Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

08:33 24 Oktyabr 2018 Hujjatlar
973 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda, eng avvalo, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlik va ishbilarmonlik faolligini oshirish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini kengaytirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Shu bilan birga, elektr energetikasi tarmogʻida mavjud imkoniyat va salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayotganligi koʻzlangan islohotlarni samarali amalga oshirish va mamlakatni jadal rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda. 

Sogʻlom raqobat muhitining yoʻqligi, sezilarli darajada kvazidavlat sektorning mavjudligi, tarif siyosatining bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos kelmasligi davlat tomonidan haddan tashqari tartibga solinishiga hamda davlat va tijorat manfaatlarining toʻqnashuviga olib kelmoqda. 

Resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish darajasining pastligi, tegishli infratuzilmani yangilash surʼatlarining sustligi texnologik yoʻqotishlarning oshishiga va elektr energiyasini yetkazib berishda, ayniqsa, joylarda muntazam uzilishlarga olib kelmoqda. 

Tarmoq korxonalarini boshqarishning byurokratlashgan tizimi va mehnat resurslaridan samarasiz foydalanish ularning ish faoliyati samaradorligi va natijadorligini pasaytirmoqda hamda ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan xarajatlarning oʻsishiga olib kelmoqda. 

Ilgʻor xorijiy tajriba, zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida elektr energetikasi tarmogʻida davlat boshqaruvining tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq: 

1. 2018-2020 yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi hisobi va isteʼmolini nazorat qilishni takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” quyidagilarni nazarda tutgan holda 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin: 

mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish boʻyicha loyiha qiymati 2,6 milliard AQSH dollari boʻlgan umumiy quvvati 1 984 MVt 7 ta investitsiyaviy loyihani amalga oshirish

jalb qilinadigan kreditlar va “Oʻzbekenergo” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan yiliga umumiy uzunligi 7,1 ming kilometr boʻlgan yangi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, 2 500 ta transformator punktini oʻrnatish va modernizatsiya qilish; 

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (keyingi oʻrinlarda – EEHO va NQAT) 7 million isteʼmolchilarni ulash, 2021-yil yakuniga qadar EEHO va NQAT qamrovini abonentlar umumiy sonining 100 foizigacha yetkazish; 

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari bilan kelishilgan, umumiy qiymati 1,8 milliard AQSH dollarimiqdoridagi uzoq muddatli kreditlarni oʻzlashtirish. 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Yoʻl xaritasi”da belgilangan har bir loyihani amalga oshirish boʻyicha tarmoq grafiklarini tasdiqlasin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripovga – “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini qatʼiy nazoratga olish; 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R.Xolmurodovga – xalqaro moliya institutlari va tashkilotlardan jalb qilinayotgan mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻzlashtirilishini taʼminlash, shuningdek, salohiyatli investorlarni izlash va investorlarga, shu jumladan, ishonchli boshqaruvga beriladigan obyektlarni aniqlagan holda elektr energetikasi tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini jalb qilish; 

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorovga – elektr energetikasi tarmogʻida loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish mexanizmlarining sifatli ishlab chiqilishini taʼminlash; 

“Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi U.M.Mustafoyevga –loyiha hujjatlarini oʻz vaqtida ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash, mazkur qarorda belgilangan obyektlarni qurish va foydalanishga topshirishni taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin. 

2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda “Obod qishloq” Davlat dasturini amalga oshirish uchun jalb qilingan xalqaro moliya institutlari qarz mablagʻlarining 100 million AQSH dollaridan kam boʻlmagan qismini 2019-2020 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilishgayoʻnaltirilishini taʼminlasin. 

