Endi Toshkent aeroporti hududida “kirakash”larga non yo‘q (foto)

11:53 26 Mart 2018 Jamiyat
3496 3

Toshkentga kelgan mehmonlarni aeroport tashqarisida kutib turuvchi xususiy taksichilar mijozlarni me’yoridagidan bir necha barobar yuqori narxlarda manzilga eltishga odatlangani, ba’zida ish firibgarlik darajasigacha yetib borgani haqida ko‘plab e’tirozlar bo‘layotgani xabarlar tarqagan edi. Bunday holatni ko‘rsatuvchi videolavhalar internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalib, ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘lgandi.

Bundan tashqari, noqonuniy kirakashlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarning o‘zini tutishi, kiyimi, muomalasi, madaniyati, uning boshqaruvida bo‘lgan avtoulovning texnik va gigiyenik holatini xam talab darajasida deb bo‘lmaydi. 

Uzoq yo‘ldan charchab kelayotgan odam xali aeroport hududidan chiqmasidan “taksi kerakmi, falon so‘mga olib borib qo‘yaman” deya, uning qo‘lidagi yukiga yopishib, har tomonga tortqilash, xatto mijoz talashib bir-birlari bilan yoqa bug‘ishlar esa yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar va sayyohlarda yoqimsiz taassurotlar qoldirishi tayin.

Bunday noxush holatlarga barxam berish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda qator tadbirlar amalga oshiriladigan bo‘ldi. Jumladan, aeroport binosiga avtomashinalari belgilangan talablar asosida jihozlangan, xaydovchilari xushmuomala, toza va ozoda kiyimda bo‘lgan taksi xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari uchun maxsus joylar ajratildi. Taksi korxonasi nomi, xizmatlar narxi haqidagi o‘zbek, rus va ingliz tillarida ma’lumotlar joylashtiriladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilindi.

Endilikda poytaxtimizga uchib kelgan mexmonlar, aeroport xududidan chiqmasdan turib o‘zlariga ma’qul bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining sifatli xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish xolatlariga barham berish maqsadida, Toshkent xalqaro aeroporti bilan hamkorlikda aeroport hududidagi avtomobillar to‘xtash joylariga noqununiy faoliyat uchun belgilangan jazo choralari haqida eslatma tarzidagi axborot stendlari joylashtirildi. 

Aeroport hududiga kirish nazorat punktiga, hududga kirib-chiqayotgan avtomobillarning davlat raqamlarini hamda avtoulov xaydovchisining yuzini qayd etuvchi, yo‘lovchilarni kutish va kuzatish joylariga noqonuniy yo‘lovchi tashish xizmatlarini taklif qilayotgan shaxslarning xatti-harakatlarini yozib olishga mo‘ljallangan videokameralar o‘rnatildi. 

Mazkur videokameralar yordamida olingan tasvirlar asosida huquqbuzarlarning avtoulovlari davlat raqamlari ro‘yxati shakllantiriladi hamda Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlar bazasi yordamida huquqbuzarlarning shaxsi va yashash manzili aniqlanadi. 

Davlat soliq xizmati organlari tomonidan huquqbuzarlar bilan profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va ruxsat etuvchi zarur hujjatlarni rasmiylashtirgan taqdirda ma’muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi batafsil tushuntirilib, rasmiy ogohlantirish xati beriladi.

Agar shundan keyin ham huquqbuzarlik holatlari qayd etilsa, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 176-3-moddasiga asosan, eng kam ish haqining 20 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Mamlakatimizda bugungi kundagi eng kam oylik ish xaqi 172 240 so‘m ekanligini hisobga olsak, jarima miqdori 3 444 800 so‘mdan 17 224 000 so‘mni tashkil etishi ma’lum bo‘ladi. 

Shuningdek monitoring natijalariga ko‘ra aniqlangan huquqbuzarlar haqidagi ma’lumotlar matbuot nashrlarida e’lon qilib boriladi. 
Albatta bunday choralar ko‘rilishi, kimnidir jazolash uchun qilanayotgani yo‘q. Ko‘zlangan asosiy maqsad, kelayotgan xorijiy mehmonlar va sayohlar, qolaversa mamlakatimiz aholisi xavfsizligini ta’minlash, ularga zamon talablariga mos, sifatli transport xizmatlarini ko‘rsatish orqali yurtimiz obro‘sini yanada ko‘tarish xisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?