Eng katta oʻgʻri — vaqt oʻgʻrisi

15:29 20 Yanvar 2020 Madaniyat
320 0

Bugungi globallashuv davrida hayotimizga fan, texnika yangiliklari shiddat bilan kirib kelgan bir paytda yuksak filmlarga boʻlgan talab va ehtiyoj har qachongidan ortib bormoqda.

“Oʻzbekkino” milliy agentligi qoshidagi ekspertlar kengashining aʼzosi,professor Hamidulla Akbarov bilan boʻlgan suhbatimiz mavzusi aynan, oʻzbek kino sanʼatining hayotimizda tutgan oʻrni,yaratilayotgan filmlarning yutugʻi-yu kamchiliklari, bu boradagi ayrim muammolar xususida boʻldi.

– Kino sanʼati insonning maʼnaviy kamoloti, estetik didini shakllantirishda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Maʼlumki, bugun filmlar yaratish va ularning sifatini yaxshilash borasida jiddiy ishlarga qoʻl urilmoqda. Buning yorqin samarasi sifatida keyingi yillarda yurtimizda qanday baquvvat filmlar yaratildi?

– Yurtimizda yuksak tarbiyaviy ahamiyatga molik, estetik qiymati baland kinoasarlar yaratilayotganidan mamnunmiz, albatta. Mustaqillik yillarida ishlangan “Yolgʻiz yodgorim”, “Qor qoʻynida lola”, “Oʻtov” singari qator asarlar tomoshabinlar qalbidan joy olganini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Oʻzim “Oʻzbekkino” milliy agentligi qoshidagi ekspertlar kengashining aʼzosi boʻlganim uchun har bir yangi kino asarini sinchiklab koʻraman. Agar bu sohada ijodiy yangiliklarni his qilsam, fikr-mulohazalarimni televideniye yoki matbuot orqali bildirishga ehtiyoj sezaman.

Keyingi yillarda oʻzbek kino sanʼati nafaqat vatandoshlarimiz, balki Osiyo va Yevropa mamlakatlarini ham eʼtiborini qozonmoqda. Yaqin yillarda Londonda boʻlib oʻtgan hujjatli va badiiy filmlarning koʻrigida Toshkent islom madaniyati poytaxti deb eʼlon qilinishi munosabati bilan yaratilgan hujjatli film katta shuhrat qozongandi. Avstriyaning Insburg shahrida oʻtkazilgan kinofestivalda “Oydinoy” badiiy filmi tomoshabinlarning yuksak eʼtirofiga sazovor boʻldi. Asar xalqaro anjuman sovrini bilan qaytdi. Bular safiga Gollandiyaning Amsterdam shahrida bosh sovrinni qoʻlga kiritgan “Quduq” hujjatli filmining ham estetik-tarbiyaviy, ham maʼrifiy ahamiyati katta, deb bilaman. Hozir koʻpchilik ana shu filmlarni koʻrmay turib, kinosanʼatimiz haqida bir yoqlama fikr bildiradi.

Xorijda munosib baholangan milliy asarlarimizdan oʻzimizning tomoshabinlar ham bahramand boʻlishi, olim va munaqqidlarimiz badiiy, estetik, gʻoyaviy jihatlarini tahlil etib, jamiyatga, ayniqsa, yoshlarning maʼnaviy olamini boyitayotganini koʻrsatib berishlarini xohlardim. Buning uchun fundamental tadqiqotlar yaratilishi zarur, deb bilaman.

– Kino sanʼati tarixiga nazar tashlasak, avvallari ham turli saviyadagi filmlar yaratilgan. Ammo yillar sinovida toblangan “Sen yetim emassan”, “Toshkent – non shahri”, “Tohir va Zuhra”, “Nasriddin sarguzashtlari”, “Shum bola” kabi filmlarni xalqimiz haligacha hayajon bilan tomosha qiladi. Hozir ham shunday umrboqiy kino asarlar yaratilyaptimi?

