Yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi kimlarga beriladi?

11:03 17 Yanvar 2019 Jamiyat
1212 0

Illyustrativ foto

Urbanizatsiya — qishloq aholi punktlarining shaharlarga aylanishi, shahar atrofi zonalarining kengayishi va qishloq aholisining shaharlarga koʻchib borishi hisobiga yuz beradigan jarayon. Unga yetarlicha eʼtibor qaratilmasa, shaharlar aholisining soni va u yerdagi mavjud infratuzilma, uy-joy, ish oʻrinlari oʻrtasida katta tafovut paydo boʻladi. Bu esa ishsizlik, narx-navoning oshishi, uy-joy tanqisligi, taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarining yetishmasligi kabi qator ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining joylardagi uchrashuvlari chogʻida qishloq aholi punktlarini shahar va posyolkalarga aylantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilishiga qaramasdan, uy-joy siyosatiga yangicha yondashuvlarni joriy etish zarurati paydo boʻlayotgani aniq-ravshan koʻrinmoqda. Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, kam taʼminlangan oilalarning qulay shartlar asosida uy-joy olishi uchun qurilishlarni moliyalashtirish tizimining zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, har tomonlama qulay koʻp qavatli uylarni barpo qilishga oʻtish hamda kommunal-muhandislik infratuzilmani rivojlantirish masalalari oʻrtaga tashlanyapti. Bularning barchasi Prezidentimizning 2019 yil 10 yanvardagi “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan oʻz yechimini topadigan boʻldi.

Mazkur hujjatda yer uchastkalarining aylanmasi va ulardan foydalanishda zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish maqsadida urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi.

Chunonchi, 2019 yil 1 iyuldan boshlab yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga ularga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan bino-inshootlar, sanoat infratuzilmasi obyektlari joylashgan yer uchastkalarini, shuningdek, ularga tutash hududlardagi ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi yer ­uchastkalarini xususiylashtirish huquqi berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari esa ularga yakka tartibda uy-joy qurish va turarjoyga xizmat koʻrsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega boʻldi.

Maʼlumki, qonunchiligimizda jismoniy va yuridik shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk hisoblanishi, ularning daxlsizligi davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilab qoʻyilgan.

Farmonga asosan, endilikda barcha yuridik va jismoniy shaxslarga oʻzlari egallagan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqi berilmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, birinchi navbatda, odamlarni mulkdor boʻlishga ragʻbatlantirishdir. Yaʼni fuqarolar va tashkilotlar oʻzlari egalik qilayotgan yoki foydalanayotgan yer uchastkasini davlatdan muayyan nominal qiymatda xarid qilgan holda, bozor narxida undan bir necha barobar qimmat mol-mulkka ega boʻladi. Xususiylashtirilgan yerlar fuqarolik oborotiga kirishi natijasida esa uning narxi borgan sari ortib boraveradi. Natijada fuqarolar qoʻlidagi mol-mulkning qiymati oshib ketaveradi.

Yerga nisbatan xususiy mulk tushunchasini joriy etishdan koʻzlangan yana bir muhim maqsad mulk huquqini toʻliq kafolatlashdan iborat. Yer uchastkasi mulk huquqi asosida tegishli boʻlgandan keyin uning oʻzi ham, ustida joylashgan bino ham toʻliq daxlsiz boʻladi. Bu, ayniqsa, sarmoyadorlar uchun eng muhim kafolat hisoblanadi.

Endi har bir fuqaro yoki tashkilot oʻz yeriga shunchaki qulay joydagi hudud emas, ­kapital sifatida qaray boshlaydi.

Yana bir muhim yangilik. ­Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan ushbu hujjatga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Urbanizatsiya agentligi tashkil etildi. Mazkur sohani tartibga solish borasidagi yagona davlat siyosatini yuritish, sanoatlashtirish siyosatining surʼatlari, bosqichlari va natijalarini uzoq muddatli rejalashtirish, shahar va qishloqlardagi uzoq muddatli demografik tendensiyalarni tahlil qilish uning asosiy ­vazifalari etib belgilandi.

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida tashkil etilayotgan Urbanizatsiyani rivojlantirish jamgʻarmasi ham bu boradagi qator salmoqli ishlarga koʻmakdosh boʻladi.

Parlament quyi palatasida biz, deputatlar tomonidan mazkur Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuzasidan qonunchiligimizga, xususan, Yer kodeksiga kiritilishi lozim boʻlgan masalalar hamda urbanizatsiya jarayonini jadallashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ahad AHMЕDOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?