Energetika vazirligi Fargʻona vodiysida jurnalistlar uchun media-tur tashkil etdi

10:01 02 Avgust 2019 Jamiyat
333 0

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq soʻzi”

Sanoatda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish,energotejamkor texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylanib bormoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-maydagi Qaroriga asosan, 2017 - 2021-yillarda Respublikadagi pishgan gʻisht, ohak, sement va issiqxona xoʻjaliklarini tabiiy gazga muqobil boʻlgan yoqilgʻi - koʻmirdan foydalanishga oʻtkazish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Uznefetgaz inspeksiyasi maʼlumotlariga qaraganda, Respublika boʻyicha 1386 qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari hamda issiqxona xoʻjaliklarida 2018-yilga qadar tabiiy gazdan foydalanilgan. Ularni bosqichma bosqich muqobil koʻmirdan foydalanishga oʻtkazish uchun tushuntirish ishlari hamda tahlillar olib borildi. Natijalari shuni koʻrsatdiki, 1 gektar yer maydonini isitish uchun mavsum davomida 579 million soʻmlik tabiiy gaz sarf etiladi. Koʻmir yoqilgʻisidan foydalanuvchi issiqxonalarda esa ushbu koʻrsatkich 200 million soʻmni tashkil qiladi. Bu esa tadbirkorlarning yoqilgʻi uchun sarflayotgan 50-55 foiz mablagʻlarining iqtisod qilinishini anglatadi.

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq soʻzi”

Media-turning ilk kunida jurnalistlar Uchkoʻprik tumanida pishgan gʻisht ishlab chiqarishga ixtisoslashgan“Nishonova Jannatoy” masʼuliyati cheklangan jamiyatida boʻlishdi. Jamiyatda tabiiy resurslarni iqtisod qilish va bu borada amalda qoʻllanilayotgan texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar.

–2018-yilga qadar gʻisht pishirishda tabiiy gaz resursidan foydalanib kelganmiz, –deydi jamiyat rahbari Maʼrufjon Nishonov.–Joriy yildan biz toʻliq ravishda koʻmir xokasidan foydalanishga oʻtdik. Tabiiy gazda 1000 dona gʻisht pishirish uchun 400 mingga yaqin tabiiy gaz sarf boʻladi. Bu esa mahsulot tannarxining keskin koʻtarilishiga olib keldi. Koʻmir yoqilgʻisida esa 1000 dona gʻisht pishirish uchun 200 kg. koʻmir ishlatamiz. Bu esa yangi texnologiyalarimiz imkoniyatlarini ham qoʻshib hisoblaganda sarf xarajatlarimizni 45 foizgacha qisqartirib yubordi.

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq soʻzi”

Olib borilgan keng qamrovli ishlar natijasida oʻtgan 2018-yil davomida respublika boʻyicha 185 pishgan gʻisht ishlab chiqarish korxonalari 
va 155 issiqxona xoʻjaliklari koʻmir yoqilgʻisiga oʻtkazildi va 360 mln. m3 tabiiy gaz iqtisod qilib qolindi. Xuddi shuningdek, joriy yilning oʻtgan 5 oy mobaynida qoʻshimcha 94 pishgan gʻisht ishlab chiqaruvchi korxonalarni koʻmirdan foydalanishga oʻtkazildi.

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq soʻzi”

–Bu boshlangan keng koʻlamli ishlar, eng avvalo,aholiga, ijtimoiy soha obyektlariga hamda gazdan tabiiy xomashyo sifatida foydalanadigan chet el korxonalariga yilning toʻrt faslida tabiiy gaz resurslarini bir maromda, barqaror yetkazib berish maqsadida amalga oshirilyapti, –deydi neftgaz inspeksiyasi boshqarma boshligʻi Dilshod Karimov. – Shu nuqtayi nazardan 115 issiqxonalarda toʻliq ravishda koʻmirdan foydalanishga moslashtirish boʻyicha modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda ishlab chiqarish korxonalarini koʻmirga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda ichki va tashqi infrastrukturani oʻrganib, Qozogʻiston Respublikasining “Shubarkol” va “Maykuben” konlaridan yuqori sifatli koʻmir yetkazib kelish boʻyicha qozogʻistonlik hamkorlar bilan ishlar olib borilmoqda. Koʻmir yoqilgʻisida ishlaydigan qozonlarni ishlab chiqarish va oʻrnatish uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar va chet el korxonalari jalb qilinmoqda. Belgilangan vazifalar bajarilishini taʼminlash orqali tadbirkorlarning ishlab chiqarayotgan mahsulotlari tannarxini arzonlashtirish bilan birga, yiliga 5 milliard mziyod tabiiy gaz – tayyor xomashyoni iqtisod qilinishiga erishiladi.