–Asli, baquvvat adabiyot asarlariga kino ahli hech qachon befarq qaramagan. Masalan, “Temir xotin” yoki “Kelinlar qoʻzgʻoloni” asarlarini olaylik, qancha yillardan buyon ushbu asarlarga boʻlgan eʼtibor va ishtiyoq susaymayapti. Hattoki, Xitoyda “Kelinlar qoʻzgʻoloni” namoyish etilganda tomoshabinlar bu filmni dublyajsiz ham yaxshi qabul qilganiga oʻzim guvoh boʻlganman. Ammo... bunday fikrni xususiy studiyalar yaratayotgan bir qolipdagi asarlar haqida ayta olmayman. Ekrandagi voqealar dramatik jihatdan puxta yozilmaydi. Rejissura ham boʻsh, zaif koʻrinadi. Kuni kecha mavzu, qahramon tanlash, hatto filmni metrajini belgilash “markaz”ning ijozati bilan boʻlgan. Kino olish jarayoni ogʻir kechgan. Texnik vositalar eskirgan, ijodiy-texnik kadrlar masalasi ham boʻlmagan. Rejissyorlar oylab, yillab laboratoriyada qayta ishlanadigan kino plyonkalar reaktiv ximikatlardan “omon chiqishi”ni yurak hovuchlab kutib turardi. Harakatga keltirish ogʻir boʻlgan apparatlar yordamida ming-ming metr tasmalarga tasvir tushirilgan.

Bugun ijod erkinligi boshqa sohalar qatorida kino sanʼatimizga ham katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Bugun davlat studiyalari qatorida nodavlat studiyalarida ham yiliga oʻnlab filmlar yaratilmoqda. Davlat studiyalariga qaraganda, nodavlat studiyalar tayyorlayotgan filmlarning sifati biroz zaifroq koʻrinadi. Ijod erkinligi degani xohlagan odam qoʻliga kamerani koʻtarib, kino olsin, rejissyorlik qilsin, rol oʻynasin, kino musiqa bastalasin, degani emas-ku! Bu borada nodavlat studiyalarda rejissura, dramaturgiya, ijrochilik sanʼati bilan shugʻullanish istagida boʻlganlarning aksariyati professional tayyorgarlik koʻrmagan. Misol uchun sevimli sanʼatkorimiz Murod Rajabovni mahoratli aktyor sifatida yuksak qadrlaymiz. Kino, teatrda oʻynagan rollarining hech biriga befarq emasmiz. Ammo rejissyor sifatida suratga olgan “Ulfatlar”, “Anora” deb ataluvchi filmlarining rejissurasi mutlaqo talabga javob bermaydi. Ayniqsa, “Ulfatlar” nihoyatda boʻsh ishlangan asar. Taniqli rejissyor Yorqin Toʻychiyevning“Chashma”, “Orzu ortida” filmlari tomoshabinlar va munaqqidlar tomonidan yaxshi baholangandi. Ammo nodavlat studiyasida yaratgan “Poyma-poy” asarida milliy urf-odatlarni, insoniy fazilatlarni koʻrsatishga urinish bor, lekin syujet poyma-poy. Bunday zaif filmlar qatoriga “ Bir kelib keting qishloqimizga”, “Sunami– 2”, “Har zamonda bir zamon”, “Qalbaki dunyo”, “Quyun”, “Ishkalchi oshiqlar” kabi filmlarni ham qoʻshish mumkin. Bugun maxsus oʻquv yurtida taʼlim olgan sanʼatkorlar bilan bir qatorda sanʼat ilm dargohining zinapoyalarini xatlab oʻtmagan havaskorlar ssenariy yozishga, rejissura bilan shugʻullanishga oshiqmoqda. Bunday nosogʻlom jarayon kino rivojiga ham, estetik tarbiyaga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi tabiiy.

Aslida nodavlat studiyalari oʻz ichki adabiy kengashiga ega boʻlishi, ssenariyga boʻlgan talabni kuchaytirishi, professional taʼlim olgan rejissyorlar bilan hamkorlikda ijod etishi kerak.

