Energiya tejamkorligiga erishish iqtisodiyotni barqarorlashtiradi

09:20 14 Noyabr 2019 Jamiyat
175 0

Illyustrativ foto

Toshkent viloyat hokimligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4422-sonli qarori ijrosini taʼminlash borasidagi ishlar tahliliga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda, tegishli vazirlik, tashkilotlar va korxonalarning rahbarlari hamda sohaga masʼul xodimlari ishtirok etishdi.

Erkin davra suhbati tarzida oʻtkazilgan tadbirda bu borada viloyatda qoʻllanilayotgan chora-tadbirlar va ularning samarali natijalari tahlil qilindi.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi kun sayin yaqqol sezilayotir. Aholi turmush farovonligini yuksaltirish sari tashlanayotgan odimlar tezlashib, Oʻzbekistonning iqtisodiy va siyosiy mustaqilligi barqarorlashmoqda. Yurtimizga jalb etilayotgan xorijiy sarmoyalar har bir sohada erishilayotgan yutuqlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir. Eng avvalo aholi turmush farovonligi tubdan yaxshilanmoqda. Bu boradagi ishlar koʻlami Toshkent viloyati hududida ham yaqqol sezilayotir. Biroq kishilarning yashash sharoitlari yaxshilangani sayin aholining yoqilgʻi-energetika resurslariga boʻlgan talab-ehtiyoj uzluksiz ortib bormoqda. Bu isbot talab etmaydigan mezondir. Shu bois, mamlakatimiz Prezidenti tashabbuslari bilan davlat oʻz fuqarolari ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun qator tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jumladan kishilarning neft-gaz, elektr energiyasi, koʻmir, kimyo mahsulotlari, qurilish xomashyolariga boʻlgan talabini bajarish borasida ishlab chiqilgan uzoq muddatli strategiya jadal suratda amalga oshayapti. Shuni oshkora aytish mumkinki, yoqilgʻi-energetika tarmogʻining mavjud quvvatlari aholining energiya resurslariga nisbatan ortib borayotgan kunlik talab-ehtiyojni toʻliq darajada taʼminlamayotir. Ayni paytda mamlakatimiz iqtisodiyotining energiya sarfi hajmi rivojlangan davlatlardagi oʻrtacha koʻrsatkichidan ancha yuqoridir. Ushbu tafovutni bartaraf etish uchun iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish lozimligi yaqqol sezilmoqda. Aynan ana shunday muammolarni bartaraf etish yoʻllari, chora-tadbirlari qayd etilgan ushbu qaror 2022-yilgacha boʻlgan davrda iqtisodiyot tarmoqlarida energiya hajmini pasaytirishning aniq maqsadli parametrlari koʻrsatilganligi bilan ahamiyatlidir.

Toshkent viloyatida ushbu tarixiy hujjat ijrosini taʼmilash borasida “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ jamoasi, muhandis-texnik xodimlari tomonidan bir qancha samarali loyihalar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.

—Ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olib, mavjud resurslarni va ishga solinmagan salohiyatni jalb etish orqali energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya sarfi hajmini keskin kamaytirish borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish, shuningdek, yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash bugungi kundagi asosiy vazifamizdir, deydi “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Bosh direktori Sunnatilla Yusupov. — Aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish yoʻlida energiya tejamkor texnologiyalar va tizimlarni amalda tatbiq etgan holda sarflanadigan energiya hajmini qisqartirishning eng maqbul yoʻllarini qidirib topmoqdamiz. Bu fan-texnika taraqqiy etgan, hayotimizning har bir lahzasini elektr energiyasisiz tasavvur etib boʻlmaydigan vaziyatdagi eng dolzarb masaladir. Buning uchun yoqilgʻi-energetika resurslari(YOER)ni tejash borasidagi kam sarfli va xarajatlarni oʻzi tez qoplaydigan tashkiliy-texnik chora-tadbirlar tuzish va amalga oshirish zarur. Qolaversa, korxonalarda tayyorlanayotgan mahsulotlar koʻlamini pasaytirmagan holda amaldagi ishlab chiqarish jarayonlarini yanada takomillashtirish, zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalar bilan jihozlash orqali sarflanayotgan energiya hajmini keskin qisqartirishga erishish zarur.

Iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada energiya tejovchi asbob-uskunalar, materiallar va qurilmalarning zamonaviy turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish kerak. Shuningdek YOERlarining sarfini avtomatik hisob-kitob qilish tizimini ommaviy tadbiq etish lozim. Yangi elektr tarmoq xoʻjaliklari qurilishi va qurilmalarini qayta bunyod etish va tiklash ham bugungi dolzarb masalalardan biridir.

Yigʻilish ishtirokchilari qayta tiklanuvchi energetikani bundan buyon ham rivojlantirish, jumladan quyosh va shamol energiyasidan foydalanishning samarali uslublarini joriy etish yuzasidan ham qiziqarli ayni damda dolzarb loyihalarni ilgari surdilar. Quyosh energiyasidan foydalanilgan holda Toshkent viloyati hududidagi barcha bino va inshootlarni loyihalashtirish, qayta taʼmirlash va qurishda, issiq suv taʼminoti uchun sertifikatlangan quyosh suv isitkich qurilmalarini, shuningdek, energiya tejamkor lampalarni majburiy tartibda oʻrnatishni rejalashtirish zarurligi ham taʼkidlandi.

Tadbir soʻnggida Yuqorichirchiq tumanida faoliyat yuritayotgan “Mega trans energy”, Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi “Wide Range Products”, Toshkent shahridagi “Solar nature”, “All Solar”, “Ecover” kabi xorijiy sarmoyadorlar ishtirokida tashkil etilgan korxonalar, masʼuliyati cheklangan jamiyatlar, xususiy tadbirkorlik asosida ishlayotgan jamoalar oʻzlarining energiya tejamkor mahsulotlari taqdimotini oʻtkazdilar.

Shodiyor Mutaharov,
(Xalq soʻzi)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?