Endi jismoniy shaxslar ham qimmatbaho metallarni qazib olish bilan shugʻullana oladi

14:55 27 Noyabr 2018 Hujjatlar
427 0

Arxiv surati

Bu turdagi faoliyat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018 yilning 26 noyabr kuni imzolagan “Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror bilan tartibga solinadi.

Hujjatga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining 2019 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini joriy qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik beriladigan boʻldi.

Qarorga binoan 2019 yil 1 martdan boshlab:

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati yer qaʼridan foydalanishning alohida turi hisoblanadi va u yer qaʼri uchastkalarida amalga oshiriladi;

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalari, shu jumladan, oʻlchamlari 1 gektardan ortiq boʻlmagan sochma oltin konlari taqdim etiladi;

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya beriladi, bunda qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlarni qazib olish huquqiga alohida litsenziya olish talab qilinmaydi;

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalarga jismoniy va yuridik shaxslar talabgor boʻlishlari mumkin;

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqiga litsenziya Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion yakunlari boʻyicha 3 yil muddatga beriladi;

elektron auksionni oʻtkazish va mazkur qarorga muvofiq litsenziyani berishning umumiy muddati “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan barcha jarayonlarni oʻz ichiga olgan holda, istisno tariqasida, 10 kundan oshmaydi;

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qoʻyishning boshlangʻich narxi 7,5 million soʻmni tashkil qiladi;

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qaʼri uchastkalari roʻyxati har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

litsenziyani yoki yer qaʼri uchastkasidan (toʻliq yoki qisman) foydalanish huquqini uchinchi shaxslarga berish (topshirish), shuningdek, bitta yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqiga litsenziyani bir necha shaxsga berishga yoʻl qoʻyilmaydi;

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning reyestrini yuritish va ularga ajratilgan yer qaʼri uchastkalarining davlat nazorati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi;

oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallarni realizatsiya qilish “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” DKga, shuningdek, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarga va yakka tadbirkorlarga kelishilgan narxlarda amalga oshiriladi;

qimmatbaho metallarni yashirish, shu jumladan, uni 6 oy ichida realizatsiya qilmaslik, shuningdek, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish chogʻida ishlarni bexatar olib borish talablarining buzilishi oqibatida insonlarning ogʻir tan jarohati olishi yoki oʻlimiga olib kelishi litsenziyani bekor qilish va mazkur faoliyat bilan shugʻullanishni bir yil davomida cheklash uchun asos boʻladi;

qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer qaʼri uchastkasidan foydalanish huquqi tugatilgandan soʻng, yer qaʼridan foydalanuvchilar zimmasiga yer qaʼri uchastkalarini rekultivatsiya qilish va ularni keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?