Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi belgilandi

11:00 25 Iyun 2020 Iqtisodiyot
384 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-iyundagi “Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi belgilandi.

Ushbu qaror bilan:

1. Strategik turdagi foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqini beradigan litsenziya quyidagi maqsadlar uchun berilishi belgilangan:

- geologik jihatdan oʻrganish;

- foydali qazilmalarni kavlab olish;

- texnogen mineral hosilalardan foydalanish;

- foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini qurish hamda ulardan foydalanish;

- muhofaza etiladigan geologik obyektlarni barpo etish;

- nodir tosh xomashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa geologik kolleksiyabop materiallarni toʻplash.

2. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar:

- geologik oʻrganish, foydali qazilmalarni qazib olish, texnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun auksion natijalari koʻra;

- foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini qurish, shu jumladan, chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash maqsadida, muhofaza etiladigan geologik obyektlarni barpo etish, nodir tosh xomashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa geologik kolleksiyabop materiallarni toʻplash toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijalariga koʻra “birinchi topshirilgan buyurtma” qoidalariga binoan buyurtmanomalarni koʻrib chiqish yoʻli bilan berilishi belgilangan.

3. Strategik turdagi foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar quyidagi hollarda toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar asosida berilishi belgilangan:

- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda ular tomonidan tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”ga muvofiq;

- yagona elektron savdo maydonchasida oʻtkaziladigan auksionlarda bir yil davomida oʻtkazilmagan deb topilgan taqdirda;

- yer qaʼrini geologik oʻrganishga doir ishlarni moliyalashtirgan yuridik shaxsga foydali qazilmalarni qazib olishga mutlaq huquq boshqa shaxsga (toʻliq yoki qisman) berilgan taqdirda;

- uglevodorod xomashyosi va strategik turdagi foydali qazilmalarning tijorat salohiyatga ega alohida obyektlari boʻyicha, shuningdek, alohida bitimlar doirasida Vazirlar Mahkamasining “Yer qaʼridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish boʻyicha davlat komissiyasi faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yili 12-dekabrdagi 989-son qarori bilan tasdiqlangan Yer qaʼridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish boʻyicha Davlat komissiyasi bilan hamkorlikda tanlov savdolari asosida eng yaxshi takliflarni tanlash orqali.

4. Yer qaʼridan foydalanish muddatlari “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq quyidagicha belgilangan:

- geologik jihatdan oʻrganishga – besh yilgacha muddatga;

- foydali qazilmalarni kavlab olish va texnogen mineral hosilalardan foydalanish uchun – foydali qazilma konini yoki texnogen mineral hosilalarni ishga solishning texnik-iqtisodiy asoslarda belgilangan muddatiga;

- nodir tosh xomashyosi namunalarini, paleontologik qoldiqlarni va boshqa geologik kolleksiyabop materiallarni toʻplash uchun – ikki yilgacha muddatga;

- foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini qurish va ulardan foydalanish, shu jumladan, neft, gaz, gaz kondensati, boshqa moddalar va materiallarni yer ostida saqlash, chiqindilarni saqlash va koʻmib tashlash uchun – muddatsiz foydalanishga;

- muhofaza etiladigan geologiya obyektlarini barpo etish uchun – muddatsiz foydalanishga beriladi.

5. Yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qoʻyishning boshlangʻich narxi quyidagicha belgilangan:

geologik qidiruv ishlari uchun – “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda aniqlangan imzoli bonus stavkasi miqdorida;

foydali qazilmalarni qazib olish va texnogen mineral hosilalardan foydalanganlik uchun – “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda aniqlangan tijoratbop topilma bonusi stavkasi miqdorida.

6. Strategik turdagi foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berishning muddati:

- elektron-onlayn auksion yakunlari boʻyicha 12 kun;

- toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar orqali 20 kun etib belgilangan.

7. Qarorda belgilangan chora-tadbirlar quyidagilarga keng imkon beradi:

birinchidan – strategik turdagi foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarni berishda shaffoflikni taʼminlash, arizalarni koʻrib chiqishni tezlashtirish va “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida kim ochdi savdosi natijalari asosida berishga;

ikkinchidan – xoʻjalik yurituvchi subyektlarning strategik turdagi foydali qazilmalar konlarini oʻzlashtirish va rivojlantirishga qiziqishini oshirishga;

uchinchidan – mahalliy xomashyo negizida sanoat ishlab chiqarishni tashkil etishni jadallashtirish va hududlarning kompleks rivojlanishiga hissa qoʻshishga;

toʻrtinchidan – respublikaning chekka hududlarida yangi ish oʻrinlarini yaratishga.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?