Endilikda mahalliy “insulin” dori vositalari tibbiyot amaliyotida qoʻllaniladi

17:32 31 May 2019 Jamiyat
202 0

Joriy yilning aprel oyida Andijon tumanidagi Xartum qishlogʻida yiliga 10 million flakon insulin dori vositasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod ish boshlagan edi. Ayni paytda bu yerda Sogʻliqni saqlash vazirligi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi hamda “Zamin Bio Health” MCHJ bilan hamkorlikda qandli diabet kasalligini davolashda qoʻllaniladigan “Insulin” preparati ishlab chiqarish boʻyicha yirik investitsion loyiha amalga oshirilmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Maʼlumki, qandli diabet xastaligi insulin gormonining toʻliq yoki qisman yetishmovchiligidan kelib chiqadi. Natijada, qonda giperglikemiya – qondagi glyukoza miqdorining davomli ortib borishi kuzatiladi. Kasallik surunkali davom etishi va organizmdagi moddalar almashinuv jarayonlari (uglevod, yogʻ, oqsil, mineral va suv-tuz almashinuvi)ning buzilishi bilan namoyon boʻladi.

Ushbu kasallikka davo sifatida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan dori vositasini sifatli, xalqaro talablar darajasida tayyorlash boʻyicha zarur boʻlgan klinik tadqiqot ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. 3 xil koʻrinishga ega boʻlgan “Juslin N”, “Juslin R”, “Juslin 30/70” insulin preparatlari tadqiqot davomida bemorlarda ijobiy natija koʻrsatdi.

Kuni kecha Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu preparatlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etildi.

Shu paytga qadar insulin dori vositasi yurtimizga chetdan keltirilardi. Zavod ishga tushishi natijasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 30 foizi mamlakatimiz ichki bozori talabini qoplashga yoʻnaltiriladi. Bu esa dori vositasining import hajmi kamayishiga, eksport imkoniyati kengaytib, tannarxi arzonlashishiga olib keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?