Eng koʻp qarzdorlik qurilish korxonalari hissasiga toʻgʻri kelmoqda

13:38 20 Iyun 2019 Jamiyat
310 0

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning soliq qarzini undirishga, soliq qarzdorligini qisqartirish boʻyicha oʻtkazilgan tadbirlar davomida 1560 nafar yakka tartibdagi tadbirkorning 21 mlrd. soʻm, 3 ming 250 nafar fuqaroning 1,7 mlrd. soʻm soliq qarzi undirildi. Bu haqda Toshkent shahar DSB matbuot xizmati xabar berdi.

Tahlillarga koʻra, bugungi kunda eng koʻp qarzdorlik qurilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxonalar hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida joylarda oʻtkazilgan tadbirlar davomida 12 ming 765 ta qarzdor korxonaning 487,6 mlrd. soʻmdan ziyod soliq qarzi undirilgan boʻlsa, shundan 174,8 mlrd. soʻmi aynan qurilish korxonalari hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Misol uchun, poytaxtimizning Chilonzor tumanida roʻyxatdan oʻtgan “KOʻPRIKQURILISHBUTLASH” korxonasi rahbarlarining loqaydligi sabab toʻplanib qolgan 1,2 mlrd. soʻmlik soliq qarzi majburiy undiruvga qaratilib, sud qarori asosida undirildi.

Xuddi shuningdek, Mirzo Ulugʻbek tumanida roʻyxatdan oʻtgan “Toshkent issiqlik markazi” davlat unitar korxonasining soliq va boshqa majburiy toʻlovlardan boʻlgan qarzi oylar davomida toʻplanib qoldi. Tuman davlat soliq inspeksiyasining bir necha bor ogohlantirishiga qaramay, soliq qarzdorligi bartaraf etilmadi. Pirovardida 3,2 mlrd. soʻmlik qarzdorlik korxonaning debitorlari hisobidan inkasso topshiriqnomasi asosida undirib olindi.

Hurmatli soliq toʻlovchilar! Byudjetga toʻlangan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar Vatanimiz sarhadlarining mustahkamligiga, xalqimiz farovonligini oshirish va kuchli ijtimoiy himoyasini taʼminlashga sarflanadi. Shunday ekan, soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshiring.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?