir qariya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning samimiy qo‘l siqishib tushgan suratlari poyida duoga qo‘l ochib turardi. Odamlarning bu tomonga oshiqishgani sababi ham shunda — noma’lum qariyaning duosiga sherik bo‘lishda ekan.


— Tuproq olsalaringiz oltin bo‘lsin! — hirqiroq tovushda ortida turgan odamlarni payqamay chin ko‘ngildan munojot qilardi qariya.
— Ilohi omin! — o‘z kaftlarining taram-taram qadoqlaridan ko‘z uzmay unga qo‘shilishdi erkaklar.
— Ilohi omin! — qalqqan ko‘z yoshlarini ichga yutishdi munis ayollar.


Men ham kaft yozdim. Shu yoshimda duoda turgan chog‘da qalb bunchalar to‘lqinlanishini ilk bora his etdim. Qalbimdan alam aridi. Buyuk donishmand Konfutsiyning so‘zlarini esladim. “Qo‘rqsang, faqat xudoning xohishidan qo‘rq! Qo‘rqsang, faqat avliyoning koyishidan qo‘rq! Qo‘rqsang, faqat xalqning qarg‘ishidan qo‘rq!”.
Men shu choqqacha butun borlig‘imni zabt etgan qo‘rquv hissining behudaligini anglab, quvonib ketdim. Qalbimning tub-tublarida jasorat va mardlikning qudratli to‘lqinini tuydim hamda bosh ko‘tarib hamma qarayotgan tomonga qaradim. Rahmat, Sizga!

O‘rtada mehr-muhabbat bo‘lsa...

Qo‘shtegirmon postidan Dushanbe shahriga olib boradigan 300 kilometrga yaqin yo‘lning 200 kilometrdan ortiqrog‘ini dengiz sathidan bir necha ming metr balandlikda joylashgan tog‘ yo‘li tashkil etadi. So‘g‘d viloyatini mamlakat poytaxti bilan bog‘laydigan, xitoylik yo‘lsozlar tomonidan bunyod etilgan bu yo‘ldagi yuksak qoyalar bag‘rini yorib o‘tgan ikkita besh kilometrdan iborat tunnel hisobidan avvalgi masofa bir necha o‘nlab kilometrga qisqargan.

— Singlim Umrinisaning qizi Maftuna Ko‘lobdagi Fayziobod qishlog‘iga kelin bo‘lib tushgandi, — deydi yo‘lda bizga hamrohlik qilgan so‘g‘dlik Safarali Ne’matov degan ellik yoshlardagi o‘zbek kishi. — Dushanbega yetib olsak, yana ikki yuz kilometr yo‘l bosishimiz kerak.
Uning bu gapini yonida o‘tirgan singlisi bosh irg‘ab tasdiqlaydi.
— O‘rtada muhabbat bo‘lsa, til to‘siq bo‘lolmas ekan, — jilmayadi Safarali. — Men ham, singlim ham tojik tilini, qudalarimiz esa o‘zbek tilini bilishmaydi. Yoshlar bir-birini ko‘rib yoqtirib qolishgach, iloj topolmadik, mana, hozir to‘y qilganimizga olti oy bo‘ldi, jiyanim tojikchani binoyidek o‘rganib olibdi.
— Kuyovimiz esa o‘zbek tilida gapira boshlabdi, — kuladi Umrinisa. — Endi u bizga tojik tilini, qizimiz qudalarimizga o‘zbek tilini o‘rgatmoqchi ekan.
Aka-singilning chin dildan aytgan so‘zlari zamirida katta haqiqat mavjud. Mehr-muhabbat dillarni dillarga bog‘lasa, inson bir-birini tushunib olishi uchun til to‘siq bo‘lolmas ekan. Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlarining mashhur misralarini eslang:
Ishq tili rubob tilidek sir emish,
Turku arabu yunonga bir emish.


“Men do‘stlar ko‘ngliga bahor keltirdim”

Omonboy aka Jumanovning ota-bobolari Farg‘onaning Rishton tumanidan bo‘lib, taqdir taqozosi bilan o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida Tojikistonga borib qolishgan. Omonboy aka Dushanbeda tug‘ilib, shu yerda o‘sib-ulg‘aygan, oliy ma’lumot olgan. Hozir yetmish besh yoshni qoralagan bu kishi tojik tilini ham o‘z ona tilidek biladi. Uning boshidagi farg‘onacha do‘ppi e’tiborimni tortadi.

