YEOIIda “kuzatuvchi” maqomida ishtirok etish boʻyicha parlament qarori — xalq xohish-irodasining natijasidir

22:44 14 May 2020 Siyosat
440 0

Joriy yilning 11-may kuni Oliy Majlis Senati quyi palata tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkilotida (YEOII) “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etish toʻgʻrisida qabul qilgan qarorini maʼqulladi.

Oʻzbekistonga “kuzatuvchi davlat” maqomi nima beradi va bu mintaqadagi hamkorlikka qanday taʼsir qiladi? Shu va boshqa savollarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi oʻrinbosari Akramjon Neʼmatov javob beradi.

— Parlamentning Oʻzbekistonni YEOIIga “kuzatuvchi davlat” boʻlib kirishi toʻgʻrisidagi qarori haqida qanday fikrdasiz?

— Oliy Majlisning quyi va yuqori palatalarida ushbu masala yuzasidan ovoz berish natijalari mamlakatimiz siyosiy maydonida mutlaqo yangi parlament paydo boʻlganini koʻrsatdi. Qaror ilgarigidek oddiy tasdiqlash yoʻli bilan emas, balki demokratik jarayonlar natijasida qabul qilindi. Ushbu jarayon umumxalq muhokamasi boʻlib tashkil qilindi, xalq oʻz xohish-irodasini erkin bildirishi taʼminlandi hamda ushbu qarorning mamlakatimiz milliy manfaatlariga muvofiqligiga har tomonlama baho berildi.

Umuman olganda, parlamentning Oʻzbekistonning YEOIIda kuzatuvchi maqomi toʻgʻrisidagi qarori mamlakatimizdagi saylovchilar juda katta qismi manfaatlarining haqiqiy ifodasi boʻldi.

Xalq vakillari parlament va jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan foydalangan holda hukumat, vazirlik va idoralar, nodavlat tashkilotlari va ekspertlarning xulosalari va baholarini tingladilar, joylarda ushbu mavzuda jamoatchilik muhokamalari tashkil etildi. Xalq bilan samarali uyushtirilgan muloqot amalda OAVni jamoatchilik manfaatlari hisobga olinadigan va har tomonlama oʻylangan qarorlar qabul qilinadigan haqiqiy munozaralar maydoniga aylantirdi. Bu mamlakatimizda soʻz erkinligini taʼminlashning yorqin namunasi boʻldi.

Bir soʻz bilan aytganda, biz yangi demokratik jarayonning guvohi boʻldik, bu esa, oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Harakatlar strategiyasi doirasida parlament va siyosiy partiyalarning mamlakatni rivojlantirishning eng muhim masalalarini hal qilish, davlat boshqaruvi tizimida ularning rolini oshirish hamda fuqarolarning jamiyat va davlatni boshqarishdagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarning amaliy natijasidir.

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori”, parlament esa haqiqiy “demokratiya maktabi”ga aylanishi, qarorlar xalq bilan ochiq va oshkora, fuqarolarning talab va manfaatlaridan kelib chiqib qabul qilinishi kerakligini bir necha marotaba taʼkidlagan.

Oʻtkazilgan barcha muhokamalarning asosini soʻnggi uch yilda mamlakatimiz iqtisodiy oʻsishining yuqori surʼatlarga erishayotganligi tashkil etdi, bu esa, oʻz navbatida, YEOII bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan choralarni faollashtirishni talab etadi.

Yurtimizda investitsiyalar, texnologiyalar va zamonaviy texnologiyalar va nou-xaularni jalb qilishni talab qiladigan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda, yangi istiqbolli bozorlarga chiqish boʻyicha harakatlar olib borilmoqda. Bu borada Oʻzbekiston jahon iqtisodiy munosabatlarida faol ishtirok etmoqda, xalqaro iqtisodiy makonga qoʻshilmoqda, ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritmoqda.

Oʻzbekistonning tanlagan iqtisodiy rivojlanish yoʻli xalqaro va mintaqaviy birlashmalar, shu jumladan YEOII bilan samarali hamkorlikni kuchaytirishni taqozo etadi. Bu bir tomondan, ushbu Ittifoqda oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarimiz tobora kengayib borayotgan strategik hamkorlarimiz boʻlgan Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston davlatlarining aʼzo ekanligi, ikkinchi tomondan — kengroq iqtisodiy makonda mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini oshirishga imkoniyat yaratilishi bilan bogʻliq.

— Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olish Oʻzbekistonga yaqin istiqbolda nima beradi?

— Kuzatuvchi maqomi Oʻzbekistonga YEOIIning aʼzolari va hamkor davlatlari bilan muloqotni mustahkamlash, tashkilotning dasturiy va shartnomaviy organlari hujjatlarini amalda tatbiq etilishini yana-da chuqurroq oʻrganish, aʼzo davlatlarning oʻzaro hamkorlik mexanizmlari, qaror qabul qilish jarayoni, mavjud meʼyoriy-huquqiy baza va uni qoʻllash amaliyoti kabi muhim jarayonlar bilan tanishish imkoniyatini yaratadi.

