Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimi tubdan takomillashtiriladi

12:53 08 Sentyabr 2020 Siyosat
367 0

Joriy yil 7-sentyabr kuni Prezidentimiz mamlakatimiz hayotiga doir yana bir muhim hujjatni imzoladi. “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon oʻz vaqtida qabul qilingani bilan katta ahamiyatga egadir.

Unga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining qishloq xoʻjaligi yerlari va ekinlarini monitoring qilish, qishloq xoʻjaligi yerlarini muhofaza qilish boʻyicha davlat nazoratini amalga oshirish, tuproqshunoslik, geobotanikaga oid tadqiqotlarni amalga oshirishga doir vazifalari, funksiyalari hamda vakolatlari Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oʻtkazildi.

Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi.

Agentlik koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, geodeziya va kartografiya hamda davlat kadastrlarini yuritish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi. Qolaversa, yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazmaslik, yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni ham koʻrib chiqadi.

Yana ham muhim bir jihat borki, bu haqda alohida aytib oʻtish ayni muddaodir. Ushbu farmonga asosan 2020-yil 1-oktyabrdan boshlab yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning vujudga kelishi, oʻzgarishi, boshqa shaxsga oʻtishi, cheklanishi va bekor boʻlishini nazarda tutuvchi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari, notarial tasdiqlangan bitimlar hamda boshqa hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi.

Farmonda yana bir muhim masala yechimi koʻrsatib oʻtilgani katta amaliy ahamiyatga egadir. Yaʼni, 2021-yil 1-yanvardan boshlab yer turi, konturi, chegarasi va huquq egalari haqidagi barcha maʼlumotlar Kadastr agentligining onlayn geoportaliga kiritiladi. Onlayn geoportal esa Milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi. Oʻz navbatida, yer balansi va uning hisoboti, tuman (shahar) yer kadastri daftari faqat Milliy geoaxborot tizimida yuritiladi.

Farmonda belgilab qoʻyilganidek, Kadastr agentligi 2020-yil 1-noyabrga qadar onlayn geoportalni sinov tariqasida ishga tushirishi va 1-dekabrga qadar barcha qishloq xoʻjaligi xaritalarining onlayn geoportalga kiritilishi hamda uning Milliy geoaxborot tizimiga integratsiya qilinishini taʼminlaydi.

Darvoqe, Prezidentimiz farmoni bilan birga “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham qabul qilindi.

Ushbu qarorga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) yer resurslari va davlat kadastri boʻlimlari negizida Kadastr agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) boʻlimlari tashkil etildi. Ularning boshliqlari Kadastr agentligi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

Mazkur qarorda belgilangan yana bir yangilik – «Yermulkkadastr» davlat korxonasi negizida Davlat kadastrlari palatasi tashkil etilmoqda. Ushbu palataning oldingi korxonalar ish uslubidan eng asosiy farqi – bu koʻchmas mulkka kadastr yigʻmajildini tayyorlash va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bitta idora shugʻullanmaydi.

Endilikda Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari faqat registratsiya bilan registratsiya orqali olgan maʼlumotlari asosida davlat yer kadastri, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish bilan, oʻzlari toʻplagan maʼlumotlarni vakolatlari organlardan olgan axborotlar bilan birlashtirib, Davlat kadastrlari yagona tizimini yuritish bilan shugʻullanadi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, bundan buyon yerlarni ajratish, ularning hisobini yuritish, yer nazoratini amalga oshirish boʻyicha muammolar boʻlmaydi. Zero, Prezidentimiz tomonidan imzolangan mazkur hujjatlar yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?