— Odamning kiygan do‘ppisiga qarab ham u haqda uncha-muncha narsalarni bilib olsa bo‘ladi, — deydi Omonboy aka kalta soqolini tutamlab qo‘ygancha. — Mana, yaqinda o‘zbegu tojik san’atkorlarining katta konserti berilganida har ikkala xalqning suyukli hofizi, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev ham xuddi shunaqa do‘ppi bilan sahnaga chiqdi. “Qayga borsam boshda do‘ppim...” deya kuylaganiga o‘zi ham amal qilgan xushovoz xonandani juda sog‘inib qolgan ekanmiz. Ayniqsa, uning Tojikiston xalq artisti Jo‘rabek Murodov bilan birgalikda sahnaga chiqqanida ham katta ramziy ma’no bor. Hozir qayga bormang, butun Tojikiston ahlining og‘zida shu konsertning ta’rifu tavsifi.

— Odamlar bu konsertni entika-entika, yig‘lab-yig‘lab tomosha qilishganiga o‘zim guvohman, — deydi Tojikistondagi o‘zbek jamiyatining raisi Muharram Mirzaolimova. — Bunday kunlarga yetishni qanchalik mushtoqlik bilan kutgandik. Yaratganga shukr, iltijolarimiz ijobat bo‘ldi.

— Odil Yoqubov aytganidek, har qanday jamiyatning og‘rib turgan nuqtalari bo‘larkan, — deydi shu kunlarda yetmish yoshni qarshilayotgan Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a’zosi, shoir Jamshid. — Mana shu og‘riqli nuqtaga malham bosilganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu hodisalar haqida birovning ijobiy bo‘lmagan fikr aytishi nari tursin, hatto bu haqda o‘ylashi ham gunoh hisoblanadi.

Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi o‘zbek-tojik adabiy aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi har ikkala tomon adabiy jarayonlariga samarali ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz. O‘zbek shoir-yozuvchilarining to‘plamlari tojik tilida chop etila boshlandi. Tojik shoirlarining she’rlaridan saralab olingan namunalar “Hamohang ohanglar” nomi ostida shu kunlarda nashrdan chiqish arafasida. Betakror tojik shoiri Loyiq undan joy olgan satrlarida shunday deydi:

Men do‘stlar ko‘ngliga bahor keltirdim,
Oshiqlar diliga xumor keltirdim.

“O‘zbekiston o‘g‘lidurman, tojigim gufto pisar”

Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi a’zosi, xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Abulqosim Lohutiy mukofoti hamda “Do‘stlik” ordeni sohibi, ajoyib g‘azalnavis shoir O‘lmas Jamolning o‘tgan yili 83 yoshda vafot etgani xabari uning muxlislarini qayg‘uga solgan edi. Samarqand viloyatining Urgut shahrida tavallud topgan shoirning bolalik chog‘larida ularning oilasi Dushanbe shahriga ko‘chib ketishadi. Yoshligidan she’rlar yoza boshlagan O‘lmas Jamol har ikkala mamlakatda shoir sifatida tanilib, shuhrat qozonadi, yuzdan ortiq g‘azallari kuyga solinib, mashhur xonandalar tomonidan mahorat bilan ijro etiladi va ularning aksariyati hozirgi yosh o‘zbek va tojik qo‘shiqchilari repertuaridan ham o‘rin olgan.

Dushanbe shahrining chetidagi ko‘p qavatli uyning beshinchi qavatida joylashgan shoir xonadoniga uning ruhiga duoi fotiha qilish uchun yo‘l olamiz. Bizni O‘lmas akaning ayoli qarshilab, tilovatdan so‘ng har ikkala xalqning suyukli shoirining so‘nggi kunlari haqida so‘z ochadi.