– Aytib oʻtganingizdek, “Oʻzbekkino” milliy agentligi qoshidagi ekspertlar kengashining vakilisiz. Shubhasiz, katta ekranga chiqarilayotgan har bir kino uchun litsenziya ham aynan, siz aʼzo boʻlgan Kengash tomonidan beriladi. ta yuzaki, noprofessional filmlargalitsenziya berilishi…

–Filmlarga litsenziya berish bermaslik haqida emas, rejissyorlarga kino olishga ruxsat berish kerakmi yoki yoʻqmi, shu haqida oʻylash kerak. Oʻtgan yillarda xorijiy madaniyat markazi tavsiyasi bilan kengashga “Bokiralik yuki” nomli hujjatlifilmtaqdim etildi. Unda tasvirlanishicha, bokiralik qiz bolaga yuk boʻlarmish. Buyukni koʻtarish juda ogʻir emish. Buni koʻrgan kengash aʼzolari bir ovozdan ekranga chiqishiga yoʻllanma berishmadi. Bu holat – “bokiralik yuki” xorijliklarni tashvishga solayotgandir, lekin bizda bunday muammoning oʻzi yoʻq.Qizlarimiz bokira, iffatli, or-nomusli. Koʻryapsizmi, bizga qay darajadagi “yuk”larni singdirishmoqchi. Ekspert kengashi aʼzolari filmlarni gʻoyaviy, badiiylik mezonlariga rioya qilgan holda baholaydi.Shaxsan men mavzuga qarab, rejissyorlik daʼvosida yurgan shaxsning yoshiga yoki mashhurligiga qarab “siylashga” yoʻl qoʻymayman. Sayoz filmlarga muhokama jarayonida doimo qarshi ovoz berganman. Ammo... shu oʻrinda bir mulohaza:dunyoda eng katta oʻgʻri bu —vaqt oʻgʻrisi, deb bilaman. Agar bir yarim soat davom etadigan filmni ekranda chiqarganimizda bir million tomoshabin koʻrsa, shu daqiqalarda odamlarning qancha vaqtini oʻgʻirlagan boʻlamiz? Bundan tashqari, xuddi shu tomoshabinning estetik didiga putur yetadi. U yuksak asarlarning qadriga yetmay qoʻyadi.

– Xoʻsh, ahvolni oʻnglash uchun nima qilmoq kerak?

– Ijodiy kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, malakasini oshirish kerak. Filmlarni koʻradigan tomoshabinlarning estetik didini tarbiyalash lozim. Navoiy kutubxonasiga borganimda,kitobsevarlarni kam uchratardim. Shu kunlarda qiroatxona gavjumroq. Yoshlarning koʻpchiligi kitob oʻqimasa-da,kino, teatrga borishadi. Baʼzan kinochilar uyida tomoshabinlar bilan suhbatlashib, “nega yaxshi kinolar turganida zaif asarlarga tushyapsizlar”, desam, “bu filmlarni bizga maqtashgan”, deyishadi. Koʻrgan filmlari haqida taassurotlarini soʻrasam, ayrimlari “falonchi aktyor yaxshi oʻynabdi-yu, lekin umuman asarning mazasi yoʻq”, deya ochiq aytishadi. Ayrim yoshlar yaxshi-yomon filmlarni bir-biridan ajrata olmaydi. Bogʻcha, maktab yoshidan bolalarning ota-onasi yoki oʻqituvchilari oʻz estetik didini shakllantirib borsa, kino sanʼatiga boʻlgan munosabati oʻzgacha boʻlardi. Pedagogika institutlarida televideniye estetikasi boʻyicha dars kiritish zarur, deb oʻylayman. Bugungi – pedinstitut talabasi erta-indin murabbiy sifatida sinfga kirganda TV mahsulotini tahlil qilishi, xolis baholay olishi zarur.

 Toshkent teatr va rassomchilik instituti (Hozirgi Sanʼat instituti)da boʻlajak rejissyorlar, aktyorlar yetishib chiqadi. Soʻnggi yillarda oliy bilim dargohi bitiruvchilari orasida yarq etgan isteʼdodlar koʻrinmayapti.

