Endilikda tayanch doktorantura va doktoranturada oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida ham amalga oshiriladi

10:23 22 Avgust 2019 Jamiyat
169 0

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi 684-sonli qarori bilan Hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Bu haqda Edu.uz xabar berdi.

Kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyalari sohiblari boʻlgan tayanch doktorantlarning har yili tayanch doktoranturaning oxirgi kursidagi oʻqish davri uchun stipendiyaning ikki barobari miqdorida tayinlanadi.

Prezidentning davlat stipendiyalari boʻlgan magistratura talabalari tayanch doktoranturaga kirish imtihonlarisiz Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga oʻqitish uchun qabul qilinadi.

Endilikda tayanch doktorantura va doktoranturada oʻqitish DAVLAT BYUDJETI MABLAGʻLARI hamda TOʻLOV-KONTRAKT asosida amalga oshiriladi.

Tayanch doktorantura va doktoranturaga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish uchun qabul kvotasi, qoida tariqasida, tegishli oʻquv yili uchun tasdiqlangan OTMlarga davlat buyurtmasi asosida magistratura mutaxassisliklariga oʻqishga qabul qilish umumiy parametrlarining 30 foizidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.

Shuningdek, ilmiy unvoni boʻlgan fan nomzodlari yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy rahbarlik yoki ilmiy maslahatchi faoliyati samaradorligi tahlili asosida Kollegial organ tavsiyasiga koʻra bir vaqtning oʻzida faqat ikki nafar tayanch doktorantga va mustaqil izlanuvchiga ilmiy rahbar etib biriktirilishi mumkinligi belgilangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?