Eng faol va kitobsevar kollej oʻquvchilari Samarqand shahriga sayohat qiladi

17:57 28 Mart 2019 Jamiyat
294 0

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchisi Abdulaziz Akkulov 27 mart kuni Buxoro viloyatiga xizmat safari chogʻida viloyatdagi Turizm kollejiga tashrif buyurdi va kollej kutubxonasiga shaxsiy kitob fondidan iqtidorli talabalar uchun kitoblar sovgʻa qildi.

Qoʻmita raisi tashrif buyurgan oʻquv muassasasiga sovgʻa qilgan kitoblar, asosan, oʻgʻil-qizlar maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi tarixiy va ilmiy, jumladan “Temur tuzuklari”, “Boburnoma”, “Sulton Jaloliddin Manguberdi” kabi asarlar hamda yoshlarimizni sohaga boʻlgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladigan oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalaridan iborat.

“Qadim Buxoro shahrining turistik salohiyatini rivojlantirish, sayyohlar tashrifini nafaqat mavsumiy, balki uzluksizligini yoʻlga qoʻyish lozim, - deydi A.Akkulov. - Bu, albatta, yoshlarning qoʻlida boʻlib, uni amalga oshirish uchun hayotdagi eng toʻgʻri yoʻl bu, shubhasiz, kitob mutolaasi va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishdir. Yoshlar bugun kutubxonalar sari dadil qadam tashlab, ayni oʻqib oʻrganadigan paytlarida, oltinga teng vaqtlaridan unumli foydalanishlari lozim”.

“Mening aynan turizm sohasini tanlashimga ham 10-sinf geografiya va tarix darsliklari sabab boʻlgan”, - deya qoʻshimcha qiladi u

Shuningdek, tashrif davomida kollejda darslar yakunlangan boʻlishiga qaramay, kutubxonada kitobdan nur izlayotgan kollej talabalaridan eng faol 11 nafariga kutubxona fondiga taqdim etilgan adabiyotlardan tashqari, ularning Turizm kollejida oʻqiyotganligi inobatga olingan holda, joriy yilning aprel oyida Samarqand shahriga bir kunlik sayohat qilish imkoniyati berildi. Guruhga kollej rahbariyati tomonidan taqdim etiladigan yana 10 nafar iqtidorli yosh ham qoʻshiladi.

Soʻnggi vaqtda kitobxonlikka qaratilayotgan katta eʼtibor bejiz emas, albatta. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19 mart kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ushbu xayrli tashabbusini ilgari surib, yoshlarning maʼnaviyatini yuksaltirish, ularni boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni yurtimiz boʻylab keng targʻib qilish masalalarini atroflicha muhokama qilgan edi.

Yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish borasida “Har bir rahbar oʻzining shaxsiy kutubxonasidan oʻzi taʼlim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovgʻa qilsa, bu yaxshi tashabbus boʻlib, kitobxonlikni rivojlantirish bilan birga farzandlarimiz tarbiyasiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi”, - deya taʼkidlagan edi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlaydi va barchani ushbu xayrli tashabbusda ishtirok etishga chorlaydi.

Bundan tashqari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi rahbariyatining oʻzlari taʼlim olgan maktablarga ham tashriflari rejalashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?