Yer usti halqa metrosi nafaqat yoʻlovchi tashishda, balki tadbirkorlikni rivojlantirishda ham qoʻl keladi

21:44 11 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
298 0

Metro aksariyat davlatlarda bor va u qulay hamda tezkor transport vositasi sifatida, allaqachon, yoʻlovchilar eʼtiboriga tushib ulgurgan. Nafaqat poytaxtimiz, balki mamlakatimiz aholisi faxri va gʻururi hisoblangan Toshkent metropoliteni ham oʻtgan davrda jadal ravishda rivojlandi. Tarmoqning yangi yoʻnalishlar hisobiga kengayishi, shubhasiz, aholiga yana-da qulaylik yaratmoqda.

Yaqinda foydalanishga topshirilgan Toshkent yer usti halqa metro liniyasining birinchi bosqichi — Doʻstlik-2— Qoʻyliq yoʻnalishi qurib bitkazildi. Metroning ushbu qismida 7 ta bekat barpo etilgan boʻlib, yangi yoʻnalishning uzunligi 11,5 kilometrni tashkil qiladi.

Ushbu yoʻnalishda 30-avgustdan boshlab yoʻlovchilar tashila boshlandi. Metro nafaqat shu atrofda istiqomat qiluvchi aholi uchun, balki shahar mehmonlari uchun ham oʻziga xos sayr transportiga aylangan, desak, xato boʻlmaydi.

Prezidentimizning 2017-yil 19-maydagi qarori asosida «Boshtransloyiha» AJ loyihasi asosida pudratchi «Koʻprikqurilish» tresti” UK tizimidagi 13 va 67-Koʻprikqurilish otryadlari tomonidan barpo etilgan ushbu liniyada ayni paytda har biri 4 ta vagondan iborat toʻrtta poyezd qatnamoqda.

Bekatlarda toʻxtash vaqti 15 soniya, masofani bosib oʻtish vaqti esa 19 daqiqani tashkil etadi.

Eʼtiborli jihati, bugungi kunda yer usti metrosidan nafaqat transport vositasi, balki uning pastki qismida zamonaviy savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini tashkil etish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish maqsadlarida ham foydalanish mumkin. Hozir ushbu yoʻnalishdagi ishlarga ham sekin-asta kirishilmoqda. Bu xususda kuni kecha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan press-tur davomida aytib oʻtildi.

— Xabaringiz bor, Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida shahrimizda yangi, zamonaviy va noyob boʻlgan yer usti metrosining Yashnobod tumani hududidan oʻtuvchi yetti stansiyadan iborat 11,6 kilometrlik liniyasi ishga tushdi, — deydi Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov. — Bu liniya Yashnobod, Bektemir va boshqa qoʻshni tumanlar, umuman, shahrimiz ahli uchun juda qulay sharoit yaratib berdi.

Bundan tashqari, biz qurilish boshlangan dastlabki paytlarda metroning tagida infratuzilmani yaratish, bu orqali aholiga yana-da qulayliklar, masalan, odamlarning hordiq chiqarishi, sayr qilishi uchun sharoitlar yaratish, savdo nuqtalarini tashkil etish borasida bir qator ishlarni amalga oshirib kelyapmiz. Jumladan, dunyo tajribasini oʻrganib chiqqanimizda, Berlin, Tokio, Syurix kabi shaharlar yer usti metrolarida shunga oʻxshash majmualar yaratilgan. Yaʼni bunday amaliyot bir qator rivojlangan davlatlarda mavjud.

Shundan kelib chiqib, 11 kilometrdan ortiq joyni 6 ta lotga boʻlib chiqildi. Buning natijasida tadbirkorlar uchun jami 153 161 kv. metr joy hosil boʻldi.

Shu oʻrinda savol tugʻilishi mumkin. Xoʻsh, yer qanday ajratiladi? Bu Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-dekabrdagi “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun boʻsh turgan yer uchastkalarini berish tartib-taomillarini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, auksion “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslantiruvchi hujjatlari ishlab chiqilib, yakuniga yetkazilgandan soʻng oʻrnatilgan tartibda tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari orqali tegishli maʼlumotlar berib boriladi.

Savdolar ochiq va shaffof tashkil etiladi hamda unda har bir tadbirkor ishtirok etishi, oʻz loyihalarini taqdim etishi mumkin. Savdolar 1-dekabrdan yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda. Demak, ishini rivojlantirmoqchi yoki biznes boshlamoqchi boʻlgan ishbilarmonlar uchun yana bir imkoniyat yaratilmoqda...

Sergeli liniyasi yil oxirigacha qurib bitkaziladi

Toshkent yer usti halqa metrosi haqida gap ketganda, uning Sergeli yoʻnalishi haqida ham alohida toʻxtalib oʻtish joiz. Zero, ushbu liniyaning ham ahamiyati katta.

Ayni paytda yuqori sifat va jadallik bilan barpo etilayotgan Sergeli yoʻnalishi toʻliq yer ustidan oʻtadi. Bu bilan hamisha serqatnov va faol harakatga yana-da munosib hissa qoʻshiladi.

Press-tur davomida ushbu liniyadagi bunyodkorlik ishlari bilan ham yaqindan tanishdik.

— Bugungi kunda ushbu liniyadagi ishlar jadallik bilan davom ettirilmoqda, — deydi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ raisi Husniddin Hosilov. — Yaʼni temir-beton ishlari toʻliq bajarib boʻlindi. Ayni paytda yoʻlning ustki qismi, yaʼni relslarni payvandlash va mahkamlash ishlari olib borilmoqda.

Shuni alohida aytish kerakki, bunda relslarni joylashtirish ham katta ahamiyat kasb etadi. Chunki poyezdlar harakatlanganda qanchalik tebranish kam boʻlsa, yoʻlovchiga ham, infratuzilmaga ham shuncha yaxshi.

Relslar tagiga maydalangan tosh tashlanyapti. Buning ham sababi bor. Yaʼni ochiq havoda shpallarni tez-tez almashtirib turish talab etiladi. Agar tosh oʻrniga beton ishlatilsa uni butunlay buzishga toʻgʻri kelgan boʻlardi. Bu esa oʻz navbatida harakatni butunlay toʻxtatishni taqozo etadi. Maydalangan toshda esa bunga hojat qolmaydi. Shuningdek, tosh poyezdlar harakati davomida konstruksiyaga taʼsirini ham kamaytirishi bilan ahamiyatli.

...Metro shaharning rivojlanish rejalari, yoʻlovchilar oqimi, turar-joy mavzelari, ishlab chiqarish, savdo va dam olish maskanlari joylashuvi, muhandislik-geologik sharoitlarni inobatga olgan holda qurilmoqda. Uning Sergeli liniyasi loyihasi shu yil oxirigacha yakuniga yetkaziladi. Demak, yaqin orada poytaxtimiz ahli va mehmonlari yana bir transport yechimi xizmatidan bahramand boʻla boshlaydi.

Dilshod ULUGʻMURODOV,
Alixan UTARBEKOV (suratlar)

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?