“Era med” xususiy klinikasida operatsiya qilingan surxondaryolik Shahrizodaning davolanishi nazoratda

17:59 23 Avgust 2019 Jamiyat
133 0

Ijtimoiy tarmoqlarda surxondaryolik uch yoshli Shahrizoda Mingqobilovaning onasi Gulnoza Nurmanova farzandini Toshkentdagi “Era med” xususiy klinikasida operatsiya qildirgach, ahvoli ogʻirlashib qolgani xususidagi murojaati keng muhokamaga sabab boʻldi.

Sogʻliqni saqlash vazirligining topshirigʻiga binoan, ushbu muammo boʻyicha bemorni davolash jarayoni yetakchi mutaxassislar tomonidan oʻrganildi. Ayni paytda bemor Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga olib kelindi hamda olimlar va malakali shifokorlar tomonidan konsilium oʻtkazilib, muolajalar davom ettirilmoqda.

Shuni taʼkidlash joizki, 2016-yilda Shoʻrchi tumanida tugʻilgan Shahrizoda Mingqobilova tugʻma yurak porogining ogʻir formasi bilan dunyoga kelgan. Bu kasallik oqibatida bolada jiddiy kislorod yetishmovchiligi kuzatilgan. Bu esa boshqa kasalliklarning ham avj olishiga sabab boʻlgan. Xususan, bemorda tugʻma yurak porogi murakkab turi bilan bir qatorda, xronik gipoksemiya, gipotrofiya, ensefalopatiya, gidrotsefaliya kabi murakkab kasalliklar ham boʻlgan. Bemorning muntazam ravishda nafasi qisilib, yurak faoliyati bezovta qilib kelgan. Natijada u jismoniy rivojlanishdan orqada qolgan, vazn yetishmovchiligi, somatik holati noxush boʻlgan. Shu sababli operatsiyani barvaqt oʻtkazish imkoniyati boʻlmagan.

Shu tufayli bola oʻz turar joyida dispanser nazoratiga olinib, doimiy kardiolog nazoratida davolanib kelgan. Bundan tashqari, viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida vaqti-vaqti bilan tibbiy koʻrikdan oʻtgan va ambulator hamda statsionar sharoitda davolanib kelgan.

Bemorni yaqinlari “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi orqali “Era med” xususiy klinikasida davolatishga qaror qilgan. Bola shu yil 16-may kuni operatsiya qilingan. Operatsiya muvaffaqiyatli oʻtgan. Operatsiyadan keyingi erta davrda bemorda yurak, nafas yetishmovchiligi fonida buyrak yetishmovchiligi alomatlari qoʻshilgan, tanasida shishlar paydo boʻlgan.

Buning natijasida nafas yetishmovchilik belgilari kuchayib, apnoe (nafas toʻxtashi) kuzatilgan. Nafas yoʻllarining tugʻma nuqsoni tufayli traxeya intubatsiyasi oʻtkazishning iloji boʻlmagan va shu sababli traxeostoma oʻrnatilgan. Natijada bolada bosh miyada gipoksiya belgilari kuchaygan. “Era med” klinikasining nevropatologi tomonidan tegishli davo muolajalari oʻtkazilgan.

Shu yil 8-iyuldan boshlab bemor Surxondaryo viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida davolanishni davom ettirgan. Ayni paytda poytaxtimizdagi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bemorning hayoti uchun shifokorlar tunu kun kurashmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?