Energiyadan oqilona foydalanish boʻyicha qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin

18:57 21 Sentyabr 2018 Jamiyat
343 0

Yaqinda deputatlar “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil tartibida oʻrganishlar oʻtkazdi. Sohadagi ayrim muammolar, kamchiliklar eʼtibordan chetda qolmadi.

Parlament quyi palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasida ana shu oʻrganishlar yakuniga bagʻishlab tashkil etilgan tadbirda mazkur Qonunni bugungi kun talablariga mos ravishda qayta koʻrib chiqish hamda uning bajarilishini taʼminlovchi qonunosti hujjatlarini inventarizatsiyadan oʻtkazish, ularni yanada takomillashtirish zarurati mavjudligiga eʼtibor qaratildi. Bu haqda tegishli vazirlik va idoralar, korxonalar, muassasalar vakillari, ekspertlar, mutaxassislar fikr-mulohazalari tinglandi.

Ochiq muhokamalarda deputatlar energiya samaradorligi va qayta tiklanadigan manbalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha hududiy komissiyalar faoliyati talab darajasida emasligi, energiya tejovchi qurilmalar, dastgohlar va qurilish materiallaridan foydalangan isteʼmolchilarni ragʻbatlantirish mexanizmining yoʻqligi kabi masalalar mazkur Qonun talablarining bajarilmasligiga sabab boʻlayotganini qayd etdilar. Shuningdek, energetika sohasida raqobatni kuchaytirish maqsadida energetik ekspertiza qiluvchi tashkilotlar uchun yagona talabni ishlab chiqish va ularning shaffofligi hamda mustaqilligini taʼminlash taqozo etilyapti.

— Tahlillarga koʻra, bugun mamlakatimizda muhandislik kommunikatsiyalarning eskirishi va qoniqarsiz izolyatsiyasi natijasida yiliga sarflanadigan energiya hajmi xorijiy mamlakatlardagi koʻrsatkichga nisbatan 2-2,5 marta ortiqni tashkil etmoqda, — deydi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi aʼzosi Qutlimurat Babashev. — Shu maʼnoda, bugun energiyani tejab-tergab ishlatish dolzarb masalalardan biriga aylandi. Energiyadan oqilona foydalanish evaziga iqtisod qilingan xarajatlar kommunal toʻlovlarni 25-30 foizga qisqartirishga hamda atrof-muhitga chiqarilayotgan zaharli moddalarni 30 foizgacha kamaytirishga imkon beradi. Yana bir eʼtiborli jihati, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish bilan birga, milliy valyutamiz va ichki bozordagi narx-navo barqarorligini taʼminlashga, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Tadbirda, shuningdek, energiya sarfi, energiya sifati koʻrsatkichlariga rioya etilishi ustidan davlat tekshiruvi va nazorati bilan bogʻliq ayrim masalalar oʻrtaga tashlandi. Misol uchun, bugungi kunda 40 Vt.dan yuqori boʻlgan choʻgʻlanma lampalarni sotish taqiqlangan boʻlsa-da, doʻkonlarda, savdo markazlarida ushbu mahsulotlar sotilayotgani muhokamalar markazida boʻldi. Bu boʻyicha joylarda, tadbirkorlar oʻrtasida keng tushuntirish ishlarini olib borish lozimligi soha vakillari tomonidan qayd etildi.

Yakunda muhokama etilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Ziyoda ASHUROVA, “Xalq soʻzi“ muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?