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 14-fevraldagi PQ-1705-son va 2012-yil 2-avgustdagi PQ-1795-son qarorlariga muvofiq “Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish. Oʻzbekiston Respublikasining Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlari 0,4 kVtli isteʼmolchilarining elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish tizimi” loyihasi (keyingi oʻrinlarda – ASKUE 1-faza) Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va “Oʻzbekenergo” AJning quyidagi takliflariga rozilik berilsin: 

a) “Andijon, Namangan, Fargʻona, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida elektr energiyasi isteʼmolini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUE 4-faza) joriy etish” loyihasini amalga oshirish uchun koʻzda tutilgan Osiyo taraqqiyot bankining 300 million AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlari hisobiga respublikaning boshqa hududlarida EEHO va NQATni joriy etish loyihasini amalga oshirish; 

b) Osiyo taraqqiyot banki mablagʻlari hisobiga ASKUE 1-faza loyihasini amalga oshirish doirasida iqtisod qilingan mablagʻlar hisobidan EEHO va NQAT maʼlumotlarini qayta ishlash respublika yagona markazini tashkil etish boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro tender natijalariga koʻra aniqlangan pudratchi – kompaniya bilan; 

Respublikaning barcha hududlarida EEHO va NQATni joriy etish uchun zarur boʻlgan zamonaviy hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni sotib olish uchun xalqaro tanlov savdolarini oʻtkazish yuzasidan tender hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha “CESI S.P.A/AF Mercados Energy Markets International S.A/Sharifa.com” (Italiya/Ispaniya/Oʻzbekiston) konsalting kompaniyalarining konsorsiumi bilan qoʻshimcha bitimlar tuzish. 

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (Sh.A.Vafoyev)ga quyidagilarni muvofiqlashtirish uchun javobgarlik yuklansin: 

xarid qilish jarayonlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishtirok etishini, mamlakat hududida EEHO va NQAT va hisoblash qurilmalariga xizmat koʻrsatish servis markazlarini yaratishni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa manfaatlarini hisobga olgan holda EEHO va NQATni joriy qilish uchun zamonaviy hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni sotib olish uchun tender hujjatlarini ishlab chiqish; 

Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablagʻlari hisobiga 2021-yil 1-dekabrga qadar respublikaning barcha hududlarida EEHO v NQATni joriy etishni yakunlash boʻyicha zamonaviy hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni sotib olish yuzasidan xalqaro tender savdolarining oʻtkazilishini jadallashtirish. 

“Oʻzbekenergo” AJ mahalliy ishlab chiqaruvchilardan hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni sotib olish jarayonida, ularning texnik parametrlarining xalqaro tender savdolarini oʻtkazish uchun tayyorlangan tender hujjatlari talablariga muvofiqligini taʼminlasin.

4. Majburiy ijro byurosi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olgan holda, elektr energiyasini hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni sotib olishni parallel moliyalashtirish maqsadida 2019-2021 yillar davomida Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasidan har yili 400 milliard soʻm miqdorida soliqqa tortilmaydigan mablagʻlarni “Oʻzbekenergo” AJga begʻaraz ravishda ajratilishini taʼminlansin. 

5. Elektr energetikasi tarmogʻini isloh qilish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

6. Elektr energetikasi tarmogʻini isloh qilish boʻyicha Komissiya (keyingi oʻrinlarda – Komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin, unga Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Jahon banki guruhi bilan birgalikda: 

a) ishlab chiqarish quvvatlarini 2030-yilgacha 20 ming mVtga yetkazgan holda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish boʻyicha uzoq muddatli investitsiyaviy dasturni 2019-yil 1-mayga qadar ishlab chiqish; 

b) 2019-yil 1-martga qadar elektr energiyasini uzatishda davlatning toʻliq nazoratini saqlab qolgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash (sotish) korxonalariga xususiy hamda xorijiy toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida keng jalb qilishni, shuningdek, ishlab chiqaruvchi korxonalardan toʻgʻridan-toʻgʻri tanlov asosida elektr energiyasini sotib olishning ulgurji bozorini bosqichma-bosqich tashkil etishni nazarda tutgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy sxemasini ishlab chiqish; 