— O‘lmas aka toblari qochib qolganlarida ham umidlarini yo‘qotmagandilar, — deydi aya ko‘zyoshini ro‘molining bari bilan artib olarkan. — “Ayasi, xavotirlanmang, O‘zbekistondan ham do‘stlarim, shogirdlarim, qavmu qarindoshlarim yetib kelib, tobutimni yelkalariga olishadi”, derdilar. “Donish ahli hal etar ming muammoni jadal, Shu muammoni yaratmas aqli solim hech mahal”, deb o‘zlarining baytlarini bot-bot o‘qib, ko‘nglimni ko‘tarmoqchi bo‘lardilar.

Aya qo‘llaridagi kitobni varaqlab, tojik shoiri Kamol Nasrulloning O‘lmas Jamol tarjimasidagi o‘n baytdan iborat she’rini ko‘rsatib, o‘qib ber, deya shoirning shogirdlaridan biriga uzatadi. Satrlar orasidan O‘lmas akaning ovozi qulog‘imizga urilib turgandek bo‘ladi:

Bir iymonning payvandi, farzandi musulmonmiz,
O‘zbegu tojik emas, parvardai bir nonmiz.

Bir chehrada ikki ko‘z, bir soyda ikki sohil,
Bir uyda ikki ustun va yoki juft ayvonmiz...

— O‘lmas akaning ijodida bizning qalbimiz aks etgan, — deydi uning dushanbelik muxlisi Abdujabbor Mo‘minov. — Zamonaviy o‘zbek adabiyotida o‘zbegu tojikning qondoshu qardoshligi, do‘stu qadrdonligi mavzusiga hech qaysi ijodkor u kishichalik o‘zini bag‘ishlab, har tomonlama kirib borolgan emas. Uchrashuvlarda ham “Jo‘rajonlar, bu kunlar biz uchun sinov, hali hammasi iziga tushib ketadi”, deya xalqning o‘ksik ko‘nglini ko‘tarib, o‘zlari ham aytayotganlariga astoydil ishonar edilar. O‘lmas aka do‘stlari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov bilan o‘zbekcha she’rlar aytib gurunglashsa, Mo‘min Qanoat, Loyiq Sherali bilan tojikcha mushoira qilib ketaverar, har ikki tilda ajoyib she’rlar yozardi. Muxlislari shoirni chin qalbdan sevishardi. “O‘zbekmisiz, tojikmisiz?” deb unga savol berishsa, Jo‘rabek Murodov maromiga yetkazib kuylagan o‘zlari yozgan g‘azalning dastlabki misrasini o‘qib berardilar: “O‘zbekiston o‘g‘lidurman, tojigim gufto pisar”.
Ayaga sabr tilab, xayrlashamiz.

Pastga tushib, yana ortga qarayman. Deraza ortidan pardaning bir chetini ko‘tarib boqib turgan ayaning ko‘zyoshini artayotganini ko‘rib, ko‘nglim allanechuk bo‘lib ketadi. Va shunda har ikkala respublikada o‘nlab shogirdlari shoir yo‘lini davom ettirayotganini xayolimga keltirib, dilim taskin topgandek bo‘ladi. O‘zim ham o‘shalar sirasidan ekanimdan faxr-g‘urur hislarini tuygandek bo‘laman.

Dutorning qo‘sh tori

Rivoyat qilishlaricha, Hanafiya mazhabi asoschisi Imomi A’zam Abu Hanifaning bir qo‘shnisi sarxush bo‘lib, janjal-to‘polon ko‘tarar, shu bois tunu kun na o‘z oilasi, na qo‘ni-qo‘shnilarda halovat bor ekan. Imomi A’zam bir kuni shom namozini o‘qiyotgan chog‘larida shovqin-suron eshitilmayotganidan ajablanib, uning hovlisiga kirib boribdilar. Ma’lum bo‘lishicha, bozorda ham bu qilig‘ini qilgani uchun mirshablar uni tutib, zindonband qilishgan ekan. Ertasi tongdanoq Imomi A’zam xachirini minib shahar hokimining saroyiga yo‘l olibdilar. Buni eshitgan hokim uning ulovi oyoqlari ostiga gilamlar to‘shab kutib olishni buyurib, o‘zi ham peshvoz chiqibdi. Bu tashrifning boisini so‘raganida, Imomi A’zam qo‘shnisi zindonda ekanligi bois ko‘ngli tinchimay bu yerga kelganini aytgan ekan, hokim u kishining hurmati yuzasidan qo‘shnisiga qo‘shib boshqa tutqunlarni ham o‘sha kuni zindondan ozod etishni buyuribdi. Aytishlaricha, shu-shu o‘sha qo‘shni o‘z qilmishlaridan uyalib tavba qilgan, halol mehnat qilib, toat-ibodatini ham unutmagan ekan.

