Energetika vaziri talabalar bilan uchrashdi

15:51 09 Aprel 2019 Jamiyat
390 0

Yaqinda Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filialida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov va “Oʻzbekneftegaz” AJ rahbariyatining talabalar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir davomida 2007 yildan buyon filialning talabalari va professor-oʻqituvchilari, shuningdek ayrim talabalar tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari taqdim etildi. Ushbu qisqa taqdimotlar shundan dalolat beradiki, filial talabalari ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi bevosita aloqaning yuksak salohiyatidan yaxshi xabardor va umuman, mahalliy neft va gaz sanoatini sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarishda ilmiy tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etishini yaxshi tushunadilar va shu asosda ilmiy ishlar olib bormoqdalar.

Yosh mutaxassislar tayyorlash uchun tegishli sharoitlarni yaratish va bu borada taʼlim sifatiga eʼtibor qaratish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 3 aprelida sohaga oid chora-tadbirlarni takomillashtirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda taʼkidlangan edi.

Jumladan, davlatimiz rahbari keng miqyosda fikrlaydigan, tashabbuskor yoshlarning mutolaa madaniyatini, IT boʻyicha bilimlarini oshirish, yoshlar tomonidan kompyuter dasturlarini yaratish va bu borada ularning qiziqishlarini ragʻbatlantirish, ularni madaniyat va sanʼatga, jismoniy tarbiya va sportga jalb etishga alohida eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidlagan edi. Shu bilan birga, zamonaviy fikrlovchi yosh avlodni voyaga yetkazishda ilgʻor va innovatsion vositalardan foydalanish muhim ahamiyat kasb etishi eʼtirof etilgan edi.

Gubkin nomidagi RDU filialida ilmiy tadqiqot ishlariga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda va bir qancha talabalar bu borada sezilarli natijalarga erishganlar. Xalqaro internet-olimpiadalarda toshkentlik ”gubkinchilar”ning koʻplab gʻalabalarni qoʻlga kiritgani ham bu yerda taʼlim sifati qanday darajada ekanini tasdiqlaydi.

Filial shuningdek, Federal internet testi oʻtkazish uchun platforma hisoblanib, bu borada unga 2018 yil 29 dekabrda ”FIEB tayanch maydonchasi (bakalavr bitiruvchilari uchun Federal internet test) - 2019” rasmiy maqomi berilgan.

Yigʻilish qatnashchilari Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim tizimida innovatsiyalar uzluksiz joriy etilayotgani va u talimning uzviy jarayoniga aylanib borayotganini bir necha bor taʼkidladilar. Butun mamlakat miqyosda innovatsion yoʻnaltirilgan iqtisodiyotni yaratish, innovatsiyalarni keng joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida koʻp qirrali ishlar olib borilayotgani va bu borada sezilarli rivojlanishga erishilgani ham qayd etildi. Bunda ”talim - fan - ishlab chiqarish” zanjirini asosiy eʼtibor qaratilmoqda.

Qayd etish kerakki, filial talabalari soni 2018-2019 oʻquv yilida 935 nafarni tashkil qiladi. Universitetda 65 nafar oʻqituvchi ishlasa, ularning 16 foizi fan doktori, 45 foizi esa fan nomzodidir. Bugungi kunda filial bitiruvchilaridan 117 nafari xorijiy oliy oʻquv yurtlarda oʻqishlarini davom ettirmoqdalar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?