Energetik ichimliklar savdosi va reklamasi tartibga solinadi

15:15 10 Aprel 2019 Jamiyat
517 0

Illyustrativ foto

XXI asr insoniyatga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Pirovardida turli ixtiroyu kashfiyotlar qilinmoqda. Lekin yangiliklarning foydasi bilan birga, zararli tomonlari ham yoʻq emas. Oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash sohasidagi izlanishlar samarasi oʻlaroq kashf etilgan, kishiga energetik quvvat beruvchi ichimliklar misolida buni koʻrish mumkin.

Maʼlumotlarga koʻra, energetik ichimlik dastlab 1960 yilda Yaponiyada dori vositasi sifatida yaratilgan. Tarkibida suv, shakar, kofein, taurin va vitaminlar mavjud boʻlgan ushbu mahsulotlar keyinchalik Yevropa va AQSHga kirib borgan. Hozirgi kunda esa energetik ichimlik tarkibiga turli kimyoviy moddalar qoʻshilib, yangi-yangi turlari paydo boʻlmoqda. Soʻnggi yillarda bunday mahsulotlar yurtimiz bozorlariga ham shiddat bilan kirib keldi. Ular inson salomatligi uchun qanday taʼsir etadi? Foydasi koʻproqmi yoki zarari? Agar zarari koʻp boʻlsa, ularni sotish yoki reklama qilish huquqiy jihatdan nechogʻli tartibga solingan?

Shu maqsadda Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan yurtimizda energetik ichimliklar realizatsiya qilinishi ahvoli va bu boradagi milliy qonunchilik oʻrganildi. Xususan, partiyaning “Yoshlar qanoti” faollari tomonidan poytaxtimiz va viloyatlardagi yirik savdo markazlarida hamda taʼlim muassasalarida ana shunday mahsulotlarni isteʼmol qilish holatlari atroflicha tadqiq qilindi. Partiyaning parlament quyi palatasidagi fraksiyasi aʼzolari bu boradagi milliy va xorijiy qonunchilik talablarini tahlil etishdi.

Bunday ichimliklarni koʻproq yoshlarimiz is­teʼmol qilayotgani, eng achinarlisi, ular orasida maktab oʻquvchilari soni ortib borayotgani aniqlandi. Natijalarga eʼtibor beradigan boʻlsak, quvvat beruvchi ichimliklarni tatib koʻrgan oʻquvchilar 60 foiz, uni “shunchaki qiziqish uchun” isteʼmol qilganlar 35 foizni tashkil etadi. Milliy qonunchiligimizda energetik ichimliklar umumiy gazlangan ichimliklar toifasiga kiritilgan, voyaga yetmagan shaxslarga salbiy taʼsiri aniqlangan boʻlsa-da, ular realizatsiya qilinishi yuzasidan hech qanday cheklov yoʻq. Zero, koʻplab rivojlangan davlatlarda energetik ichimliklarning ­voyaga yetmagan shaxslarga sotilishi yuzasidan turli taqiqlar mavjud.

Ana shulardan kelib chiqib, fraksiyamiz aʼzolari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritishni nazarda tutadigan qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritilgan hamda tegishli tartibda qabul qilingan edi. Joriy yil 9 yanvarda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini taʼminlash mexa­nizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻz­gartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunning asosiy mazmuni energetik ichimliklarga taʼrif berish va bunday ichimliklarning voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan realizatsiyasini taqiqlash, reklama qilinishini tartibga solish hamda qonun talablari ijro etilmagani uchun javobgarlikni belgilashdan iboratdir.

Qonun bilan “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 2-moddasidagi asosiy tushunchalarda energetik ichimlikka taʼrif berildi. Uning 14-moddasiga oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslarga energetik ichimliklarni realizatsiya qilish taqiqlanishi xususidagi meʼyor ki­ritildi. Mazkur talabni bajarmaganlik uchun esa fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda, mansabdor shaxslarga yetti baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solish bilan bogʻliq meʼyor Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga kiritildi.

Energetik ichimliklarni reklama qilishda ham cheklovlar oʻrnatildi. Jumladan, “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun 221-modda bilan toʻldirilib, bunday ichimliklar reklamasida ularni haddan ziyod isteʼmol qilishning zararlari toʻgʻrisidagi ogohlantirish, shuningdek, isteʼmol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot boʻlishi kerakligi belgilandi.

Qonunga koʻra, soat 7.00 dan 22.00 ga qadar energetik ichimliklarni televideniye va radio orqali reklama qilish, reklama maqsadida bunday ichimliklarni oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar orasida tekin tar­qatish, shuningdek, ularning nomi, tovar belgisi yoki tasviridan foydalanib, oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar uchun moʻljallangan tadbirlarga homiylik qilish taqiqla­nadi.

Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar orasida energetik ichimliklarning nomi, tovar belgisi yoki tasviri tushirilgan tovarlarni tarqatish, jumladan, sotish, bolalar va oʻsmirlar uchun moʻljallangan bosma nashrlarda, shuningdek, tibbiyot, sport hamda taʼlim muassasalarida energetik ichimliklarni reklama qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Umuman, mazkur Qonun yoshlarimizni barkamol tarbiya­lashga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Shuhrat TOʻXTABOYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi aʼzosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?