Yerdan foydalanish tartibini nazorat qilishda ilm-fan yutuqlaridan foydalaniladi

11:27 20 Oktyabr 2020 Siyosat
204 0

Yerning har qarichi – oltinga teng. Inson yashashi, rizq topishi, farovon turmush kechirishi uchun undan unumli foydalanmogʻi lozim. Buning natijasi esa inson uchun ham, xalq va davlat uchun ham katta manfaat keltiradi.

Ammo bugun ayrim xollarda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish, ulardan samarasiz foydalanish, yer maydonlarining aniq hisobi yuritilmasligi sabab yerlarni ajratishda korrupsiya hollari uchrab turibdi. Ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinayotgan koʻplab maqolalarda aholi aynan sohadagi qonunbuzarliklardan norozi ekani, yerlardan oqilona foydalanmaslik holatlari bugun yechimini kutayotgan dolzarb masalaga aylandi.

Mamlakatimizda aholi sonining yildan-yilga oʻsib borayotgani sabab ularni yetarli va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga extiyoj yil sayin ortib bormoqda. Bunda esa mavjud oʻzgarmas boyligimiz boʻlgan yerdan unumli foydalanishga erishish ustuvor masala boʻlib qolmoqda.
Davlatimiz rahbari boshchiligida davlat kadastrlarini yuritishni samarali tashkil etish, yer resurslaridan foydalanish kabi ustuvor vazifalar ijrosiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi sohada yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarning yechimini hal etishda muhim qadam boʻldi.
Yigʻilishda yangi tizim asosida ishni tashkil etish uchun birinchi galda yer hisobini joyiga qoʻyib, toʻliq shakllantirib olish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, kadastr va yer hisobini yuritish sohasidagi qonun hujjatlari eskirganligi, ular murakkab va tushunarsiz yozilganligi sabab korrupsiyaga yoʻl ochib berayotganligi alohida taʼkidlandi.

Prezidentimiz tomonidan yerdan unumli foydalanish va xisobini yuritishda zamonaviy axborot-texnologiyalarini keng joriy etish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.

Sohadagi islohotlarni samarali amalga oshirish uchun Kadastr agentligining barcha boʻgʻinlarini malakali kadrlar bilan toʻldirish, yangi tizim mazmuni va tartibi boʻyicha oʻqitish zarur. Shu bilan birga joylardagi kadastr boʻlimlarining moddiy-texnik taʼminoti va mehnat sharoitlarini yaxshilash lozim.
Yigʻilishda alohida taʼkidlanganidek, endilikda noqonuniy va oʻzboshimchalik bilan yerlarning oʻzlashtirib olinishining oldini olish maqsadida respublikadagi barcha yerlar Milliy geoaxborot tizimiga kiritiladi. Hokimlarning yer ajratish toʻgʻrisidagi qarorlari mazkur geoaxborot tizimiga kiritilmagunicha haqiqiy hisoblanmaydi. Endilikda, barcha tuman va shaharlarning agrar yerlarining nazorati va ekinlarni monitoring qilish dronlar hamda kosmosdagi sunʼiy yoʻldoshlar yordamida amalga oshiriladi. Bularning barchasi ijtimoiy adolatning taʼminlanishiga xizmat qiladi albatta.
Bu oʻrinda sohaning har bir boʻgʻinida olib borilayotgan islohotlarda parlament nazorat-tahlil tartibida ishtirok etishi oʻta dolzarb deb bilamiz. Ayniqsa, mahalliy darajadagi deputalar ishtirokini yana-da kengaytirish zarur. Soha rivojiga toʻsiq boʻlib turgan huquqiy xujjatlarni qayta koʻrib chiqish va takomillashtirish ham zarurdir. Bugungi kunda Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotgan “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi hamda “Shaxsiy tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonun loyihalarini maromiga yetkazib qabul qilishni tezlashtirishimiz zarur.
Xulosa qilib aytganda, yerdan samarali foydalanish orqali hududlarning iqtisodiy yuksalishi, fuqarolar va xoʻjaliy yurituvchi subyektlarning mulk huquqi va daxlsizligi, fuqarolarning sifatli hamda arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanishiga erishish ayniqsa, umummilliy boyligimizdan unumli foydalanishimiz barchamizning burchimizdir.

Narimon UMAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining oʻrinbosari,
“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?