Endilikda investorlar oʻzlari istagan davlat tibbiyot muassasasiga investitsiya kiritishi mumkin

12:46 16 May 2019 Jamiyat
160 0

Mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan jadal islohotlar samarasi oʻlaroq xususiy tibbiyot sohasi rivojiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu haqda Milliy matbuot markazida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Xususiy tibbiyot tizimini rivojlantirish, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va yanada ragʻbatlantirish masalalari” mavzusida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida alohida qayd etildi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, bu borada 2019 — 2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlar ijrosi muhim oʻrin tutmoqda. Jumladan, xususiy sogʻliqni saqlash tizimi, davlat-xususiy sherikligini va tibbiy turizmni rivojlantirish, sogʻliqni saqlash sohasiga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash borasida izchil saʼy-harakatlar olib boriladi. Eʼtiborli tomoni, raqobatni shakllantirish, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni rivojlantirish, xususiy shifoxonalarni koʻpaytirishga jiddiy ahamiyat berilyapti.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 1 apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori soha rivojida muhim qadam boʻldi. Unga muvofiq, xususiy tibbiyot muassasalari shugʻullanishi mumkin boʻlgan tibbiy ixtisosliklar 50 tadan 126 taga koʻpaydi. Xususiy klinikalarga qator moliyaviy imtiyozlar berildi. Bundan tashqari, litsenziya olish uchun berilgan arizani koʻrib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartirildi, litsenziya olish uchun toʻlanadigan davlat boji eng kam ish haqining 10 baravaridan 5 baravarigacha kamaytirildi. Bundan tashqari, Sogʻliqni saqlash vazirligida Davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasining tashkil etilishi ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etdi. Natijada, xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish boʻyicha sezilarli ishlar amalga oshirilib, koʻrilgan choralar tufayli 2018 yilda xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 889 taga koʻpayib, umumiy soni 4670 dan oshdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 16 apreldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori tibbiyot sohasida yangi davrni boshlab berdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Ushbu hujjat davlat hamda xususiy sektorlarning birgalikda ishlashi, investorlarning Oʻzbekiston hududida, davlat sektorida faol faoliyat yuritishi uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Anjumanda taʼkidlanganidek, endilikda investorlar oʻzlariga qulay boʻlgan muhitda, oʻzlari istagan davlat tibbiyot muassasalariga investitsiya kirish imkoniyatiga ega. Xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Bitimning amal qilish muddati davlat va xususiy sherik tomonidan belgilanib, bunda u uch yildan kam boʻlmasligi va 49 yildan oshmasligi lozim boʻladi.

Bundan tashqari, xorijdan tibbiy asbob-uskunani har qanday yuridik shaxs olib kelgan taqdirda ularga nisbatan bojxona imtiyozlari qoʻllaniladigan boʻldi. Mazkur qarori bilan xorijiy tibbiyot uskunalarini olib kirayotgan tadbirkor va investorlar uchun umumiy qiymati 200 million AQSH dollari teng boʻlgan imtiyozli kreditlar liniyasi ochiladi. Ushbu qaror bilan belgilangan mexanizmlarda davlat tibbiyot muassasalarida xususiy tibbiyot muassasalari uchun teng imkoniyatlar berilib, investorlarning davlat tibbiyot muassasalariga kirib, hamkorlikda faoliyat tashkil qilish imkoniyat yaratib beradi.

Anjumanda tibbiyotning xalqqa yanada yaqinlashuvi, mahalliy tibbiyot muassasalarining infrastrukturasini yaxshilash, tibbiy jihozlar va texnologiyalarni xalqaro talablarga mos ravishda yuksaltirish, kadrlar malakasini oshirish, bir vaqtning oʻzida bemorlarda davlat hamda xususiy tibbiyot muassasalarini tanlash imkoniyatining yaratilishi kabi koʻplab ijobiy oʻzgarishlar eʼtirof etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?