Endi “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilari ham xalqaro fan olimpiadasida qatnashadi

10:05 25 Yanvar 2019 Jamiyat
853 0

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilari ilk bor MDH davlatlari harbiy akademik litseylari jamoalari oʻrtasida joriy yilning 19-23 mart kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida oʻtkaziladigan fizika va matematika oʻquv fanlari boʻyicha xalqaro olimpiadada ishtirok etadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur nufuzli musobaqada ishtirok etishi uchun Fargʻona, Samarqand hamda Xorazmdagi “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilari oʻrtasida aniq fanlar yoʻnalishi boʻyicha ikki bosqichdagi tayyorgarliklar oʻtkazildi.

Tanlovni dastlabki bosqich sinovlari joriy yilning 19 yanvar kuniga qadar harbiy akademik litseylarda, ikkinchi bosqich esa 22-23 yanvar kunlari Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti bazasida boʻlib oʻtdi.

Bellashuvning ikkinchi bosqichida harbiy akademik litsey oʻquvchilarining bilimi Mudofaa vazirligi Harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi hamda oliy harbiy taʼlim muassasalarining tabiiy fanlar kafedrasi oʻqituvchilari tomonidan tayyorlangan savollarga oʻzbek va rus tillarida aniq va tezkor javoblar topish orqali sinovdan oʻtkazildi. Gʻoliblar fan olimpiadasining xalqaro bosqichiga yoʻllanmalarni qoʻlga kiritdi.

Tanlov gʻoliblariga Mudofaa vazirligi tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Maʼlumot oʻrnida, mazkur bellashuvlar “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilarining ilmiy-ijodiy fazilatlari, yuqori intellektual salohiyati va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini shakllantirish va rivojlantirish, oʻquvchilar oʻrtasida bellashuv muhitini yaratish hamda xalqaro olimpiadaga ishtirokchilarni sifatli tayyorlash maqsadida oʻtkazilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?