“Eng faol davlat xizmatlari targʻibotchisi” tanlovi gʻoliblari aniqlandi

15:05 29 Avgust 2019 Jamiyat
200 0

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Eng faol davlat xizmatlari targʻibotchisi” tanlovi mamlakatimizda aholiga davlat xizmatlari koʻrsatish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng targʻib qilishda muhim oʻrin tutmoqda.

Bugun joriy yil uchun eʼlon qilingan ushbu tanlov gʻoliblari matbuot, televideniye, radio hamda internet saytlari yoʻnalishlarida aniqlanib, munosib taqdirlandilar. Gʻoliblar orasida “Xalq soʻzi” gazetasi muxbiri Rahim Sherqulov ham borligi bizni quvontiradi.

— Qilinayotgan qilinayotgan ishlarimiz juda koʻp, ammo shu bilan birga, kamchiliklarimiz ham yoʻq emas, — deydi taqdirlash marosimida ishtirok etgan DXA direktori X. Toʻraxoʻjayev. — Yutuqlarimiz targʻibotida ham, kamchiliklarimizning yoritib borilishida ham jurnalistlar koʻmagiga suyanamiz. Bundan keyin ham ular bilan Agentlik faoliyati bilan bogʻliq axborotlarni tezkor va xolis yoritilishida oʻzaro hamkorlikda ishlaymiz.

Darvoqe, ushbu tanlov aholining huquqiy savodxonligini oshirishda ham ahamiyati katta. Gʻoliblarga Davlat xizmatlari agentligining maxsus diplomi hamda qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

R. OTAMURODOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?