Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining avlodlari bormi?

14:51 05 Iyul 2019 Madaniyat
662 0

Arxiv foto

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Gulistonda Alisher Nurboyev degan shoir yigit bor. Alisher Nur taxallusi bilan ijod qiladi. Shoirni bilganlar, taniganlar koʻp. Ammo hamma ham uning oʻzbek xalq ogʻzaki ijodiyotining atoqli vakili, baxshi shoir Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining evarasi ekanligini bilmaydi.

Alisherning sheʼrlarida xalqona ohang ustuvor. Bu esa uning zehniyatida ham katta bobosidan oʻtgan baxshiyona isteʼdod borligidan mujda beradi. Shu oʻrinda albatta oʻquvchini qiziqtiradigan savol tugʻiladi, yaʼni Ergash Jumanbulbul oʻgʻlidan qolgan avlodlar hozir qayerda va ular kimlar? Baxshi shoirning zurriyotiga mansub kishilardan ijodkorlik yoʻlini tutganlar bormi?

Bu savollarga Alisher Nur taqdim etgan kichik shajaradan javob topsak boʻladi. Yaʼni, “Kichik shajara ” deyilishiga sabab unda mashhur baxshining ajdodlari keltirilgani holda bizning zamonimizdagi avlodlari orasidan yetishib chiqqan ijodkorlargina oʻrin olgan.

Keling, avval Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining ota-bobolari haqida qisqacha maʼlumot beraylik. Shajaraning boshida koʻrsatilgan Yodgor baxshi, Usta Lapas Yodgor, Mulla Tosh Usta, Mulla Xolmurod baxshining bobolari hisoblansa, JumanbulbulMulla otasidir. Ularning hammasi, xususan, Ergash Jumanbulbul oʻgʻli ham Buxoro amirligining Nurota bekligi tasarrufidagi Qoʻrgʻon qishlogʻida tugʻilgan va yashagan. Jumanbulbul mullaning yana ikki oʻgʻli va ikki qizi ham boʻlgan.

Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining esa Abdunabi, Abduvohid va Zarbuvi ismli farzandlari boʻlgan. Lekin taqdim etilgan shajaraga koʻra ikki oʻgʻlidan avlodlar qolmagan. Oʻtgan asrning boshlarida ular yashagan hududda vabo tarqalib, koʻpchilik qatori baxshining ana shu farzandlari ham dunyoni erta tark etgan. Faqat boshqa qishloqqa kelin boʻlib tushgan Zarbuvi qizigina omon qolgan. Hozir biz sizga hikoya qilmoqchi boʻlganlar Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining ayni qizidan tarqagan nabira,chevara va evaralaridir.

Yaʼni shajaraning qoʻyi qismida ismi shariflari keltirilganlar Zarbuvi Ergash qizining ikki farzandi Abdugʻani Turdimov va Oliya bibi Nurboyevaning bugun Nurotada, Toshkentda, Sirdaryoda hamda respublikamizning boshqa hududlarida yashayotgan (yashagan)farzandlari va nabiralaridir. Ulardan Abdusaid Nurboyev respublikamizning taniqli jurnalistlaridan biri boʻlsa, Shomirza Turdimov filologiya fanlari doktori, Jamoliddin Turdimov esa filologiya fanlari nomzodidir. Marhum Shukur Nurboyev ham jurnalist boʻlib, u Navoiy viloyati teleradiokompaniyasiga rahbarlik qilgan. Baxshining yana bir evarasi rahmatli Shoira Nurboyeva ham jurnalistlik faoliyati bilan shugʻullangan.

Eslatib oʻtamiz, yuqoridagi shajarada Ergash Jumanbulbul oʻgʻlining ijodkor avlodlari vakillarigina koʻrsatilgan. Yaʼni uning chevara va nabiralari orasida boshqa sohalarda ham namunali faoliyat olib borayotgan zurriyotlari bor.

Maʼlumot uchun. Ergash Jumanbulbul oʻgʻlidan boy adabiy meros qolgan. Undan oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida adabiyotshunos olim Hodi Zarif tomonidan koʻplab xalq dostonlari yozib olingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?