Eng yaxshi startap 500 ming dollarlik investitsiya yutib olishi mumkin

11:14 14 Avgust 2019 Jamiyat
142 0

Seedstars World xalqaro startaplar tanlovi Oʻzbekistonga qaytmoqda. Bu haqda ushbu loyiha tashkilotchilari xabar berdi.

Shu yil 27 va 29-sentyabr kunlari Seedstars tomonidan trening va eng yaxshi loyihani tanlab olish uchun sarmoyadorlar bilan yopiq sessiya tashkil etiladi. Uning egasi Seedstars Tashkent 2019 gʻolibiga aylanadi.

Gʻolib Investment Readiness Programʻdan uch oy bepul foydalanishi, mamlakatni Seedstars mintaqaviy sammitida taqdim etishi, homiylar va investorlar bilan uchrashishi mumkin.

Qolaversa, Seedstars Global forumiga borib, 500 ming dollar yutib olishi mumkin.

Unda ishtirok etish uchun arizalar 9-sentyabrgacha qabul qilinadi.

Startap asoschilari ingliz tilida erkin soʻzlasha olishi, loyiha esa quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:

- kamida ikki yil

- ayni paytda koʻpi bilan 500 ming dollarga moliyalashtirish

- texnologik asos

- tayyor MVP va loyiha miqyosini isbotlash imkoniyati

- tijoriy loyiha.

“Biz Toshkentga qaytishdan xursandmiz. Ushbu ekotizimda ikki yildan ortiq vaqtdan buyon boʻlib turibmiz va Oʻzbekistonda yuqori sifatli mahsulotlar ustida ish olib borayotgan kompaniyalar borligini bilamiz”, - dedi Seedstarsʻning Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo boʻyicha menejeri Agaxuseyn Ahmedov.

Maʼlumot uchun, Seedstars ilk bor 2018-yil may oyida Oʻzbekistonga kelib, tanlovning SeedStars Tashkent mahalliy bosqichini oʻtkazgan edi. Unda 11 jamoa ishtirok etgan. Bellashuvda Express 24 gʻolib chiqib, oʻtgan yil dekabr oyida Ukrainada tashkillashtirilgan SeedStars CEE(Markaziy Yevropa va Yevroosiyo) mintaqaviy bosqichida qatnashgandi. Eʼtiborlisi, keyinchalik Express 24 mintaqa boʻyicha SeedStars akseleratoriga oʻtgan yagona startapga aylandi.

Bu galgi tadbir Shveysariyaning yurtimizdagi elchixonasi homiyligida Ground Zero kovorking markazida boʻlib oʻtadi.

Eslatib oʻtamiz, Seedstars World rivojlanayotgan bozorlar oʻrtasidagi startap-musobaqa boʻlib, uning finali Shveysariyada oʻtkaziladi. Mazkur loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va unga sarmoya kiritish orqali ishsizlikni kamaytirish hamda oʻsib borayotgan bozorlarni rivojlantirishdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?