Bu rivoyatni bejiz eslamadik. Dushanbe shahridagi Imomi A’zam Abu Hanifa nomidagi Tojikiston Davlat islom universiteti rektori Tojiddin Islomiddin Asomuddinzoda huzurida islom dinida qo‘ni-qo‘shnichilikka katta e’tibor berilgani, bu haqlarni ado etmaslik kufr bilan barobarligi xususida suhbat bordi.

— 1988 yilda Isfara shahrida fizika fani bo‘yicha bo‘lib o‘tgan olimpiadada qatnashganim kechagidek yodimda, — deydi rektor ochiq chehra bilan. – O‘shanda biz Qo‘qon shahriga ham borib, juda katta taassurot olgandik. Shaxsan men o‘sha damlarni sog‘inch bilan qo‘msayman. Biz bir dutorning ikki tori sifatida hamisha bir-birimizni to‘ldirib yurganmiz. Dunyo musulmonlari bir ko‘rishni orzu qiladigan Buxoro, Samarqand shaharlari ziyoratiga yo‘l ochilgani tojikistonlik din ahlini juda mamnun etdi. Yonginamizdagi bunday imkoniyatdan bahramand bo‘lish qanday ulug‘ saodat. Yaratganga shukr, endi bundan buyon aloqalarimiz mustahkamlanib boraveradi.

O‘sha kuni mazkur o‘quv dargohida Navro‘z bayrami nishonlanayotgan ekan. Tolibi ilmlarning qo‘llarini ko‘ksilariga bosgancha “Xush keldingiz!” degan so‘zlari quloqqa juda yoqimli eshitilar edi. Bunga javoban biz “Xushbaxt boshed!” deb javob berdik.

“O‘sha damni orziqib kutayapman”

Dushanbe shahrida “Farxunda M” mas’uliyati cheklangan jamiyatini ochib, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan kichik korxona rahbari Abdullo Nasriddinov matbaa mahsulotlari tayyorlash bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonda kitob hamda uning mutolaasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi darajasida ahamiyat qaratilayotganidan Abdullo shu kunlarda korxonasini yanada kengaytirish tashvishiga tushib qolgan.

— Ayni kunlarda o‘zbek tilida chop etiladigan gazeta-jurnallar, kitoblarga ham buyurtmalar ko‘paydi, — deydi u. — Ularni o‘z vaqtida sifatli bajarish uchun texnik uskunalarimizni zamonaviy tarzda yangilashga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda 2018 yilning “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingani biz uchun ham ayni muddaodir. Toshkentda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalar dovrug‘idan xabardormiz. Hozir u yerdagi do‘stlarim bilan aloqada bo‘lib turibman, matbaa sohasida ko‘rgazma o‘tkazilishidan xabar topgan zahotim samolyotga o‘tiraman-u, Toshkentga boraman. O‘sha damni orziqib kutayapman.

Nafaqat Abdullo, tojik ishbilarmonlarining aksariyati shu kunlarda o‘z loyihalari ustida bosh qotirib, samarali hamkorlik sari dadil qadam qo‘yishmoqda. Bu ham bo‘lsa, fors she’riyatining buyuk vakili Sa’diyning “Insonning kamoli uning elu yurt, xalq manfaati yo‘lida nechog‘li xizmat qila olishi bilan belgilanadi”, degan so‘zlari zamiridagi azaliy haqiqat yuzaga chiqayotgani dalolatidir. To‘g‘ri yo‘l adolat manziliga eltadi, adolat esa hayotning ulug‘vor binosi poydevori hisoblanadi. U tufayli orzu-umidlar ro‘yobga chiqib, avji falakka qadar yuksala oladi.

Shoyim BO‘TAYEV.
Toshkent — Istaravshan — Dushanbe — Toshkent


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?