Endi... quyonlar koʻrgazmasi

18:02 02 Aprel 2019 Jamiyat
462 0

Bitta quyon qancha goʻsht beradi,bu uzunquloq jonivorning yana qanday daromadli tomonlari bor? Namangan shahridagi “Yoshlar markazi”da tashkil etilgan naslli quyonlar koʻrgazmasida qatnashchilar uchun mazkur savolga javob olish imkoniyati yaratildi.

Soha ishqibozlari quyonni toʻrtta maqsad, yaʼni, goʻsht, teri, momiq yetishtirish va nasl olish uchun parvarishlashadi. Quyonning boshqa chorva hayvonlaridan farqi shundaki, ular tez oʻsadi. Chunonchi, uni besh oy boqib, 5-6 kilogrammga yetkazib goʻsht olish mumkin. Bu muddat ichida terisi va momigʻi ham foydalanish uchun toʻla javob beradigan holatga keladi. Aytish kerakki, mamlakatimizda soha rivojiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston naslli quyon yetishtiruvchilar assotsiatsiyasining maʼlumotiga qaraganda, hozirgi kunda yurtimizda 6 zotga mansub 15 dan ortiq tusdagi 20 ming boshga yaqin sermahsul quyon parvarishlanmoqda. Ularning aksariyati xorijdan olib kelinib, mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilgan.

- Quyon boqish uchun birgina ishqibozlikning oʻzi kifoya emas,-deydi “Omadbek boʻstoni” fermer xoʻjaligi rahbari Temur Moʻminov. - Tabiatan nozik jonivorning parvarishi ham nozik. Ozuqasi, qarovi joyiga qoʻyilmasa, kutilgandek et olmaydi. Xoʻjaligimizda sohani rivojlantirish uchun 600 million soʻm miqdorida kredit olganmiz. Zamonaviy quyonxonamiz bor. Asosan chetdan olib kelib, mahalliylashtirilgan zotlarni boqyapmiz. Ulardan jahon bozorida talab yuqori boʻlgan moʻyna olish mumkin, bu pirovardida, eksport bilan shugʻullanishimizga ham yoʻl ochadi.

Ikki kun davom etadigan koʻrgazmada Fargʻona, Andijon, Namangan viloyatidan 12 nafar ishtirokchi oʻzi parvarishlayotgan quyonlarini namoyish qildi. Tadbir doirasida sohani rivojlantirishning yutuq va muammolari, jumladan, quyonchilik boʻyicha mutaxassislar tayyorlash,yetishtirilgan goʻsht, moʻyna va boshqa mahsulotlarning markazlashgan savdosini tashkil etish masalalarida oʻzaro muloqotlar uyushtirildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?