“Eng kam ish haqi” oʻrniga “mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori“ ishlatiladi

17:04 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
138 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019-yil 29-oktyabrdagi majlisida muhokama etilgan, jamoatchilik uchun qiziqarli masalalardan yana biri — “Mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻldi. Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar berdi.

Ushbu loyiha mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 21-maydagi “Mehnatga haq toʻlash, pensiyalar va boshqa toʻlovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan. Farmon bilan mehnatga haq toʻlash, pensiya tayinlash hamda soliq, davlat bojlari, jarimalar, yigʻimlar va boshqa toʻlovlarni undirish oʻrtasidagi shartlarning bogʻliqligini bartaraf etish maqsadida 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab, ish haqining eng kam miqdori oʻrniga:

- 634 880 soʻm miqdorida mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori;

- 223 000 soʻm miqdorida bazaviy hisoblash miqdori;

- 223 000 soʻm miqdorida pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori joriy etilgan edi.

Ushbu oʻzgarishlar koʻpchilikda endi oylik maoshlar, pensiyalar hamda toʻlovlar qanday hisob-kitob qilinadi, degan qiziq va muhim savolni uygʻotgan edi.

Aytish mumkinki, mazkur qonun loyihasining maqsadi qaysidir maʼnoda, ana shu savollarga huquqiy javob boʻlib, u mehnatga haq toʻlash, pensiyalar tayinlash hamda soliqlar, davlat bojlari, jarimalar, yigʻimlar va boshqa toʻlovlarni undirish oʻrtasidagi shartlarning bogʻliqligini bartaraf etishni koʻzda tutadi.

Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy sohaga, xususan byudjet-soliq munosabatlariga oid ayrim farmonlarining qabul qilinishi munosabati bilan mazkur loyiha asosida ish haqi, pensiya, nafaqa va jarimalar miqdorlarining bazaviy miqdorini belgilovchi amaldagi 55 ta qonun hujjatiga, shuningdek, Bojxona, Soliq, Byudjet kodekslariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Ularga koʻra, “eng kam ish haqi” jumlalari tegishincha “Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori”, “bazaviy hisoblash miqdori”, “pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori” jumlalariga almashtirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?