Kunning ikkinchi yarmida markaziy nashrlar va internet saytlari jurnalistlari ishtirokidagi media-tur “Fargʻona Issiqlik Elektr Markazi” aksionerlik jamiyatida davom etdi.

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq soʻzi”

Mamlakatimizdagi ushbu yirik korxona 1956-yilda vodiy aholisining elektr energiyaga boʻlgan ehtiyojini qoplash maqsadida ishga tushirilgan. Uning energiya ishlab chiqarish quvvati 305 MVt tashkil qiladi.

Bugun davr oʻzgardi. Texnika va innovatsion kashfiyotlar asri aholi va korxonalarning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini keskin oshirib yubordi. Bu esa energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarga tabiiy resurslardan foydalanishda tejamkor texnologiyalarni joriy etish majburiyatini yuklamoqda.

–Davlatimiz rahbarining“Fargʻona issiqlik elektr markazi hududi va Fargʻona shahar RK-3 qozonxonasi yonida yuqori samarali kogeneratsion gaz turbina texnologiyalarini tatbiq etish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Yaponiyaning “Kavasaki heavy Industries” hamda “Marubeni Utility Services” kompaniyalari bilan hamkorlikda umumiy quvvati 24 MVt teng 2 investitsion loyiha amalga oshirilmoqda, –deydi aksionerlik jamiyati direktori Farhod Abdurahmonov. – 49,5 million dollar qiymatga yeega ushbu loyiha joriy yilning noyabr oyida yakuniga yetkazilgach, yana qoʻshimcha yillik 194,24 million kVt/selektr energiyasi ishlab chiqariladi, 124 yangi ish oʻrni yaratiladi.

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq soʻzi”

Ushbu innovatsion loyihaning eʼtiborli jihati shundaki, joriy yil oxirlarida Fargʻona shahri uzluksiz issiqlik energiyasi bilan taʼminlanadi, qoʻshimcha 214,5 ming Gkal. issiqlik energiyasi isteʼmolchilarga yetkazib beriladi. Elektr energiyasida uchrayotgan tanqislik keskin qisqaradi, atmosferaga chiqayotgan zararli chiqindilarning taʼsiri kamayadi va yiliga 3,2 million m3 gaz iqtisod qilinadi.

Press-turning ikkinchi kunida jurnalistlar Namangan viloyatida qurib ishga tushirilayotgan Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektrostansiyasida boʻlishib, u yerda olib borilayotgan qurilish- montaj ishlari bilan tanishdilar.

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq soʻzi”

“Ohangaron-Pungan” va “Pungan-Namangan” magistral gaz quvurlari orqali Toʻraqoʻrgʻon IESni uzluksiz tabiiy gaz bilan taʼminlash loyihalashtirilgan. Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasida 2 bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushirilishi bilan yillik gaz isteʼmoli qoʻshimcha 1,58 milliard m3, tabiiy gaz transportining umumiy hajmi esa 
6,1 milliard m3 ga yetadi.

Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida barpo etilayotgan issiqlik stansiyasini tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida loyiha qiymati 15 milliard soʻm boʻlgan “Toʻraqoʻrgʻon IES” gaz taqsimlash stansiyasi ham qurib bitkazildi.

Foto: Xursandbek Arabboyev / “Xalq soʻzi”

Umuman olganda, “Oʻztransgaz” aksionerlik jamiyati gaz transport tizimida barqaror tabiiy gaz yetkazib berilishini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilyapti. Magistral gaz quvurlar uzoq muddat ishlatilganligi bois quvurlarning salmoqli qismi yaroqsiz holatga kelib qolgan. Quvurlardagi mavjud nuqsonlarni aniqlash, uning xavfsiz, uzluksiz ishlashini taʼminlash maqsadida Niderlandiyaning “Rozen” kompaniyasi texnologiyasi yordamida quvur ichki sirti diagnostikasi ishlari bajarilmoqda. “Xovos-Fargʻona” magistral liniyasining tabiiy gaz oʻtkazuvchanligini yaxshilash maqsadida yotqizilgan 17 km. gaz quvurining yaqin kunlarda ishga tushirilishi tabiiy gaz oʻtkazuvchanlik qobiliyatini 1,5 barobarga oshiradi. Pirovardida, Toshkent viloyati, Toshkent shahri va Fargʻona vodiysining tabiiy gaz taʼminoti yanada yaxshilanadi.

Ikki kunlik press-tur davomida jurnalistlarning qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berdi.

Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi”muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?