Bundan tashqari, tashkilot ichidagi jarayonlarga qoʻshilgan holda bizda ulardan doimiy ravishda xabardor boʻlib turish hamda milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda YEOII iqtisodiy siyosatini shakllantirishda bilvosita qatnashish imkoniyati yuzaga keladi. Shu bilan birga, ushbu integratsion tuzilmada kuzatuvchi boʻlish iqtisodiy sohadagi mavjud qonunchiligimizni YEOII talab va qoidalariga muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Shuni alohida eʼtirof etish lozimki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston YEOIIga aʼzo-davlatlar bilan ikkitomonlama hamkorlikni kengaytirmoqda. Misol uchun, 2016 — 2019-yillarda Oʻzbekistonning YEOIIga aʼzo-davlatlar bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi 60 foizga oshib, qariyb 10 milliard dollarga yetdi. Bugungi kunda Oʻzbekistonning YEOII bilan tashqi savdosidagi ulushi 30 foizni, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmi esa 75 foizdan ortiqni tashkil qiladi.

YEOIIda kuzatuvchi maqomining yana bir afzalligi unda ittifoq talablariga rioya qilish majburiyatining yuklanmasligi, ayni vaqtda Ittifoq bilan hamkorlik istiqbollari mahalliy biznes vakillariga yana-da raqobatbardosh boʻlish uchun oʻz faoliyatlarini takomillashtirish masalasini dolzarblashtiradi. Bundan isteʼmolchilar va umuman modernizatsiyaning yangi bosqichiga chiqishi orqali iqtisodiyot yutadi.

— Amaliyotda kuzatuvchi maqomi qanday qoʻllaniladi?

— Ushbu maqomga ega boʻlgan davlat oʻzining doimiy vakilini YEOIIning doimiy faoliyat yuritadigan muhim organi hisoblanadigan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YEIK) qarorgohiga yuboradi. Shu tariqa, mamlakatimizning doimiy vakili Komissiya va uning organlari bilan Ittifoq hududida olib borilayotgan iqtisodiy siyosat masalasida muntazam aloqa oʻrnatish imkoniyatiga ega boʻladi.

Ushbu masala tartibli muloqot oʻrnatishda juda muhim mexanizm boʻlib, bizning iqtisodiy tarmoqlarimiz subyektlariga, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga YEOII hududida amal qiladigan standartlarni, texnik, bojxona va fitosanitar qoidalarni yana-da chuqurroq oʻrganib, savdo aloqalarini takomillashtirishga yordam beradi. Bir soʻz bilan aytganda, YEOII aʼzo davlatlari bozorlarida raqobatbardoshligimizni oshirish va savdo-iqtisodiy munosabatlarimizni yana-da rivojlantirish mumkin boʻladi.

Taʼkidlash kerakki, YEOIIdagi kuzatuvchilik maqomi bizning boshqa iqtisodiy uyushmalar bilan hamkorlik qilish boʻyicha tashabbus bildirish huquqlarimizni cheklamaydi va boshqa davlatlar bilan iqtisodiy munosabatlarimizga taʼsir qilmaydi. Aksincha, mintaqaviy iqtisodiy integratsion tuzilmalarda ishtirok etib, biz iqtisodiy salohiyatimizni va sanoat tarmoqlar tajribasini samarali hamkorlik qilish boʻyicha oshiramiz.

— Sizningcha, COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq inqiroz qandaydir tarzda kuzatuvchi boʻlish qaroriga taʼsir qildimi?

— Oʻzbekiston va YEOII oʻrtasidagi hamkorlik jarayoni masalasini oʻrganish jarayoni pandemiyadan ancha oldin boshlangan. Xususan, muhokama va munozaralar 2019-yil boshidan beri davom etmoqda hamda bu masala yangi istiqbolli bozorlarni izlash, ishonchli transport va tranzit yoʻnalishlarini yaratish, milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish uchun investitsiya hamda texnologiyalarni jalb qilishga qaratilgan Oʻzbekistonning yangi tashqi iqtisodiy strategiyasining mantiqiy davomidir.

Pandemiya oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz, bizning jahon iqtisodiy munosabatlariga integratsiyalashuvimiz toʻgʻri yoʻl ekanligini yana bir bor tasdiqladi.

Pandemiya juda koʻplab davlatlar iqtisodiyotining barcha sohalariga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Xususan, taʼminot zanjirlari uzilib qoldi, mehnat bozori zarar koʻrdi, qator korxonalar oʻz faoliyatini toʻxtatdi, transport tashuvlari kamaydi.

Pandemiya saboqlari umumiy saʼy-harakatlarni faollashtirishga undaydi. Ushbu vaziyatda xalqaro ekspertlar mintaqaviy jarayonlar kuchayishi va mintaqaviy tuzilmalar ahamiyati oshishini taxmin qilmoqda. Bunday inqirozli vaziyatlarda ustunlik global savdo munosabatlari zanjiri uzilishi muammosini samaraliroq hal qiladigan, milliy iqtisodiyotlar uchun “yelkadosh” vazifasini oʻtab beruvchi ixcham mintaqaviy bozorlarga beriladi.

