Yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligi nazorat qilinadi

10:50 03 May 2018 Siyosat
657 0

Yurtimizda barcha sohada bo‘lgani kabi qishloq xo‘jaligini zamonaviy tamoyillar asosida tashkil etish, uning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida bir qator qonun hamda qarorlar qabul qilinmoqda. Prezidentimiz tomonidan 2018 yil 26 aprelda imzolangan “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham ana shu maqsadga yo‘naltirilgan.

Mamlakatimiz aholisining asosiy qismi qishloqlarda yashashi, mehnat faoliyati ham qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liqligi inobatga olinsa, mazkur hujjat o‘z vaqtida qabul qilingani ayon bo‘ladi. Bugungi kunda fermer xo‘jaliklari qishloq aholisi bandligini ta’minlash hamda farovon hayot kechirishida, qishloqlarni obod maskanlarga aylantirishda muhim o‘rin egallamoqda.

Fermer xo‘jaligining jamiyatda yetakchi kuchga aylanib borishi, o‘z navbatida, fermer xo‘jaligini tashkil etishning huquqiy asoslarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirishni taqozo qiladi. Sohadagi islohotlar tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 99 foizidan ortig‘i fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer maydonlarida yetishtirilishiga erishildi. Ammo hududlardagi holat o‘rganilganda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, amaldagi hujjatlarni talqin etishda yo‘l qo‘yilgan xatoliklar sababli bir qancha muammolar yuzaga kelmoqda. Bu, ayniqsa, yerga egalik qilish, undan samarali foydalanishni nazorat etish borasida yaqqol ko‘rinayotir.

Bu kabi muammolarni hal qilish, fermerlik harakatiga yangi ilg‘or g‘oyalarni tatbiq etish borasida ko‘zlangan maqsadga erishish oson kechmayapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, aholi ixtiyoridagi 480 ming gektardan ortiq tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi qoniqarli emas. Ba’zi tumanlarda yer egalari ushbu maydonlardan uzoq yillar foydalanmay, qarovsiz holda qoldirgan, ammo ularga nisbatan yetarli darajada ta’sir choralari ko‘rilmagan.

Fermerlar hamda dehqonlarimiz orasida o‘z vazifasini faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ichki bozor uchungina yetishtirishdan iborat, deb o‘ylaydiganlar anchagina. Vaholonki, bugun qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotimizning yetakchi bo‘g‘inlaridan biri. Bu sohani zamon talablari asosida rivojlantirib, davlat g‘aznasiga tushadigan daromad salmog‘i ko‘paytirilmasa, xalq farovonligi-yu, yurt ravnaqini ta’minlash mushkul.

Shu sababli ham Prezidentimizning o‘tgan yil 9 oktyabrdagi Farmonida chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, meva-sabzavotchilik, asalarichilik va qishloq xo‘jaligining boshqa muhim yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish hamda uning samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan edi. Aytish mumkinki, shundan so‘ng bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Hukumat ham, tegishli vazirlik va idoralar ham, hatto parlament ham qarab turgani yo‘q.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarori esa ana shu sa’y-harakatlarning huquqiy asosini mustahkamladi. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga 2018 yil 1 iyuldan barcha fermer hamda dehqon xo‘jaliklarining a’zoligi majburiy, tomorqa yer egalari uchun esa ixtiyoriy ekani belgilab qo‘yildi. Shuningdek, ushbu tuzilma fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari tomonidan qishloq xo‘jaligida shartnoma majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan monitoring hamda jamoat nazoratini amalga oshirishi ham ko‘rsatib o‘tilgan. 2018 yil hosilidan boshlab fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligi har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashlarida, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi esa har oyda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida muhokama qilib borilishi ham fermer va dehqon xo‘jaliklarining o‘z ishlariga bo‘lgan mas’uliyatini kuchaytiradi.

Yana bir e’tiborli jihati, barcha qishloq tumanlarida “Tomorqa xizmati” MChJlar tashkil etilgani bo‘ldi. Ular fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va sotishda, moddiy resurslar, jumladan, urug‘lar, ko‘chatlar, texnika hamda boshqa vositalarni yetkazib berishda yaqindan ko‘maklashadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining mazkur qarori ijrosi O‘zbekistonda fermerlik, dehqonchilik harakatini yangi bosqichga olib chiqish, sohaga zamonaviy yo‘nalishlarni joriy qilish, xalq farovonligini ta’minlashda mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi.

Maqsuda VARISOVA,
O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senati a’zosi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?