Energiyadan oqilona foydalanishga oid navbatdagi qonun loyihasi nega munozaralarga sabab boʻldi?

14:41 11 Aprel 2019 Siyosat
410 0

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi aʼzolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur qonun loyihasining ahamiyati, maqsad-muddaosi nima? U qanday yangiliklarni nazarda tutadi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ushbu qonun loyihasi yuzasidan siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari aʼzolari ishtirokida oʻtkazilgan muhokamada shu savollarga javob izlandi. Bahs-munozara hamda tortishuvlarga boy oʻtgan tadbirda har bir fraksiya aʼzosi loyiha yuzasidan oʻz nuqtai-nazarini bildirdi.

Shuhrat BAFOYEV, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi:

— Deputatlarimiz ishlab chiqqan loyiha eng dolzarb masalalardan birini yechishga qaratilgan. Chunki rivojlangan davlatlar tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, ishlab chiqarishda ham, aholining maishiy hayotida ham energiya tejovchi texnologiyalarni qoʻllash tizimiga oʻtish eng samarali yoʻl hisoblanadi. Bu oʻrinda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda Energetika vazirligi tashkil etilgani sohadagi mavjud muammolarning yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunonchi, energiya resurslarini tejash va energiya samaradorligini oshirish masalalari vazirlikning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan.

Qonun loyihasi bilan energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sertifikatlash masalasi boʻyicha alohida norma kiritilmoqda. Bu, fikrimcha, davlat tomonidan energiya resurslari isteʼmoli samaradorligini monitoring qilishning taʼsirchan tizimini yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni tartibga solish va davlat-xususiy sherikchiligi asosida raqobatdosh mahsulotlarni ishlab chiqarishda qoʻl keladi.

Joldasbay ABDUJAMILOV, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi:

— Loyiha orqali amaldagi qonunda mavjud boʻlgan “qonun hujjatlariga muvofiq, boshqa vakolatlarni amalga oshiradi” degan havolaki norma Hukumatning vakolatlaridan chiqarib tashlanayotgani toʻgʻri boʻlgan. Shu bilan birga, loyiha bilan faqat Vazirlar Mahkamasining energiyadan oqilona foydalanish sohasida davlat siyosatini oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiruvchi organ sifatida kiritilishi masalasini qayta koʻrib chiqish kerak. Chunki bu sohada davlat siyosatini yuritishda boshqa davlat organlari ham oʻz vakolati doirasida faol qatnashishi maqsadga muvofiq.

Shuningdek, qonun loyihasida aks ettirilganidek, mamlakatimizda energiya samaradorligi past boʻlgan mahsulotlarning ishlab chiqarilishi yoki ularning importi cheklanishi iqtisodiyotimizning yanada yuksalishiga yordam beradi. Umuman, ushbu jarayonlarning qonun bilan tartibga solinishi energiya tejovchi ilgʻor texnologiyalarni joriy etishni ragʻbatlantirib, muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga ham koʻmaklashadi.

Shuhrat TURSUNBOYEV, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi:

— Hududlarda aholi bilan bevosita muloqotlarimiz chogʻida energiya masalasida odamlarni qiynayotgan muammolar oz emasligiga koʻp bor guvoh boʻlganmiz. Holbuki, 1997 yilda qabul qilingan amaldagi qonunda mahalliy davlat hokimiyati organlariga yetarlicha vakolatlar berilmagan, oʻtgan davr mobaynida unga oʻzgartishlar ham kiritilmagan. Balki mazkur qonunni toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazib, uni qonunosti hujjatlarisiz, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qilib, yangi tahrirda qabul qilish vaqti kelgandir.

Loyiha bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining energiya sohasidagi vakolatlari kengaytirilayotgani, aytish mumkinki, sohada yagona davlat siyosatini yuritishda muammolarning tizimli yechilishiga huquqiy asos vazifasini oʻtaydi. Bu bizning saylovoldi dasturimizga ham hamohang boʻlib, saylovchilarimiz koʻtarayotgan, ayrim hududlarda nazoratsiz elektr energiyasidan foydalanish, oʻchirib qoʻyish holatlarini huquqiy tartibga solish hamda shunga oʻxshash qator muammolarni hal etishga yordam beradi.

Umid SULAYMONOV, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi:

— Qonun loyihasi dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan. Misol uchun, u bilan amaldagi qonunga 101-moddasi kiritilib, energiyadan oqilona foydalanish sohasida davlat siyosatini oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiruvchi organlar aniq belgilab qoʻyilmoqda. Fikrimcha, soha rivoji uchun masʼul va javobgar organlarning aniqlanishi ular ustidan nafaqat deputat yoki parlament nazoratini, balki jamoatchilik nazoratini ham toʻlaqonli amalga oshirishga sharoit yaratadi.

Lekin mazkur normalarning qonunda oʻz aksini topishi bilan uning amaliyotda ishlash mexanizmlari oʻrtasida nomutanosiblik masalalarini ham oʻylab koʻrishimiz, qonunning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish mexanizmlarini kengaytirishimiz lozim. Shunda bu qonun loyihasi mamlakatimiz iqtisodiyoti, qolaversa, xalqimiz turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladigan hujjat boʻladi.

Farhod QUVVATOV, Oʻzbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi aʼzosi:

— Qonun loyihasini mukammal, deb aytolmayman. Uni yanada takomillashtirish, buning uchun milliy va xorijiy tajribani chuqur tahlil qilish maqsadga muvofiq. Qabul qilinganiga 22 yil boʻlgan amaldagi qonun bugungi kunda mukammal ishlamayapti. Sababi, unda ijro mexanizmlari ochib berilmagan. Shu bois muhokamadagi qonun loyihasi “oʻlik” qonunlardan biriga aylanib qolmasligi uchun undagi ayrim meʼyorlarni aniqlashtirish lozim. Masalan, loyihada davlat nazorati organlarining vakolatlari belgilanmoqda. Fikrimcha, uni yanada kengroq ochish kerak. Boisi, energiyadan oqilona foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish vazifasi bu organlar zimmasiga yuklanmoqda. Hududlardagi oʻrganishlarimiz jarayonida biz bu borada talaygina muammolar mavjudligiga duch kelyapmiz. Bundan tashqari, bu modda davlat nazorati organi masʼuliyatini oshirib, ekologiya va atrof-muhitga salbiy taʼsir etuvchi omillarga va vositalarga chek qoʻyilishida muhim norma boʻlishini taʼminlashimiz kerak.

Munozaralar chogʻida deputatlar ushbu qonun loyihasini yanada maromiga yetkazish yuzasidan oʻz fikr-mulohaza hamda takliflarini bildirdilar. Xorijiy tajribadan misollar keltirildi.

Shu bilan birga, Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbus bilan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi mamlakatimizda kuchli energetika siyosatini yuritish, iqtisodiyotning oʻsish surʼatlarini taʼminlash, xalqimizning real daromadlarini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Ziyoda ASHUROVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?