Albatta, Oʻzbekiston uchun bunday ixcham mintaqaviy bozor sezilarli iqtisodiy oʻsish salohiyatiga ega boʻlgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hududi boʻlishi mumkin.

Shu oʻrinda YEOII iqtisodiy koʻrsatkichlariga eʼtibor bersak: 2019-yil yakunlariga koʻra Ittifoqning yalpi ichki mahsuloti 1,9 trillion dollarni tashkil etdi, YEOII bilan erkin savdo bitimlari va hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar imzolagan uchinchi mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti 29,6 trillion dollarni (xarid qobiliyati pariteti boʻyicha) yoki jahon yalpi ichki mahsulotining 23,2 foizini tashkil etadi. Ittifoqning tashqi sheriklari yalpi ichki mahsuloti hajmi 43,9 trillion dollardan iborat (xarid qobiliyati pariteti boʻyicha), bu oʻz navbatida jahon yalpi ichki mahsulotining 34,3 foiziga toʻgʻri keladi.

Jahon miqyosidagi inqiroz va xorijiy davlatlarning chegaralari yopilishi ortidan kelib chiqqan hozirgi iqtisodiy reallikni hisobga olgan holda, kuzatuvchi maqomi mamlakatimizga YEOII hududiga mahsulotlarimizni eksport qilishni soddalashtirish bilan bogʻliq muammolarni hal qilish va birinchi navbatda qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik va boshqa tarmoqlar boʻyicha eksport imkoniyatlarini oshirish imkonini beradi.

Umuman olganda, pandemiya sharoitida YEOII boshqa mintaqaviy integratsiyaviy tuzilmalar singari inqirozga nisbatan tayyorligi va chidamliligi boʻyicha oʻziga xos sinovni boshidan kechirmoqda. Bu, oʻz navbatida, YEOII faoliyatida eʼtibor berilishi lozim boʻlgan bir qator muhim masalalarni yuzaga chiqardi. Albatta, bu va boshqa omillar ham YEOII kelajakda qanday rivojlanishi va takomillashuvini yana-da yaxshiroq anglash uchun inobatga olindi. Shu sababli ushbu bosqichda Oʻzbekistonning YEOIIda kuzatuvchi maqomida ishtirok etishi toʻgʻri qaror hisoblanadi.

— Sizningcha Oʻzbekistonning YEOIIda kuzatuvchi maqomida ishtirok etishi mintaqaviy hamkorlik istiqbollariga qanday taʼsir qiladi?

— Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarni mustahkamlash, Markaziy Osiyoni tinchlik, barqaror rivojlanish va yaxshi qoʻshnichilik hududiga aylantirish mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanligini bir necha bor taʼkidlagan.

Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar bilan munosabatlarni rivojlantirishda integratsion tuzilmalarda ishtirok etishi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga yordam berishi kerak degan tamoyildan kelib chiqadi.

Bugungi kunda pandemiya tufayli Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari inflyatsiya va ishsizlik darajasining oshishi, yalpi ichki mahsulot oʻsishining pasayishi va oziq ovqat xavfsizligini taʼminlash kabi umumiy muammolarga duch kelmoqdalar. Ushbu salbiy oqibatlarni bartaraf etish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirish talab etiladi, bu esa mintaqaviy hamkorlikning muhim ekanligini yana bir bor koʻrsatadi. Zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi biz faqatgina hamjihatlikda va yakdilllikda samarali kurasha olamiz.

Davlat rahbarlarining ushbu qiyin kunlardagi doimiy muloqoti oʻzaro tushunish va qoʻllab-quvvatlashning yuqori darajada ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev soʻnggi ikki oy ichida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari bilan 13 marta telefon orqali suhbatlar oʻtkazib, unda pandemiyaga qarshi samarali kurashish hamda uning salbiy oqibatlarini kamaytirish borasida yaqindan hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning qatʼiy tarafdori ekani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2019-yil 29-noyabrda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi yakuniy bayonotida ham oʻz aksini topgan. Xususan, davlatlar transport va tranzit imkoniyatlarini kengaytirish va mintaqaning energiya salohiyatini oshirish, zamonaviy xalqaro logistika, savdo va turizm markazlarini tashkil qilish, yangi korxonalar qurish, innovatsiya texnologiyalarini joriy etish va “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga xohishlari borligini va bunga oʻzlarining tayyorliklarini bildirishdi. Xalqaro ekspertlarning eʼtirof etishicha, Maslahat uchrashuvining natijalari Markaziy Osiyo davlatlarining oʻzaro birlashuvi orqaga qaytmas jarayon ekanligini tasdiqladi.

Oʻzbekistonning YEOIIdagi ishtirokini kengaytirish mintaqaviy hamkorlikning strategik maqsadlariga javob beradi va Markaziy Osiyoning iqtisodiyot, transport va energetik sohalaridagi salohiyatini sezilarli ravishda yuksalishiga hissa qoʻshadi, oʻz navbatida, bu kelgusida mintaqaning turli raqobatlarga bardoshli, ustun jihati boʻladi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?