–Yurtimizda shunday hashamatli sanʼat dargohining boʻlishi katta gap. Bu ulugʻ dargohda el nazariga tushgan ne-ne buyuk sanʼatkorlar tahsil olib,aktyorlik sanʼatini, sahna sir-asrorlarini oʻrgangan. Ular aktyorlik va rejissyorlikni qismat bilib, oʻynagan har bir roli yoki suratga olgan filmi kinotasmalarda mangu muhrlanib qolgan. Sanʼat oliygohini isteʼdodli aktyorlar bitiryapti, ularning ijodini namoyish etish uchun yaxshi rejissyor, ssenariynavislar kerak.

ShuhratAbbosov, Yolqin Toʻychiyev, Ayub Shahobiddinov kabi isteʼdodli kinorejissyorlar ham avval shu oliy oʻquv dargohida taʼlim olishgan. Soʻngra Moskvada rejissyorlarning Oliy kursida ekran estetikasi, texnikasini oʻzlashtirgan.

Moskvada aspiranturada tahsil olayotganimda, uch yil davomida ssenariynavislar, rejissyorlarning oliy kurslari mashgʻulotlarida qatnashganman. U yerda3-4 soat dars oʻtilsa, 5-6 soat kino koʻrsatishardi. Ustozlar oʻz tajribasidan kelib chiqib,koʻrganfilmlarimizga taqlid yo koʻchirishni emas, ijodning keng qirralaridan, montajning turli yoʻllaridan unumli foydalanish yoʻllarini koʻrsatishardi. Bugun ham bunga katta ehtiyoj bor. Kinoda ham, TVda ham maxsus ijodiy oliygohda yirik sanʼatkorlar va olimlar koʻmagida audiovizual sanʼatlarning imkoniyatlari bilan chegaralarini ham oʻrgangan mutaxassislar ijod etishi kerak. Boʻlajak dorilfununda boy filmoteka (videoteka emas) tasmalarni qayta ishlaydigan laboratoriya va ularni moʻtadil haroratda saqlaydigan xazina bilan birga, kinokameralar, marketing, ilmiy-sotsiologik markaz boʻlishini istardik.Iqtisodchilarni, injener va texniklarni xorijda tayyorlash mumkindir. Lekin ijod ahlini yurtimizda tayyorlashimiz lozim. Shunda ular haqiqiy milliy asarlar yarata oladi.

– Keyingi paytda koʻpchilikning rejissuraga qoʻl urayotganiga sabab nima? Yo bunga sabab ehtiyoj shu darajada zaruriyatga aylandimi? Bu borada dunyo tajribasi qanday?

– Kino sanʼatini yanada yuksaltirishda rejissuraning oʻrni gʻoyat muhim. Rejissyorlar boshqalardan koʻra ziyrakroq, ssenariyni tanlay olish bilan birga, operator, aktyorlar va kompozitorlarning koʻngliga yoʻl topa bilishi kerak. Koʻpincha kino taqdimotlarda qatnashganimda rejissyorlarga “Mana bu filmingiz ancha zaif”, deya kamchiliklarini aytsam, “Menda nima ayb, ssenariy boʻsh...”, deyishadi. Axir, ssenariyni u tanlaydi-ku. Xoʻp, ssenariy talabga javob bermas ekan, nega undan yaxshi kino ishlamoqchi boʻlishadi.Hozir ayrim rejissyorlar yaratayotgan filmlarida ham muallif yoki sherik muallif boʻlishmoqda. Barakat topgurlar, ssenariyni toʻgʻri kelgan odam emas, faqat isteʼdodli yozuvchi yozishini unutmaslik kerak. Rejissyordan ssenariy yoza bilishi emas, uni ekranlashtira olishi talab etiladi.

