Eng yaxshi gulchiga “Spark” avtomashinasi sovg‘a qilindi

14:48 05 Iyun 2018 Jamiyat
1076 0

Namanganliklarning o‘ziga xos an’anasi — “Gullar bayrami” bu yil ellik sakkizinchi bor nishonlandi. Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan gul ko‘rgazmalari, rang-barang madaniy va ma’rifiy dasturlar bir hafta davomida viloyat ahli hamda mehmonlarga zavqli damlarni ulashdi.

Joriy yildagi nafosat ayyomi davomida bayramning nufuzi ortib, xalqaro miqyos kasb etayotgani ko‘zga yaqqol tashlandi. Tadbirda qatnashish uchun Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Bangladesh, Kuvayt, Bahrayn, Janubiy Koreya, Xitoy kabi 14 ta davlatdan 300 dan ziyod mehmonlar tashrif buyurdilar.

Viloyat markazidagi “Uch favvora” xiyobonida eng yaxshi gulchilar va tadbirni o‘tkazishda faollik ko‘rsatgan tashkilotchilar taqdirlandi. Jumladan, eng yaxshi gullar ko‘rgazmasini tashkil etib, tanlovning oliy o‘rniga sazovor bo‘lgan “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati hamda usta-gulchi Mirzohid Xolmirzayevga mukofotning kattasi — “Spark” avtomashinasi topshirildi. Bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha ham g‘oliblar qimmatbaho sovg‘alarga munosib ko‘rildi. Poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli xonandalar ishtirokidagi gala-konsert esa bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Gullar ko‘rgazmasi bir oy davom etadi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?