Yengil atletikachilarimiz Qatarda oʻtkazilayotgan Osiyo chempionatida ishtirok etishadi

13:43 17 Aprel 2019 Sport
315 0

21-24 aprel kunlari Qatar poytaxti Doha shahrida yengil atletika boʻyicha Osiyo chempionati boʻlib oʻtadi. 23-marotaba tashkil etilayotgan qitʼa birinchiligida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etadi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shuningdek, chempionat doirasida Osiyo yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasining navbatdagi Kongressi oʻtkaziladi. Unda Oʻzbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqarma boshligʻi Nizomjon Toʻxtaboyev, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi prezidenti Andrey Abduvaliyev va federatsiya bosh kotibi Kamolliddin Roʻzimuxammedov ham ishtirok etadi.

Jamoamiz 6 apreldan Turkiyaning Antaliya shahrida navbatdagi oʻquv-yigʻin mashgʻulotida ushbu chempionatga va 2020 yil Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlari tayyorgarlik koʻrayotgan edi.

Dohadagi “Xalifa” stadionida oʻtkaziladigan chempionatda musobaqa tashkilotchilari xabariga koʻra 44 davlatdan tashrif buyurgan sportchilar 186 ta medallar jamlanmasi uchun bahs olib boradi.

Osiyo chempionatida Nadiya Dusanova, Svetlana Radzivil, Nigina Sharipova, Roksana Xudoyorova, Yekaterina Voronina, Aleksandra Yurkevskaya, Sanobar Erkinova, Ivan Markelov, Alina Yablokova, Marat Haydarov, Suhrob Xodjayev, Ivan Denisov, Sergey Dementyev va Nikita Loginov mamlakatimiz sharafini himoya qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?