Endilikda ​ishga qabul qilishda propiska talab qilinmaydi

11:43 14 Dekabr 2018 Jamiyat
721 0

Illyustrativ foto

Senatning oʻn yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini taʼminlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qonun bilan kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan fohishalik uchun jarima miqdori oshirildi, bu ish bilan shugʻullanish eng kam oylik ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha jarima solinishiga olib keladi (ilgari eng kam oylik ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha).

Ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa eng kam ish haqining yetti baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi (ilgari eng kam oylik ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha jarima).

Oʻn olti yoshga toʻlishi munosabati bilan oʻz vaqtida pasport olmaganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilmasligi belgilandi (buning uchun 18 yoshga qadar pasport olish kerak).

Ishga qabul qilishda endilikda propiska talab qilinmaydi bu haqda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks va Mehnat kodeksiga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi.

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksdan vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchini maʼmuriy javobgarlikka tortishga asos boʻluvchi 223-2-modda chiqarib tashlandi.

Xuddi shunday, Mehnat kodeksidan ham ishga kirayotgan shaxs vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi boʻyicha hisobda turmagan boʻlsa ishga qabul qilishni rad etish mumkinligi haqidagi qoida chiqarib tashlandi.

Eslatib oʻtamiz, Qonun kuchga kirishi uchun Prezident tomonidan imzolanishi va belgilangan tartibda rasman eʼlon qilinishi lozim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?