Endi Toshkent viloyatidagi qurilish ishlarida oʻgʻrilik boʻlmaydi!

14:19 19 Iyun 2020 Jamiyat
276 0

Avval xabar berganimizdek, oʻtgan hafta soʻnggida Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimligi binosida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning dolzarb masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtgandi. Unda viloyat hokimi bir qator tumanlarda qurilish ishlari oʻz holiga tashlab qoʻyilganligini afsuslanib gapirgandi. Kuni kecha esa, yana-da oshkora tanqid kayfiyatidagi ikkinchi bir tadbir boʻlib oʻtdi. Unga hududdagi qurilish tashkilotlari rahbarlari taklif qilindi, deya xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi axborot xizmati.

Viloyat hokimi yigʻilish ishtirokchilariga yuzlanarkan, jumladan, bunday dedi: “Qiziq fakt. Turli dasturlar va rasmiy topshiriqlar boʻyicha qurilishi kerak boʻlgan bitta obyektga, viloyatda oʻrtacha 24 ta qurilish tashkiloti toʻgʻri kelyapti. Buning sababi nima? Yashirib nima qildik, shunday davrlar boʻldiki, qurilish sohasida korrupsiya avj oldi, ajratilgan mablagʻning enidan-boʻyidan urib qolish evaziga sifatsiz qurilgan binolarni koʻrdik va koʻryapmiz”.

Koʻpchilik holatlarda qurilish ishlariga tasodifiy kishilar aralashib qolayotgani aytib oʻtildi. Viloyat rahbari bu boradagi tanqidiy fikrlarini davom ettirar ekan: “Sobiq hokim, prokuror, soliq idorasining rahbarlaridan biri boʻlib ishlagan odam keyinchalik qurilish tashkiloti ochgan. Nega?! Axir u quruvchi emas-ku? Chunki, qurilishda «otkat» bor, pul bor. Men oʻzim shundaylarning biri bilan suhbatlashganimda:

—Nima qura olasan? —desam, bilasizmi nima degan?

—Nima qur desangiz, quraman! — deb javob bergan.

Yoʻq! Bu – endi quruvchining gapi emas. Bu — obyekt olib, uni yollanma ishchilarga topshirib, oʻrtada pul ishlaydigan oʻrtakashning gapi! — deya, qatʼiy taʼkidladi.

Rustam Xolmatov bu boradagi misollarga murojaat etar ekan, Parkent tumanidagi qurilish ishlari tugallanganligiga qaramasdan, haligacha ayrim kamchiliklar borligi sababli foydalanishga topshirilmayotgan MTM binosi xususida toʻxtaldi. Tegishli mutasaddilardan bahordagi kuchli shamol natijasida binoning tomi uchib ketganini qanday baholash mumkinligi soʻraldi.

Angrendagi 2018-yili foydalanishga topshirilishi belgilangan MTM binosiga sifatsiz qurilish materiallari ishlatilgani sababli bu muassasaning taqdiri bugungacha nomaʼlum qolayotgani aytib oʻtildi.

Viloyat hokimi bu boradagi ishlarni atroflicha tahlil qilarkan:

—Qurilishda ikkita asosiy meʼyor bor. Bu — sifat va muddat! — deya qatʼiy taʼkidladi. — Biroq ayrim qurilish tashkilotlari tegishli binolarni rejadagi muddatdan ancha kechiktirib foydalanishga topshiradilar. Bu doimiy anʼanaga aylangan kasallik. Endi esa, bunday boʻlmaydi! Qaysi tashkilot qurilishni vaqtida bajara olmasa, oyma-oy, kunma-kun hisoblangan parametrlardan asossiz ravishda ortda qolsa, holat atroflicha oʻrganib chiqiladi va shartnoma, kerak boʻlsa, bir tomonlama bekor qilinadi.
 

Bu gaplarni birovni choʻchitish uchun emas, viloyatda quruvchidek sharafli kasb egasining toptalgan obroʻsini joyiga qoʻyish uchun aytyapman! Biz sizlarga ishonganmiz! Tender yakunlariga koʻra, aynan sizlar 2020-yilgi dasturlar boʻyicha rejalashtirilgan qurilish-taʼmirlash ishlarini olib borishingiz aniqlangan. Endi, marhamat qilib, halol-pok ishlanglar! Faqat Tender paytida berilgan vaʼdalar, qogʻozda qayd etilgan texnika va ishchi kuchi amalda mavjudligini isbotlang. Yolgʻon maʼlumot berib, oʻrtada turib, qurilishga uchinchi tomonni jalb qilib, byudjet mablagʻi talon-toroj qilinadigan boʻlsa, hech kim shafqat kutmasin!

Yigʻilishda, viloyatda keyingi yillarda 20 dan ortiq qurilish tashkilotlariga nisbatan jinoiy ish ochilganligi ham oshkora aytib oʻtildi.

Rustam Xolmatovning tashabbusi bilan har bir bino qurilishi oldidan, mahalliy Kengash deputati, moliya boshqarmasi, davlat moliyaviy nazorat organining viloyat boshqarmasi vakillaridan iborat jamoatchilik nazorati oʻrnatilishi lozim topildi.

—U yoki bu quruvchiga sodir etgan qilmishi uchun jinoiy ish ochilishi, koʻza singandan keyingi holat. Jamiyat va davlat uchun bu katta ziyon! Nega u ishni olib borayotgan, qurilish ishlari jadal ketayotgan paytda, davlat byudjeti mablagʻlarini oʻzlashtirilishiga masʼullar jim qarab turishdi? Aytaylik, istalgan tuman moliya boʻlimi rahbaridan hududidagi qurilish obyektlari haqida soʻrasangiz, tegishli javob ololmaysiz. Holbuki, u emasmi, byudjetning nazoratchisi?-deya, kuyinib gapirdi Rustam Xolmatov.

Endi, haftaning har shanba kuni soha xodimlari bilan joriy yilda qurilishi moʻljallangan obyektlardagi ishlar ijrosi tahlil etiladigan boʻldi.

Shodiyor MUTAHAROV,
“Xalq soʻzi”

Nozim ABDULLO olgan suratlar

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?