v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida idoralararo tarif komissiyasini tashkil etishni nazarda tutgan holda, 2019-yil 1-aprelga qadar elektr energetikasi tarmogʻiga xususiy sektorni jalb qilishni ragʻbatlantiruvchi, elektr energiyasining joriy va kapital xarajatlarini qoplashga asoslangan elektr energiyasi tariflarini hisoblash metodologiyasini tayyorlash va tasdiqlash; 

g) 2019-yilda elektr energetikasi tarmogʻi korxonalarida korporativ boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etishni taʼminlash, shuningdek, tarmoq korxonalarining korporativ obligatsiyalarini chiqarish va xalqaro bozorlarga joylashtirish; 

d) 2018-yil 1-dekabrga qadar elektr energetikasi tarmogʻida davlat-xususiy sheriklikning normativ-huquqiy bazasi, tartib-taomillari va reglamentini ishlab chiqish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash; 

ye) mavjud resurs bazasi, zamonaviy texnologik tendensiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni inobatga olgan holda, elektr energetikasi tarmogʻida salohiyatli investorlar bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik asosida yangi investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish vazifasi yuklansin. 

7. Komissiya (A.N.Aripov) 2018-yil 15-dekabrga qadar, respublikaning yoqilgʻi-energetika kompleksi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish bilan bogʻliq barcha kompleks masalalarni yuklagan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasini kiritsin. 

8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi “Oʻzbekenergo” AJ va Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2019-yildan boshlab: 

Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida quvvati 100 mVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish boʻyicha tajriba loyihasini tanlov asosida amalga oshirishni; 

xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda mamlakatning issiqlik elektr stansiyalaridan birida bugʻ-gaz qurilmasini qurish, shuningdek, Andijon, Namangan, Fargʻona shaharlaridagi elektr energiyasi tarqatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish tajriba loyihasini davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishni; 

xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda “Toshkent shahridagi tarqatish tarmoqlarini uzoq muddatli ijaraga berish” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslarining asosiy parametrlarini ishlab chiqishni boshlashni taʼminlansin. 

9. Belgilansinki, “Oʻzbekgidroenergo” AJ gidroelektrstansiyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun toʻlov isteʼmolchilar – jismoniy shaxslar uchun yakuniy tarifning 85 foizi miqdorida shakllanadigan tarif boʻyicha amalga oshiriladi. 

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJning: 

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining “Oʻzbekenergo” AJ loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun ajratilgan kreditlarini, tegishlicha yakuniy toʻlovlar muddatini uzaytirish va qayta moliyalashtiruvchi banklarning majburiyatlarini restrukturizatsiya qilish bilan birga 4-ilovaga muvofiq 3 yilga uzaytirish; 

“Chorvoq GES gidrogeneratorlarini ularning ishchi gʻildiraklarini almashtirish bilan birga modernizatsiya qilish” investitsiyaviy loyihasini moliyalashtirish uchun “Oʻzbekenergo” AJga berilgan kreditni “Oʻzbekgidroenergo” AJga qayta rasmiylashtirish haqidagi takliflari maʼqullansin. 

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarordan kelib chiqib, “Oʻzbekenergo” AJ majburiyatlari boʻyicha ilgari berilgan davlat kafolatlariga oʻzgartirish kiritsin. 

11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasida “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” (Rossiya Federatsiyasi) Federal davlat byudjet oliy taʼlim muassasasi filialini tashkil qilish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: 

energetika tarmogʻiga yuqori malakali menejerlarni yollash uchun kadrlarni tanlash bilan professional asosda shugʻullanadigan tashkilotlarni jalb qilish choralarini koʻrsin; 

Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda muqobil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarini yagona energetika tizimiga ulash tartibini takomilashtirish va loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin. 

13. “Oʻzbekenergo” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda: 

2019-yil 1-aprelga qadar elektr energiyasi, shu jumladan, muqobil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini yagona energetika tizimiga ulash reglamentiniishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin; 

ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin. 

14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.S.Sultonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                Sh.MIRZIYOYEV 

Toshkent shahri, 2018-yil 23-oktyabr


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?