Endi “Tez yordam”ni maxsus mobil ilova orqali ham chaqirish mumkin

17:41 10 Yanvar 2020 Jamiyat
360 0

Avval xabar berganimizdek, bugun Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga 150 ta zamonaviy “Ford” rusumidagi reanimobillar topshirildi. Endilikda poytaxtimiz aholisiga koʻrsatilayotgan tez tibbiy yordam xizmati sifati va samaradorligi tubdan takomillashadi.

 

hu oʻrinda aytish kerakki, bugungi kunda poytaxt aholisiga 179 ta tez yordam brigadalari tibbiy xizmat koʻrsatmoqda. Tizimda qariyb 900 nafar malakali shifokor, 1244 nafar feldsher va oʻrta tibbiyot xodimlari faoliyat yurityapti. Ayni paytgacha poytaxtimiz aholisiga tez tibbiy yordam koʻrsatishda “Nissan”, “Hunday”, “Toyota” rusumli maxsus avtotransportlardan ham foydalanilayotgan edi. Endilikda ular qatoriga yangi “Ford” reanimobillari qoʻshilgani tibbiy xizmat sifatini yanada yuqori, yangi bosqichga koʻtarishda muhim qadam boʻladi.

 

Aytish kerakki, jahon tibbiyotining eng soʻnggi tibbiy texnologiyalari bilan jihozlangan “Ford” reanimobillari chaqiriqni qabul qilishdan tortib, manzilga yetib borish, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, zarur holatlarda bemorni shifoxonaga yetkazishda qator qulayliklarga ega. Bu mashinalarning saloni keng va shinam, unda zamonaviy EKG, IVL, defibrilyator, soʻrgʻich, kislorod sistemasi va boshqa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, dori qutisida tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan barcha turdagi dori-darmonlar bor.

Yana bir qulayligi, “Ford”larda eng soʻnggi rusumdagi aloqa vositalari ham oʻrnatilgan. Bu imkoniyat markazdagi dispetcherlik punktida turib mashinaning joylashuv nuqtasini, yoʻllardagi harakatini va mashina salonida tibbiy yordam koʻrsatish jarayonini bevosita kuzatishga zamin yaratadi. Endilikda chaqiriqqa otlangan “tez yordam”ning yoʻllarda tirbandlikka duch kelishi, unga yoʻl berilmasligi holatlari ham mashinaga oʻrnatilgan aloqa vositalari xotirasiga muhrlanadi.

Ushbu avtomatlashtirilgan tez tibbiy yordam xizmati boshqaruv tizimi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamkorligida joriy etildi. Ahamiyatli jihati, ushbu innovatsion tizim tez tibbiy yordam sifatini yanada oshirish, uni avtomatlashtirish hamda takomillashtirishga xizmat qiladi. Jumladan, mazkur tizimning joriy etilishi orqali murojaatlarni qabul qilish va roʻyxatga olish, tegishli tez tibbiy yordam stansiyalari brigadalariga yoʻnaltirish hamda chaqiriq manziliga yetib borish vaqtini keskin kamaytiradi.

Ushbu yangi tizim chaqiriqlarni nafaqat statsionar va mobil telefon vositasi orqali, balki maxsus mobil ilova orqali ham chaqirish imkonini yaratadi. Hatto nogironligi boʻlgan shaxslar ham ushbu ilova orqali mustaqil ravishda chaqiriq berish imkoniga ega boʻladi. Dispetcher sanoqli soniyalar ichida chaqiriqni kompyuterda toʻliq qayd qiladi va kompyuter tizimi avtomatik ravishda ushbu chaqiriqni chaqiriq joyiga eng yaqin boʻlgan boʻsh brigadaga uzatadi. Tizimga integratsiya qilingan GPS-geolokatsiya funksiyasi har bir brigadaning qayerda joylashganligini va statusini koʻrsatib turadi.

Bu tizim avtomatik ravishda dori vositalari, tibbiy buyumlar va yonilgʻi sarfini ham qayd qilib boradi. Belgilangan vaqt ichida bajarilgan chaqiriqlar, ularning turlari, bemorlar haqidagi koʻplab statistik maʼlumotlarni avtomatik ravishda jamlab boradi. Ushbu yigʻilgan axborotlar keyinchalik tahliliy maʼlumot sifatida shoshilinch holatlarda tez va toʻgʻri qaror qabul qilish jarayonida foydalaniladi.

Mazkur tizim imkoniyatlari Rossiya, AQSH, Yevropa davlatlari va Xitoy kabi qator mamlakatlarekspertlari tomonidan sinovdan oʻtkazilib, zamonaviy talablarga toʻliq javob berishi tasdiqlangan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?