Yozuvchi Abdulla Qodiriy 1927-yilda yozgan bir maqolasida;“Hozircha bizda kinodramaturglar yoʻq. Shu bois kinoni biladiganlarga yozuvchilarni tirkab qoʻyish kerak. Keyin ijrochilarni tanlay bilish muhim rol oʻynaydi”, deb yozgandi.Soʻngra,“... men aktyor boʻlganimda Otabek rolini oʻynardim. Chunki qahramonimning xarakterini mendan yaxshi biladigan odam yoʻq”, deydi.

Bu tavsiyalarni rejissura sohasiga tatbiq qilish kerak. Yaqin oʻtmishda ijodning bu murakkab sohasiga qiziqishi bor yoshlarning bir guruhi Moskva, Leningrad (hozirgi Peterburg)da tahsil koʻrgan edi.Ular oʻsha yerda oʻqib, ruhiyati oʻsha muhitga moslashib ketishdi. Ularning aksariyati keyinchalik oʻsha yurtda, gʻariblikda qoldi. Komil ishonch bilan aytamanki,rejissyorlar va aktyorlarni, umuman, ijodkorlarni faqat va yana faqat oʻzimizda tayyorlash zarur. Har bir xalqning asrlar davomida avloddan avlodga oʻtib kelayotgan va ana shu xalqqa doir urf-odatlari, taomili, mentaliteti borki, ularni boshqa millat vakillari tushunmasligi yoki baholay olmasligi mumkin. Gʻarbfilmlariga taqlid qilib emas, madaniy merosga tayanib, hozir joʻsh urib turgan jarayonni ekranda ifoda etishga qodir badiiy vositalarni qoʻllashimiz, zamonaviy asarlar yaratish yoʻllarini izlashimiz samara berishiga ishonaman.Muhimi, yosh ijodkorlar oʻz faoliyatining ilk pallasida merosimizni – tengi yoʻq mumtoz sheʼriyatimizni, monumental meʼmorchilik sanʼatimizni, serjilo maqomni, rang-barang ohanglarga boy miniatyuramizni, improvizatsiyaga boy xalq teatri ruhini, tuganmas nomachilik anʼanalarini his etib turadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yaqinda ziyolilar bilan boʻlgan uchrashuvda tarixiy filmlar haqida toʻxtalib oʻtdilar. Kinochilar oldiga uzoq oʻtmishga murojaat etib, odilona talablar qoʻydilar. Endi Ahmad Yassaviy, Naqshbandiy taʼlimoti, tasavvuf ilmining badiiy ifodasini kinoda taʼminlash vaqti kelganini oʻylab koʻrish kerak.

– Bugun teleekranlarimizda oʻzbek filmlaridan koʻra, chet el seriallari ayniqsa, turk va yanayam ayniqsa, koreys seriallari koʻproq namoyish etilmoqda. Nega oʻzimizning milliy filmlarimiz dunyoga chiqmayapti?

– Teleekranlarda namoyish etilayotgan xorij seriallarini xalqimiz qiziqish bilan tomosha qilyapti. Lekin dublyaj qilingan filmlarda bir xil ovozlarni eshityapmiz. Bu masalani hal etish yoʻllari koʻp. Nutq madaniyatini oʻzlashtirgan teatr manba boʻlib xizmat qila oladi.Bizning ham dunyoga koʻz-koʻz qiladigan munosib kinoasarlarimiz yoʻq emas. Chet ellarda oʻzbek filmlarida aktyorlarimizning ovozini saqlagan holda namoyish etilishini xohlardim. Bugun kino sohada olib borilayotgan siyosatni oqil va odil, deb bilaman. Ijodiy, tashkiliy, iqtisodiy imkoniyatlar yaratib berilgan ekan, ulardan nodavlat studiyalar ham unumli foydalanish kerak. Shu oʻrinda Choʻlponning mulohazalarini eslatib oʻtsam: “Aktyorga isteʼdoddan tashqari madaniyat ham zarur”. Bu talabni ssenariynavis va rejissyor, operator va kino rassomi, montaj, ovoz yozish sanʼati bilan shugʻullanganlar oldiga ham qoʻyish kerak.

A. UMIROVA,

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?