Yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

07:00 07 Mart 2019 Siyosat
548 0

Illyustrativ foto

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, soʻnggi yillarda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan oʻzboshimchalik va beparvolikka yoʻl qoʻyib kelinayotir. Bunday qonunbuzilish holatlari, asosan, yer maydonlari, shu jumladan, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy qurilishlarga nisbatan egalik huquqini berish shaklida qayd etilmoqda.

Achinarlisi, bu kabi holatlar yuzasidan biror-bir shaxsning javobgarlik masalasi hal etilmasdan qolayotganidir. Yaʼni bunga kim aybdor, kim javobgar ekani qonuniy belgilanmagan edi.

Qonunchilikdagi ushbu boʻshliqdan aksariyat holatlarda fermer xoʻjaliklari rahbarlari foydalanib, fuqarolar bilan til biriktirgan holda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallash soni ortgandi.

Shu yil 4 mart kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun bu boradagi ishlarni huquqiy tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Unga koʻra, Jinoyat kodeksi yerdan foydalanish bilan bogʻliq munosabatlar yanada aniq aks etgan yangi 1971-modda bilan toʻldirildi. Unda belgilanganidek, sugʻoriladigan yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olishga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha yer egasi, yerdan foydalanuvchi yoki ijarachi javobgar hisoblanadi.

Agar shunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin yana bu ishga qoʻl ursa, eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash va hatto uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks ikkinchi va uchinchi qismlar bilan toʻldirildi. Yaʼni yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish — fuqarolarga eng kam ish haqining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan oʻttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Yer toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishiga oid mazkur hujjat bilan Fuqarolik kodeksiga ham oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

Oʻzboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotish, hadya qilish, ijaraga berish, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.

Imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxsning oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan eʼtirof etilishi mumkin. Bu holda imoratga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilgan shaxs imorat qurgan shaxsning xarajatlarini sud belgilagan miqdorda qoplaydi.

Tojibar Yuldasheva, senator.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?